Abituriyentlar eng koʻp tanlagan oliygohlar maʼlum qilindi. Oliygohlarda boʻsh qolgan oʻrinlarga qabul 28-avgustgacha davom etadi. Toshkent viloyatida yangi shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi. Namanganda katerlar toʻqnashishi oqibatida ikki kishi halok boʻlgani aytilmoqda. Samarqand viloyatida kran quladi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Abituriyentlar eng koʻp tanlagan oliygohlar maʼlum qilindi
Oliy taʼlim vazirligi maʼlumotlariga koʻra, joriy yilda abituriyentlar tanlovida uchta oliy taʼlim tashkiloti eng yuqori qiziqishga ega boʻlgan.
Bular - Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (TDIU), Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti (OʻzDJTU) hamda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti (OʻzMU).
Abituriyentlar eng koʻp qiziqish bildirgan taʼlim yoʻnalishlari ham maʼlum qilindi. Ular orasida «Davolash ishi», «Iqtisodiyot», shuningdek, «Filologiya va tillarni oʻqitish: ingliz tili» yoʻnalishlari bor.
Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilgi qabul natijalari boʻyicha davlat granti asosida oʻrtacha oʻtish balli 134,6 ballni tashkil etgan. Toʻlov-kontrakt asosida esa oʻrtacha oʻtish balli 93,7 ball boʻlgan.
Oliygohlarda boʻsh qolgan oʻrinlarga qabul 28-avgustgacha davom etadi
Oliy taʼlim tashkilotlarida toʻlmay qolgan vakant oʻrinlar uchun abituriyentlardan ariza qabul qilinmoqda. Kirish imtihonlarida kamida 56,7 ball toʻplagan, ammo talabalikka tavsiya etilmagan, shuningdek, tanlov bosqichida OTM va taʼlim yoʻnalishini tanlamagan abituriyentlar 28-avgustgacha ariza topshirishi mumkin.
Abituriyent oʻzining fanlar majmuasiga mos taʼlim yoʻnalishlarida boʻsh oʻrinlar mavjud boʻlsa, 5 tagacha yoʻnalish va oliy taʼlim muassasasini tanlashi mumkin.
Vakant oʻrinlar uchun ariza Bilim va malakalarni baholash agentligining shaxsiy kabineti orqali topshiriladi. Abituriyent shaxsiy kabinetidagi «Vakant oʻrinlar uchun ariza berish» boʻlimi orqali tanlovda ishtirok etishi mumkin.
Vakant oʻrinlar uchun roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlar toʻplagan ballari ketma-ketligiga qatʼiy rioya qilingan holda saralanadi.
Toshkent viloyatida yangi shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi
Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida quvvati 20 MW boʻlgan shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi.
Elektr stansiyasi har biri 5 MW quvvatga ega toʻrtta turbinadan iborat, yiliga 50 mln kWh’gacha elektr energiyasi ishlab chiqarishi mumkin. Bu hajm 20 mingta xonadonni elektr bilan taʼminlash imkonini beradi.
Taʼkidlanishicha, shamol elektr stansiyasining ishga tushirilishi yiliga yuz minglab kub metr tabiiy gazni tejash va atmosferaga chiqariladigan zararli chiqindilarni sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.
Shamol elektr stansiyasining qiymati 28 mln dollarni tashkil etgan. Loyiha Xitoy hukumati tomonidan begʻaraz yordam - grant shaklida moliyalashtirilgan.
Namanganda katerlar toʻqnashishi oqibatida ikki kishi halok boʻlgani aytilmoqda
Namangan viloyatida 23-avgust kuni dam oluvchilar oʻtirgan ikkita kater toʻqnashib ketdi. Kun.uz manbasiga koʻra, holat Sirdaryo daryosining Toʻraqoʻrgʻon tumanidan oʻtgan hududida yuz bergan.
Taʼkidlanishicha, hududdagi dam olish maskani mehmonlarini aylantirib yurgan ikkita kater koʻprik tagida toʻqnashib ketgan. Hodisa oqibatida ikki kishi halok boʻlgani aytilmoqda.
Tahririyatga kelib tushgan tasvirlarda qutqaruv nimchasini kiygan odamlar suvda oqib ketayotgani, katerdagilar ularni qutqarishga harakat qilayotgani koʻrinadi. Hozircha hodisa yuzasidan tegishli tashkilotlar rasmiy izoh bergani yoʻq.
Samarqand viloyatida kran quladi
Samarqand viloyati Urgut tumanida ekskavatorni soydan olib chiqmoqchi boʻlgan kran quladi. Holat 22-avgust kuni Mazortepa mahallasida sodir boʻlgan.
Dastlab Urgut soyini tozalash uchun ekskavator tushirilgan. Tozalashdan soʻng uni soydan olib chiqmoqchi boʻlgan kran agʻdarilib ketgan.
FVV qutqaruvchilari hodisa joyiga yetib borib, ekskavatorni olib chiqishda amaliy yordam koʻrsatgan. Hech kim tan jarohati olmagan.
















