Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2025 yil yakunlariga ko‘ra davlat tashkilotlarining ochiqlik indeksini e’lon qildi.

14-17 aprel kunlari O‘zbekistonda havo harorati pasayishi, kuchli yomg‘irlar prognoz qilindi.

Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudi sobiq sudyalari Odilbek Ilhomjonov, Mirziyod Abidov va Muhtarama Turg‘unova ozodlikka chiqdi.

Poytaxtda intellektual transport tizimi joriy etilmoqda.

Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

​​​​​​2025 yilning «eng ochiq» va «eng yopiq» davlat tashkilotlari reytingi e’lon qilindi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2025 yil yakunlariga ko‘ra davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlik indeksini taqdim etdi.

Ochiqlik indeksi - bu davlat tuzilmalarining fuqarolar uchun qanchalik shaffof va qulay ekanini baholovchi ko‘rsatkichdir. U bir nechta omillardan tashkil topadi: axborotdan foydalanish erkinligi, faoliyatining shaffofligi, fuqarolar bilan ishlash, jamiyat ishtiroki, raqamli ochiqlik va boshqalar.

Umumiy reytingda eng yomon ko‘rsatkichni qayd etganlar qatorida Toshkent shahri va viloyati hokimligi, Andijon viloyati hokimligi, «O‘zbekiston temiryo‘llari», Sudyalar Oliy kengashi bor.

Eng yaxshi natijalarni «O‘zbekgidroenergo», «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» hamda «O‘zavtosanoat» qayd etdi.

Baholash natijalariga ko‘ra, ochiqlik talablarini bajarish bo‘yicha 66 ta davlat organi «yashil» (2024 yilda 50 ta), 22 tasi «sariq» (35 ta) va 9 tasi «qizil» (13 ta) toifaga kiritildi.

Havo harorati pasayishi va kuchli yomg‘irlar bo‘lishi kutilmoqda

14-17 aprel kunlari O‘zbekistonda havo harorati pasayishi kutilmoqda. Yomg‘ir yog‘ib, ayrim joylarda jalaga, tog‘larda qorga aylanishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.