2025 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda mobil aloqa operatorlari aksiz solig‘idan ozod qilingan edi. Soliq yuki sezilarli kamayganiga qaramay, kompaniyalar narxni oshirishdan to‘xtamayapti. E’tirozlar fonida Raqobat qo‘mitasi tekshiruv boshladi. Mijozlar keraksiz xizmatlarga majburlashni to‘xtatish va limiti kam bo‘lsa-da arzonroq tariflar ham bo‘lishi kerakligini aytmoqda.

Noyabr oyi o‘rtalarida O‘zbekistondagi bir nechta yirik uyali aloqa kompaniyalari 1 dekabrdan e’tiboran tariflar qimmatlashishini ma’lum qildi, bu esa jamoatchilik orasida e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Operatorlar bayonotiga ko‘ra, narxlarni ko‘tarish – “xizmat sifatini yaxshilash” va “tarmoqni kengaytirish” uchun zarurati bilan bog‘liq.

Foydalanuvchilar esa amaldagi tarif narxlarining o‘zi ham ko‘rsatilayotgan aloqa va internet sifati bilan mos emasligini ta’kidlab, tanqidiy izohlar qoldirgan.

Shundan so‘ng Raqobat qo‘mitasi o‘rganish ishlarini boshladi. Agar kompaniyalar o‘zaro kelishgan holda narx oshirayotganiga ishora qiluvchi alomatlar aniqlansa, tegishli choralar ko‘riladi.

Mazkur xabarlar fonida Kun.uz'ga ham iste’molchilar o‘z talablarini aks ettirgan holda ko‘plab murojaatlar yubordi. Ularda eng ko‘p ko‘tarilgan masalalar haqida to‘xtalamiz.

Arzon ta’riflar kerak

Ayni paytda eng ommabop kompaniyalarda mavjud tarifingizni o‘zgartirmoqchi bo‘lsangiz, eng arzon takliflar 35-60 ming so‘mdan boshlanadi. Kompaniyalarning ayrimlarida arzonroq variantlar ham yo‘q emas, lekin buning uchun siz imtiyozli toifadagi fuqaro bo‘lishingiz yoki yangi sim-karta xarid qilishingiz kerak. Murojaatchilar esa xohlagan paytda ulanish imkoni bo‘ladigan 15-20 ming so‘mlik bazaviy ta’rif rejalar bo‘lishi zarurligini aytmoqda.

“Men 6 yildan beri UzMobile sim-karta ishlataman. Ayni paytdagi ta’rif rejam – Mobile Mini. Oyiga 45 ming so‘m to‘layman. Shu bilan birga, Uztelecom'ning Wi-Fi xizmatini ham uyimga ulaganman. Majburman, chunki mobil internet sifati juda yomon. WiFi uchun oyiga 150 ming so‘m to‘layman. Bir muddat oldin narxlar oshdi, oldin 132 ming so‘m edi. Ishxonada ham Wi-Fi bor, shu sabab mobil internet trafik deyarli sarflanmaydi. Tarif reja orqali menga taqdim etilgan umumiy limitlarning 10 foizidan ham foydalanmayman, imkon bo‘lganda 10-15 ming so‘mlik arzonroq tarifga o‘tgan bo‘lardim”