Samarqandda avtomobil skuterni urib yuborishi oqibatida ayol va bola halok boʻldi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Vazirlar Mahkamasida yangi lavozim va kotibiyat tashkil etildi

Prezident farmoniga koʻra, Vazirlar Mahkamasida 12 ta shtat birligidan iborat Taʼlim, ilm-fan va sogʻliqni saqlash masalalari kotibiyati tashkil etildi.

Kotibiyatning beshta shtat birligi Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy rivojlanish masalalari boʻlimi hisobidan shakllantiriladi. Qolgan yettita shtat qayta tashkil etilgan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi shtatlarini maqbullashtirish hisobidan ajratiladi.

Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari - taʼlim va ilm-fan vaziriga Taʼlim va ilm-fan vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda ular tizimidagi tegishli agentlik, qoʻmita va inspeksiyalar biriktirildi.

Roʻyxatda Fanlar akademiyasi, shuningdek, muayyan vazifalar doirasida Ichki ishlar vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi ham bor.

Toshkent atrofidagi issiqxonalar «yashil» shartlar asosida faoliyatini davom ettirishga ruxsat soʻradi

Poytaxt mintaqasidagi issiqxonalar tomonidan ekologik toza texnologiyalar asosida «yashil» issiqxonalarga aylanish sharti bilan faoliyatini davom ettirishga ruxsat berish taklif etilmoqda. Bu haqda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi matbuot xizmati xabarida aytiladi.

Taʼkidlanishicha, issiqxona xoʻjaliklari vakillari amaldagi obyektlarni modernizatsiya qilish, ekologik toza isitish texnologiyalariga oʻtish va ekologik xizmatlar tomonidan belgilangan meyorlarga muvofiq chiqindilar miqdorini xavfsiz darajagacha kamaytirishga tayyorligini bildirib, bir necha bor murojaat qilgan.

Issiqxona xoʻjaliklari tomonidan energiya tejamkor texnologiyalarga oʻtish, shuningdek, zamonaviy isitish tizimlari bilan qayta jihozlanish va atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalarni onlayn rejimda monitoring qilish tizimini joriy etish taklif qilinmoqda.

Toshkentdagi mahallada deraza panjaralarini noqonuniy demontaj qilish ishlari toʻxtatildi

Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanidagi mahallalardan birida deraza panjaralarini demontaj qilish ishlari toʻxtatildi.

«Vaziyat poytaxt hokimligi nazoratida: sodir boʻlgan holat sabablari hamda mazkur qarorga masʼul shaxslar aniqlanmoqda, xatti-harakatlarga mansab vakolatini suiisteʼmol qilish va oʻzboshimchalik alomatlari boʻyicha huquqiy baho berilmoqda.

Tekshiruv natijalariga koʻra, Mirzo Ulugʻbek tumani hokimligi tomonidan tegishli choralar koʻriladi, shuningdek, bunday holatlar takrorlanmasligi uchun zarur amaliy qadamlar belgilanadi», deyiladi xabarda.

Shu bilan birga demontaj ishlari qaysi tashkilot tomonidan olib borilgani haqida maʼlumot berilmadi. Shuningdek, allaqachon demontaj qilingan panjaralarning taqdiri nima boʻlishi ham nomaʼlum.

Yer hujjatlarini rasmiylashtirish uchun 840 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi

Toshkent shahrida yer maydonini turar joy qurish uchun hujjatlashtirib berishni vaʼda qilib, 840 ming dollar talab etgan shaxs ushlandi.

Qayd qilinishicha, 1970-yilda Xorazm viloyatida tugʻilgan shaxs Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi 9 gektarlik noturar joy obyektining 4 gektar maydonida turar joy binolari qurilishini hujjatlashtirib berishni vaʼda qilgan. U boshqa bir fuqaroni Kadastr agentligida ishlovchi mansabdor tanishlariga pora orqali turar joy binolari qurilishini hujjatlashtirish hamda kelgusida ushbu hududda turar joylar qurishga ruxsat olib berishiga ishontirgan.

Buning evaziga murojaatchidan dastlab 100 ming dollar, keyinchalik yana 740 ming dollar, jami 840 ming dollar talab qilgan.

Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti xodimlari tomonidan Yunusobod tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda u 100 ming dollarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Samarqandda avtomobil skuterni urib yuborishi oqibatida ayol va bola halok boʻldi

Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida odamlar oʻlimi bilan bogʻliq YTH sodir boʻldi.

Kun.uz’ning aniqlashicha, 9-oktabr kuni tumanning Mirkan mahallasida yashovchi erkak skuterni boshqarib borayotib, Cobalt mashinasi bilan toʻqnashgan. Bu paytda skuterda erkakning turmush oʻrtogʻi va nabirasi ham boʻlgan. YTH oqibatida 57 yoshli S.A. va uning 2 yoshli nabirasi X.H halok boʻlgan. Skuter boshqaruvidagi shaxs tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Hozir uning ahvoli ogʻir ekani aytilmoqda.

IIB maʼlumotiga koʻra, Cobalt haydovchisi Mirkan – Misit yoʻnalishida harakatlanayotgan vaqtda yoʻlning oʻng tomonidan toʻsatdan chiqib qolgan velosipedchini urib yubormaslik uchun rulni chapga burgan. Oqibatda boshqaruvni yoʻqotib, qarama-qarshi yoʻnalishga chiqib ketgan va elektroskuter bilan toʻqnashgan.