Viloyat hokimi bo‘yrug‘i bilan zaldan olib chiqib ketilayotgan Umida Tursunova / Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan skrinshot

Bir o‘ylab ko‘ring: Surxondaryo viloyati hokimi raisligida, maktab direktorlari ishtirokida o‘tkazilgan o‘sha yig‘ilish videosi tarqamaganda nima bo‘lardi?

Hech qanday noqonuniy ish qilmaganini ro‘kach qilib, agar yomon ko‘rsalaring «miltiq bilan otib tashlanglar» deya viloyat va tuman rahbarlariga e’tiroz bildirgan Sariosiyo tumanidagi 28-maktab direktori Umida Tursunova qamoqqa tashlanganidan bexabar qolar edik. Bu – aniq!

Ehtimol, direktorni jazolash bu qamoq jazosi bilangina kifoyalanilmas, u yanada qat’iyroq jazolarga, balkim turli bosimlar va hatto qiynoqlarga ham giriftor bo‘lardi.

Umida Tursunovaning o‘zi keyinchalik bu borada yuzlab videomurojaatlar qilib chiqqanida ham unga hech kim e’tibor bermasdi, chunki internetda bu direktorni negativ xarakterlovchi ma’lumotlar tiqilib yotibdi.

Qoyil qolish kerak: Surxondaryo viloyat hokimligi axborot xizmati tomonidan tasvirga olingan (majlisga kirishdan oldin direktorlarning telefonlari olib qo‘yilgan – nega?!), sudga taqdim etilgan va sudda direktorni qamash uchun ashyoviy dalil bo‘lishi kerak bo‘lgan video alaloqibatda direktor ayolning joniga ora kirmoqda.

O‘zi viloyat hokimi maktab direktorlari bilan majlis qilib o‘tirishi qanchalik to‘g‘ri? — degan savol tug‘ilmoqda ko‘pchilikda.

Sariosiyodagi bu yig‘ilish viloyatdagi umumta’lim maktablarining 2023/24 o‘quv yiliga tayyorgarlik mavzusida o‘tgan, ya’ni maktablarning ta’miri masalasida.

Maktablarni ta’mirlash uchun mahalliy hokimliklar mas’ul. Yig‘ilish Surxondaryo viloyat hokimligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil qilingan. Demak, shu mavzudagi yig‘ilishda hokimlarning ishtirok etishi o‘rinli edi, degan fikrga ko‘namiz, mayli.

12-maktabda o‘tkazilgan yig‘ilishdan lavha / Foto: Surxondaryo viloyat hokimligi axborot xizmati