O‘zbekiston | 11:47 / 19.01.2023
8499
3 daqiqa o‘qiladi

“Kompensatsiya bolalar “Dok-1 Maks”dan zaharlangani isbotlansa, to‘lanadi” – SSV

“Dok-1 Maks” dori vositalaridan zaharlangani aytilayotgan bolalarning oilalariga kompensatsiya to‘lanishi mumkin. Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova hozir har bir bola bo‘yicha tekshiruvlar olib borilayotganini ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

2022 yilning dekabr oyi oxirida O‘zbekistonda Hindistonda ishlab chiqarilgan siroplardan 20 nafar bola zaharlangani aytilgandi. Xalqaro press klubning sog‘liqni saqlash sohasiga bag‘ishlangan sonida hind siroplaridan vafot etgan deb taxmin qilinayotgan bolalarga kompensatsiya to‘lash masalasi ko‘tarildi. Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonovaning ma’lumot berishicha, zaharlangani aytilayotgan bolalarning qaysi dori ichgani ota-onasining suhbatidan aniqlangan. Agar bu hujjat bilan tasdiqlansa, ushbu holat bo‘yicha yuridik jarayonlar boshlanishi, kompensatsiya to‘lanishi mumkin bo‘ladi.

Chunki u bolalarning hech qaysisi oddiy shifoxonada aniqlanmadi. Hammasi nefrologiya, sun’iy buyrak markazlarida aniqlandi. Yotgan bolalarning 50 foizi og‘ir asoratli va o‘limga olib keladigan patologiya bilan yotishadi. Shuning uchun bu to‘satdan yo‘q joydan bo‘lib chiqqan emas. Kasallangani to‘g‘risida ota-onasining so‘zi va dunyo hamjamiyatida chiqqan o‘sha seriyadagi dorilarni tekshirib bildik va dorilarda bor ekani aniqlandi. Bolalarda isbotlansa, keyin kompensatsiya to‘lanadi. Hozir har bir bola to‘g‘risida tekshiruvlar olib borilyapti”, – degan vazir o‘rinbosari.

O‘zbekistonda “Quramax Medixal” kompaniyasining dorilari bolalar o‘limiga sabab bo‘layotgani taxmin qilingandan keyin, SSV kompaniyaning barcha dorilarini sotishni taqiqlagandi. Tekshiruvlar natijasida, dorilar tarkibida mumkin bo‘lmagan miqdordagi etilenglikol va/yoki dietilenglikol moddalari borligi aniqlangan. Hindiston rasmiylari esa siroplarni ishlab chiqaruvchi “Marion Biotech”ning litsenziyasini to‘xtatgandi. Davlat xavfsizlik xizmati “Dori vositalarini standartlash ilmiy markazi”ning ikki mansabdorini va “Quramax Medixal”ning ham 2 nafar mansabdorini hibsga olgandi. Ular “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dorilarini sertifikatlash maqsadida tekshiruvdan o‘tkazishda amaldagi tartiblarni qo‘pol ravishda buzganlikda gumonlanyapti.

Зуҳра Абдуҳалимова
Tayyorlagan Зуҳра Абдуҳалимова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid