Ml Share nomi ostidagi moliyaviy piramida avvalroq ko‘plab o‘zbekistonliklarni chuv tushirib ketgan PGM kabi “tuxum tarqatish” orqali a’zo ko‘paytirishga intilmoqda. Ushbu platformaning reklama bannerlari hatto o‘quv va tarbiya muassasalarigacha kirib boryapti. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tanqidiga qaramay kiberxavfsizlik xodimlari hozircha “ariza yo‘q, muammo ham yo‘q” pozitsiyasida turibdi.
Biri yopilsa boshqasi...
2025 yil may oyida O‘zbekistonda “kitob o‘qish orqali pul topish” bahonasida ko‘plab insonlarni chuv tushirgan OMD moliyaviy piramidasi yopilgach, ko‘p o‘tmay PGM moliyaviy piramida targ‘ibotiga kirishildi. Yaqinda ushbu platforma ham “hosilini” yig‘ishtirib oldi va faoliyatini to‘xtatdi. Oqibatda minglab odamlar unga mehnat depoziti sifatida kiritgan pulidan ayrilib qoldi. Hatto jabrlanuvchilar orasida 146 mln so‘midan ayrilganlar ham bor. Bundaylarning aniq soni ma’lum emas. Kun.uz o‘z surishtiruvida PGM va OMD moliyaviy piramidalari o‘rtasidagi ehtimoliy bog‘liqlikni keltirib o‘tgandi.
IIB xodimlari targ‘ib qilgan XCM moliyaviy piramidasi 2025 yil dekabr oyi o‘rtalarida yopildi. Bu safar ham minglab odam ushbu yolg‘onga aldanib, pulidan ayrildi. XCM yopilgan ayni o‘sha kunlarda esa uning o‘rniga Ml Share nomi ostidagi moliyaviy piramida paydo bo‘ldi.
Oson daromad aldovi
Ml Share moliyaviy piramidasining oldingilaridan hech qanday farqli tomoni yo‘q: uslub ham, targ‘ibot shakli ham bir xil. Platformada pul tikish hamda kunlik vazifani bajargan holda daromad olish taklif qilingan. Kunlik vazifalar esa o‘sha-o‘sha, reklama ko‘rish va layk bosish.
Platformaga pul tikish J1ʼdan J9ʼgacha bo‘lgan bosqichlarga bo‘lingan. Masalan, eng quyi J1 bosqichida 285 600 so‘m tikib, kunlik 5 ta vazifani bajargan holda 9 520 so‘m, yiliga 3 427 200 so‘m daromad ko‘rish taklif etilgan. Eng yuqori J9 darajasida esa 680 mln so‘m tikib, kuniga 600 ta vazifani bajargan holda 24 mln 480 ming so‘m, yiliga esa 8 mlrd 812 mln so‘m (!) daromad olish mumkinligi ko‘rsatilgan. Odam qo‘shganlarga esa alohida sovg‘a va bonuslar va’da qilingan.

























