Samarqand viloyati Paxtachi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Ulug‘bek Suvonov xodimlarini ovoz yig‘ishga majburlayapti. U topshiriqni bajarishni istamagan shifokorni “nasl-nasabsiz” deya haqoratlagan. Hozir ikkinchi o‘rinda borayotgan loyiha o‘rnini saqlab qolsa, tuman tibbiyot birlashmasi uchun 200 dona monoblok va 50 dona printer sotib olinadi. Shifoxonaga buncha texnika nega kerakligi tushunarsiz.
Samarqand viloyati Paxtachi tuman tibbiyot birlashmasi xodimlari “Tashabbusli budjet”da ovoz yig‘ishga majburlanyapti. Bu haqda Kun.uz'ga tashkilot xodimlari xabar berdi.
Birlashma boshlig‘i Ulug‘bek Suvonov ovoz to‘plashga majburlashni inkor etgan xodimini “nasl-nasabsiz” deya haqoratlagan va uni itga o‘xshatgan.
“Ovoz berish umuman to‘xtamasligi kerak. Rejali chiqasizlar. Bitta-ikkita chiqyapti... Mana bu Nurimovmi, familiyasini ham aniq bilmayman, tilimga olishni ham xohlamayman-da. Nurimovmi, Nurmonovmi, kim? Gemodializning vrachi, Jasur degani. “E, bu majburiy mehnat, buni qilish kerak emas” deb aytarmish. Mana shunaqangi, odam shaklidagi, oq xalatdagi xiyonatkor, sadoqati yo‘q, mafkurasi yo‘q, ma’naviyati yo‘q, hech narsaga arzimaydigan odamlar ishlab yuribdi. Nurimov Jasur deganiga o‘xshaganlar. U qayerda tug‘ilgan? Bu yerda tug‘ilmagan. Uning nasl-nasabi ham qayerdan kelib chiqqan, bilmayman. Unaqangi nasl-nasab, unaqangi ong qayerdan paydo bo‘ladi. Unda nasl ham, nasab ham bo‘lmasa kerak. Qanaqa oiladan, qanday ota-onadan dunyoga kelgan, to‘g‘rimi? Bilmayman. Xodimlariga bu majburiy mehnat, ovoz berishga majbur emasmiz-ku, dermish. Sening o‘zing kimsan-u, ovozing nima. Sensiz ham qilamiz. It, hurib qolaver. Bizning karvon yuradi. Qanaqa ota-ona dunyoga keltirgan uni, alkogolik”, – degan tibbiyot birlashmasi rahbari.
Suvonov jarayonni shaxsan o‘zi to‘liq nazorat qilishini ta’kidlab, unga ovoz yig‘ishda qatnashmaydigan “yiringlar” kerak emasligini aytgan.
“Qani qilmay ko‘ring-chi? Qilolmaydiganingiz ayting. Chiqarib tashlayman. Menga unaqangi yiringlar kerak emas. Shularsiz qilaman. Bunaqangi yiring bilan jamoamni bulg‘ab nima qilaman. Lekin ayting. Men nasl-nasabsizman, o‘zim bittaman, hech kimga so‘zim o‘tmaydi, qarindoshim ham, oilam ham yo‘q, deng. Chiqarib tashlayman.
Topshiriq shunday: hammangiz hisobotingizni qilasiz, haqqoniy qilib tashlab berasiz. Ovoz yig‘ishni davom ettirasiz. Ertadan boshlab o‘zim monitoring qilaman. Qo‘ymayman. Men sizlarni ogohlantirdim, bittalab ko‘rib o‘tiraman. Ishim shu bo‘ladi mening”,










