Tozalanmagan yo‘llar. Singan daraxtlar. Uzun tirbandliklar – Toshkent anomal sovuqni qanday qarshi olmoqda?
9 yanvardan O‘zbekiston hududiga anomal sovuq ob-havo kirib keldi. O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida, jumladan, poytaxtda qor yog‘di, kuchli shamol kuzatildi. 10 yanvar erta tongdan toshkentliklar tozalanmagan ko‘chalar, yog‘ingarchilik natijasida qulab tushgan daraxtlar, yo‘llardagi uzundan uzoq tirbandliklar bilan to‘qnashishdi.
Anomal sovuqqa qanday tayyorgarlik ko‘rildi?
Toshkent shahar hokimi sovuq ob-havo tufayli 9-18 yanvar kunlarida markaziy va ichki yo‘llarni tezkorlik bilan qor va muzlamalardan tozalash tashkil qilinishi, shahar jamoat transportining tizimli ishlashi choralari ko‘rilishi, oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi korxonalarning uzluksiz ishlashi ta’minlanishini va’da qilgandi. Bundan tashqari, shu kunlari shahar va tuman hokimliklarida, boshqarmalarda har qanday majlislar taqiqlandi.
Shu bilan birga, Jahongir Ortiqxo‘jayev boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan ko‘p qavatli uylar yo‘laklarini qor va muzlamalardan o‘z vaqtida tozalash ta’minlanishi, elektr tizimidagi avariyalar tezkor bartaraf etilishi, tug‘uruqxonalar, shifoxonalar, muruvvat va mehribonlik uylaridagi elektr generatorlari to‘xtovsiz ishlashi uchun yetarli yoqilg‘i bilan ta’minlanishi, navbatchilik, shtablar va call-markazlar faoliyatidagi aloqa telefonlarining uzluksiz ishlashi nazoratga olinishi, ko‘chada xizmat qilayotgan yo‘l harakati xavfsizligi xizmati va obodonlashtirish xodimlari issiq choy va yegulik, ixcham termos idishlari bilan ta’minlanishini ta’kidlagandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p qavatli uylarning yo‘laklari oldiga qumli, tuzli qorishmalar qopga solib qo‘yib ketilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ulardan yo‘laklarda yaxmalak hosil bo‘lganda muzlarni eritish, sirpanchiqliklarning oldini olish maqsadida foydalanish ko‘zda tutilgan.
Aytishlaricha, 7 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan majlisda Bosh vazir Abdulla Aripov pod’yezdlarda qordan keyin muz paydo bo‘lsa, uni eritish uchun tezkor chora ko‘rish maqsadida shunday topshiriq bergan.
Esingizda bo‘lsa, prezident Shavkat Mirziyoyev Uchtepa tumanidagi o‘zgarishlar bilan tanishish chog‘ida ko‘p qavatli uylar atrofini obodonlashtirish, kirish yo‘laklarida yaxmalak hosil bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida mas’ullarga topshiriq bergandi.
Toshkent shahar hokimli matbuot xizmati anomal sovuq ob-havo sharoitida poytaxtdagi shifoxonalarning elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lmasligi uchun ularga SSV tomonidan xarid qilingan dizel generatorlari hokimlik mas’ullari hamkorligida o‘rnatilayotgani, shuningdek, obodonlashtirish bosh boshqarmasi xodimlari ham qo‘shimcha vositalar bilan ta’minlanayotgani haqida xabar bergandi.
Gazeta.uz nashrining xabar berishicha, Toshkentda qor tozalash ishlariga 200 dan ortiq texnika, jumladan, qor tozalash mashinalari (60 dona), silindrsimon cho‘tka va roliklar bilan jihozlangan samosvallar (80 dona), ko‘chalarni qum-tuz aralashmasi bilan tozalash va sepish uchun maxsus avtomashinalar (53), aralashma yuklagichlar (10 dan ortiq) jalb qilingan.
Obodonlashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Rustam Yusupovga ko‘ra, ayozli kunlarda tuman obodonlashtirish bo‘limlarining 4000 dan 6000 nafargacha xodimlari yo‘laklarni tozalamoqda. Muzlagan yuzalarda sirpanib ketmaslik va uni eritish uchun qum va tuz aralashmasi ishlatilmoqda.
Shaharda kuchli yog‘ingarchilik bo‘lsa, kuniga taxminan 2500 tonna, qorli kunlarda — 1000−1500 tonna aralashma ishlatiladi. Omborxonalarda 13 ming tonna aralashma bo‘lib, ular tuman obodonlashtirish bo‘limlari o‘rtasida taqsimlangan.
Choralar ish beryaptimi?
Poytaxt aholisining so‘zlariga ko‘ra, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar kutilgan natijani berishiga kuchli yog‘ingarchilik yo‘l qo‘ymayapti. Toshkentliklar anomal sovuq sharoitida ko‘chalarni tozalash uchun ajratilgan texnika odatdagi qish kunidagidan farqli bo‘lmayotganini taxmin qilib, buning oqibatida yo‘llar qordan tozalanmay qolayotganini aytishmoqda.
Kun.uz kuzatuvchisi Chilonzor tumanidagi markaziy yo‘llarga qum va tuz aralashmasi sepilgani, biroq bu chora-tadbirlar yetarli bo‘lmayotganini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tinimsiz yog‘ayotgan qor natijasida yo‘llarda avtomobillar harakati sekinlashgan, bu esa tirbandliklarga sabab bo‘lmoqda.
Avvalroq poytaxt hokimligi haydovchilarga imkon qadar shaxsiy transport vositasidan foydalanmaslikni tavsiya etgandi.
9 yanvar kuni Toshkentda kun bo‘yi yog‘gan yomg‘ir qorga aylangan, buning natijasida daraxtlar qordan og‘irlashgan shoxlarini ko‘tara olmay qulay boshlagan. Internetda daraxtlar qulashidan avtomobillar zarar ko‘rgani aks etgan videolar tarqalmoqda. Mutasaddilar haydovchilarni transport vositalarini daraxtlar va mo‘rt konstruksiyalar ostiga qo‘ymaslik haqida ogohlantirishmoqda.
Mavzuga oid
17:02
Toshkentda 4 mln dona pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi
15:28
Svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan Malibu piyodani urib yuborishiga oz qoldi
21:43 / 21.11.2024
Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
19:18 / 21.11.2024