Metanga navbatlardan shikoyat qilgan haydovchining qamalishi: ijtimoiy bosim ortidan u ozod qilindi. Ai-80 benzini 18 foizga qimmatlashdi: 2025 yilgi infyalsiya ham yoqilg‘i-energetika sohasidan boshlandi. Hokimlarning vakolatlari kengaymoqda: endi ular 6 ta vazirlikning tuman bo‘limlari boshliqlarini almashtirish huquqiga ega. Ortda qolayotgan haftaning muhim voqealari – Kun.uz dayjestida.

Boshingizni ko‘taring, mana shuncha odam hammasi siz tarafda”

Juma kungi sud majlisida G‘ayrat Do‘stovga qarata aytilgan bu gap yakunlanayotgan haftaning ijtimoiy kayfiyatini yaxshi tasvirlab beradi. Metan-shoxobchaga tuni bilan navbat kutib, navbati kelganida shoxobcha yopilganidan yozg‘irgan va alamli so‘zlari bilan energetika sohasi mas’ullarini insofga chaqirgan Damas haydovchisining qamab qo‘yilgani, katta rezonansni keltirib chiqardi.

Tarmoqlarda minglab o‘zbekistonliklar, jamoatchilik faollari, huquqshunoslar, inson huquqlari himoyachilari oddiy fuqaroga nisbatan adolatsizlik bo‘lganini qat’iyan qoraladi. Kimdir tashvishli mushohada bilan, kimdir esa g‘azab tagiga yashiringan umidsizlik bilan haydovchi nohaq qamalganidan noroziligini bildirib izoh yozdi. Habikatura muallifi chizgan surat asosidagi fleshmobga 66 mingdan ortiq odam qo‘shilib, Do‘stovni ozod etishga chaqirdi. Ijaraga olingan Damas'da tirikchilik qilishini aytgan haydovchini moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tkazilgan xayriya aksiyalarida 100 mln so‘m mablag‘ to‘plandi.

3 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan apellyatsiya sudida G‘ayrat Do‘stovni ko‘ngilli ravishda 10 nafar advokat himoya qildi. Ular huquqiy asoslar ko‘rsatgan holda, suddan Do‘stovni aybsiz deb topishni, birinchi instansiya sudining qarorini bekor qilishni so‘radi. Do‘stov ham o‘z nutqida sudyadan adolat so‘radi: “Suddan so‘raydigan narsam... Mening tushunchamda, O‘zbekistonda qonunlar juda yaxshi ishlab chiqilgan. Shuning hammasiga adolatli ish yuritilsa, har tomonlama... [yaxshi bo‘lardi]”.