O‘zbekiston | 16:43 / 07.03.2024
18822
3 daqiqa o‘qiladi

“Gazprom” O‘zbekistonga 1000 kub metr gazni taxminan 160 dollardan yetkazib bergan” - “Kommersant”

Rossiya OAVga ko‘ra, o‘tgan yili rus gazining Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga importi 1,22 mlrd kub metrni tashkil etgan. O‘zbekiston tomoni har 1000 kub metr gazni taxminan 160 AQSh dollaridan sotib olgani aytilmoqda.

Foto: Kommersant’

Ukraina bilan urush boshlanganidan keyin Yevropaga gaz yetkazib berishning to‘xtashi fonida Markaziy Osiyo davlatlari “Gazprom” uchun yagona yangi yo‘nalish bo‘lib qolmoqda, deya yozdi “Kommersant”.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, “Gazprom” kompaniyasi 2023 yilda O‘zbekistonga 1000 kub metr gazni taxminan 160 AQSh dollaridan yetkazib bergan. Bu Turkiya yoki Xitoyga eksport narxidan ancha past.

Qayd etilishicha, 2023 yilda “Gazprom” Qozog‘istonga qariyb 7,25 mlrd kub metr, O‘zbekistonga qariyb 1,22 mlrd kub metr va Qirg‘izistonga 0,39 mlrd kub metr gaz yetkazib bergan.

“O‘zbekistonga yetkazib berish narxi Turkiya (1000 kub metr uchun taxminan 270–280 dollar) va Xitoyga (1000 kub metr uchun 260–270 dollar) eksport narxlaridan sezilarli darajada past. Shunga qaramay, joriy narx “Gazprom”ga har 1000 kub metrdan 20–22 dollar foyda olish imkonini beradi”, degan Rossiya Energetika va moliya instituti xodimi Sergey Kondratev.

O‘zbekiston rasmiylari Rossiyadan gaz importi bo‘yicha shartnomaning batafsil shartlarini tijoriy sir vaji bilan ochiqlamay keladi.

“Kommersant”ning yozishicha, O‘zbekistonda gaz qazib olishning qisqarishi sababli Rossiyadan import qilish keyingi yillarda ham davom etadi. Ayni paytda O‘zbekistonning Xitoyga yiliga 10 mlrd kub metr gaz eksport qilish bo‘yicha shartnomasi mavjud bo‘lib, bu to‘liq hajmda bajarilmayapti.

Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyevning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya gazining Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga tranzit hajmi 2026 yildan boshlab dastlab rejalashtirilganidan 4 barobarga ko‘paytirilib, 3 mlrd kub metrdan 11 milliard kub metrgacha oshirilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili O‘zbekiston ilk marta Rossiyadan gaz import qila boshladi. UzGasTrade va “Gazprom” o‘rtasida yiliga 2,8 mlrd kub metr yoki kuniga 9 mln kub metrgacha gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzilgan. Shundan keyin tomonlar o‘rtasida o‘rta va uzoq muddatli shartnomalar bo‘yicha muzokaralar boshlangan.

2024 yilgi davlat dasturiga ko‘ra, “shimoldan import qilinadigan” tabiiy gaz hajmi kuniga 9 mln kub metrdan 32 mln kub metrgacha oshiriladi. Respublika magistral gaz tizimini bunga tayyorlash uchun tashqi qarzlar hisobidan 500 mln dollar ajratish reja qilingan.

Mavzuga oid