Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

1 fevraldan kitobxonlikni targ‘ib qilish bo‘yicha yangi dastur boshlanadi

2026 yil 1 fevraldan boshlab qonunchilikka muvofiq aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Kitob – ma’rifat manbai” dasturi amalga oshiriladi.

Mazkur dasturning asosiy maqsadi jamiyatda mutolaa madaniyatini yuksaltirish, yoshlarning ma’naviy-axloqiy rivojlanishiga hissa qo‘shish hamda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishni oshirishdan iborat.

Dastur doirasida jamoat transportida internet tarmog‘i orqali Mutolaa platformasidan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi. Qulaylik uchun transport vositalarida maxsus QR-kodlar joylashtirilib, yo‘lovchilar ular orqali elektron kitoblardan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Urganch–Xiva yo‘nalishida pulli avtomobil yo‘li quriladi

Xorazm viloyatida transport infratuzilmasini tubdan yaxshilash maqsadida Urganch–Xiva yo‘nalishida yangi pulli avtomobil yo‘li qurilishi rejalashtirilmoqda.

Loyiha doirasida umumiy uzunligi 32 kilometr bo‘lgan yangi avtomobil yo‘li barpo etiladi. Ushbu yo‘l mavjud yo‘nalishlarga muqobil bo‘lib, transport qatnovini sezilarli darajada yengillashtirishi, safar vaqtini qisqartirishi va harakat xavfsizligini oshirishi ta’kidlanmoqda. Yo‘l to‘liq foydalanishga topshirilgach, undan foydalanish pulli asosda amalga oshiriladi.

Buxoro shahrida avtobuslarda naqd pul qabul qilish to‘xtatiladi

Buxoro shahrida avtobuslarda yo‘l haqini to‘lashda naqd pulsiz to‘lov tizimi joriy etiladi. Birinchi bosqichda 1 fevraldan ba’zi yo‘nalishlarda yo‘lkirani to‘lashda naqd pul qabul qilish to‘xtatiladi. 1 apreldan boshlab qolgan barcha yo‘nalishlarda ham to‘lovlar faqat elektron tarzda qabul qilinishi ta’kidlanmoqda.