Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 15 may kuni Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun yakka tartibdagi litsenziya berish bo‘yicha tanlov natijalariga ko‘ra yana 2 ta tur firmaga litsenziya berdi.
Xususan, tanlov komissiyasi Toshkent shahrida joylashgan «Centrum holidays» MChJ hamda Buxoroda joylashgan «Buxoro umra jamiyati» MChJlarini tanlov g‘olibi deb topgan.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita joriy yil 7 mart kuni ikkinchi marotaba Umra litsenziyasini olish uchun tadbirkorlik sub’yektlaridan yangi arizalar qabuli boshlanganini e’lon qilgan edi.
Kun.uz manbalariga ko‘ra, litsenziyalovchi vakolatli organga 10 dan ortiq ariza kelib tushgan, lekin qo‘mita ularning faqat 2 tasiga litsenziya bergan. Ushbu ma’lumotni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan bog‘lanib, aniqlashtirishning imkoni bo‘lmadi. Davlat tashkilotining rasmiy saytida ko‘rsatilgan raqamlar javob bermayapti. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita yangi litsenziya uchun tanlov e’lon qilinganini ham, uning natijalarini ham keng aholi foydalanadigan ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida e’lon qilmadi.
Ayni vaqtda O‘zbekistonda Umra ziyoratini tashkil qilish uchun litsenziya berilgan turfirmalar soni 14 taga yetdi (ro‘yxat).
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yillar davomida O‘zbekistonda yuzga yaqin turfirma Umra xizmatlarini ko‘rsatish huquqiga ega edi. Ammo litsenziya olish qiyinlashtirilishi, xususan, 1 mln dollarlik zaxira talabi kiritilganidan keyin bu xizmatni ko‘rsatuvchilar soni keskin qisqargan. Xususan, 2024 yil noyabr oyida Umra ziyoratini tashkil qilish uchun atigi 12 ta turfirmaga litsenziya berildi.
Avvalroq, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev Umra litsenziyasining yangi shartlari haqida gapirib, bu monopoliya emasligi va 1 million dollar katta miqdor emasligini















