Shubhali tarzda xususiylashtirilgan bank xususiylashtirish shartlaridan birini bajarmadi. O‘zbekiston ilk marta milliy valutada “yashil” yevrobond chiqardi. Rossiyadan gaz importiga rasman start berildi. Uyida haddan ortiq ko‘p elektr toki ishlatganlar yuqoriroq tarifda to‘lay boshlaydi. Yakunlanayotgan haftaning iqtisodiy yangiliklari – “Iqtisodiy taymlayn”da.

O‘zbekiston Rossiyadan gaz importini boshlayapti

7 oktyabr kuni O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya prezidentlari shu munosabat bilan Moskvada tashkil etilgan tadbirda yangi yo‘nalishdagi gaz oqimiga tantanali ravishda start berdi.

Gaz uzatish O‘rta Osiyo – Markaz magistral quvurlari tarmog‘i orqali teskari tartibda yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu tarmoq orqali keladigan Rossiya gazining bir qismi Qozog‘istonning Shimoliy hududlariga, asosiy qismi esa O‘zbekistonga yo‘naltiriladi.

“UzGasTrade” va “Gazprom eksport” o‘rtasidagi tijoriy shartnoma 2 yil muddatga tuzilgan bo‘lib, uning doirasida kuniga 9 mln kubmetr, yiliga qariyb 2 milliard 800 million kubmetr tabiiy gaz xarid qilinishi kelishilgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu miqdor oshirilishi mumkinligini aytdi.

Ko‘p tok ishlatadigan ko‘p to‘laydi

1 noyabrdan boshlab, xonadonlarning oylik energiya iste’moli 1000 kilovatt soatdan oshgan taqdirda, bu miqdordan ortiq hajmdagi energiya uchun 2 barobardan 4 barobargacha oshirilgan tariflarda hisob-kitob qilinadi. Bu tartib respublikadagi 7,6 million xonadonning qariyb 150 mingtasiga – aksar holatlarda o‘ziga to‘q yoki badavlat aholi qatlamiga ta’sir qiladi, shu orqali mazkur toifaning davlat budjetidan arzon energiya uchun istagancha miqdorda subsidiya olish imkoniyati yo‘qoladi.