O‘zbekiston | 13:18 / 16.04.2023
43737
16 daqiqa o‘qiladi

Avvalgilarga o‘xshamas shov-shuv, sanksiyalarning boshlanishi va konstitutsiyadan bexabar soliqchilar - hafta dayjesti

Internetda tarqalgan video: masalaning huquqiy jihatlari bilan nega hech kim qiziqmayapti? Ikki sobiq vazir ishdan olindi: bu korrupsiya bilan bog‘liqmi? Bank sirlari endi davlat ixtiyorida: soliqchilar yangi konstitutsiyani oyoqosti qilayotganini o‘zlari biladimi? Yakunlanayotgan haftaning asosiy mavzulari – Kun.uz dayjestida.

Yangi davrda O‘zbekistonda hech qaysi lavozim egalari hokimlarchalik ko‘p va doimiy ravishda medianing e’tibor markazida turmagan bo‘lsa kerak. Ular bu borada hatto shou-biznes vakillarini ham ortda qoldirdi deyish mumkin. Lekin bu safar ko‘tarilgan shov-shuvni avvalgilari bilan umuman taqqoslab bo‘lmaydi.

Chorshanba kuni internetda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovga o‘xshash odamning intim videosi tarqaldi. Avvaliga ayrimlar bu hokimni badnom qilish uchun montaj qilingan video bo‘lishi mumkinligini aytdi, lekin hech bir rasmiy idora “bu video soxta” deb chiqqani yo‘q. Viloyat hokimligi matbuot xizmati ham video haqiqiy yoki haqiqiy emasligiga munosabat bildirmadi. Rasmiy bayonotlarda “feyk”, “montaj” yoki “soxta” degan so‘zlar ishlatilmadi.

Oradan ikki kun o‘tar-o‘tmas, Andijonni roppa-rosa 10 yildan beri boshqarib kelayotgan Abdurahmonov ishdan olingani, uning o‘rniga birinchi o‘rinbosari Dilshodbek Karimov vaqtincha hokim bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Bir necha soat o‘tib, bu ma’lumot rad etildi. Lekin bu xabar nafaqat Telegram'dagi turli-tuman norasmiy manbalar, balki Prezident administratsiyasiga yaqinligi aytiladigan kanallar va hatto rasmiy manbalarda ham chiqqaniga qaraganda, bu masala yuqori kabinetlarda haqiqatan ham muhokama qilingani, yakuniy qaror esa kimlardir kutgandek bo‘lmaganini taxmin qilish mumkin.

Juma va shanba kunlari Shuhrat Abdurahmonovning matbuot xizmati u viloyatning qator hududlarida bo‘lib, yangi loyihalar bilan tanishayotgani aks etgan suratlar va videolar e’lon qildi. Hokimlik internetda Abdurahmonovning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi haqoratomuz postlar yozilayotgani bo‘yicha prokuraturaga murojaat qilgan.

Bu holatda prokuratura nafaqat haqoratomuz postlar bo‘yicha, balki videoning tarqalishi bo‘yicha ham huquqiy choralar ko‘rishi to‘g‘ri bo‘lardi. Chunki aynan video tarqalgan kun – 12 apreldan boshlab shaxs tanasining yoki jinsiy a’zolarining yalang‘och holdagi foto va videotasvirini uning roziligisiz tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilovchi qonun kuchga kirdi. To‘g‘ri, videoni tarqatganlarni topib jazolash uchun hokimning arizasi kerak bo‘ladi, lekin bu yerda boshqa gap ham bor.

“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, davlat xizmatchilarining nafaqat xizmat paytidagi, balki xizmatdan tashqaridagi xulq-atvori ham odob-axloq qoidalariga mos bo‘lishi kerak. Odob-axloq qoidalarini buzish qonunga muvofiq intizomiy va boshqa javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi. Ya’ni huquqiy jihatdan olganda, Andijon viloyati hokimi odob-axloq qoidalarini buzgan-buzmagani bo‘yicha surishtiruv o‘tkazilishi kerak.

Albatta, qonundagi bu normaning hozirgi holatda ishlatilishi amrimahol. Chunki jamoatchilik kadrlar siyosatida huquqiy me’yorlar emas, shaxsning nomenklaturaga loyalligi asosiy mezon ekaniga ko‘p marta guvoh bo‘ldi. So‘nggi misollardan biri – Surxondaryo sobiq hokimi To‘ra Bobolovning prokurorga aytgan gaplari tergovga aralashish, mansab vakolatidan chetga chiqish deb baholanishi mumkin bo‘lgan sharoitda bunga ko‘z yumilgan edi. U oxir-oqibat lavozimidan ayrilgan bo‘lsa ham, bir oy o‘tar-o‘tmas hech qayerda e’lon qilinmagan holda Savdo-sanoat palatasining birinchi o‘rinbosariga aylangandi.

Boshqa davlat xizmatchilari

Hafta davomida jamoatchilik e’tiboriga tushgan davlat xizmatchisi faqat Andijon hokimi emas. Toshkent viloyati markazi bo‘lmish Nurafshon shahri hokimi Muzaffar Soliyev ishdan olingan. E’tiborlisi, o‘tgan hafta ro‘y bergan iste’fo haqida hech qayerda rasman e’lon qilinmagan. Kun.uz hokimning ishdan olinganidan xabar topgach, Toshkent viloyati hokimligi bu ma’lumotni tasdiqladi.

Bizdagi ma’lumotga ko‘ra, sobiq hokim tergovga jalb etilgan bo‘lishi mumkin. Bu – uy-joy kommunal xo‘jalik vaziri lavozimida ishlab kelgan davri bilan bog‘liqligi aytilyapti. Soliyev vazir lavozimida 3,5 yil ishlagach, ikki yil oldin tanqidlar bilan ishdan olingandi.

Lavozimini yo‘qotgan sobiq vazirlardan yana biri – Nozim Husanov. U yanvar oyigacha bandlik va mehnat munosabatlari vaziri edi. Ma’muriy o‘zgarishlardan keyin kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgandi. Shu hafta ma’lum bo‘lishicha, u ishdan olingan. Oxirgi paytlarda Nozim Husanov boshqargan vazirlikdan kelayotgan xabarlar bu iste’fo uning uchun yaxshilikdan darak emasligini ko‘rsatyapti.

Gap shundaki, yanvar oyida Bandlik vazirligining Migratsiya agentligi ustidan nazorat qiluvchi mas’ul xodimi va agentlik direktori qamoqqa olingandi. Manbalarga ko‘ra, bu holatlar Janubiy Koreyaga ishga yuborishdagi korrupsion sxemaning fosh bo‘lishi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, bir necha kun oldin shu vazirlikning Jizzax va Sirdaryo viloyatlari bosh boshqarmalari mansabdor shaxslari pora bilan qo‘lga tushdi.

Pora bilan ushlangan yana bir davlat xizmatchisi – Andijon viloyati Izboskan tumani hokimining investitsiya va savdo-sanoat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari. Bu lavozimga 6 oy oldin tayinlangan mansabdor, E-auksion'dagi savdolarni yopiq shaklda o‘tkazgan holda, 8 sotix yer olib berishni va’da qilib, buning uchun 500 dollar so‘ragan va bu pulni xizmat xonasida olayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Bundan kelib chiqadiki, “yer ajratish to‘liq elektron shaklga o‘tkazilib, hokimliklarning bu jarayondagi ishtiroki cheklandi” degan gaplar rostligiga katta shubha bor. Ya’ni elektron auksionlarni ko‘zdan panada, yopiq shaklda o‘tkazib yuborsa ham bo‘laveradi.

Korrupsion jinoyatlar Qashqadaryoda ham kuzatildi. Bu yerda ikki hokim yordamchisi hibsga olindi. Davlat xavfsizlik xizmatining ma’lum qilishicha, Yakkabog‘ tumani hokimining yordamchisi o‘ziga tegishli ikkita kompaniyaga 1,7 mlrd so‘mlik imtiyozli kredit ajratilishiga erishib, bu pullarni “yeb yuborgan”. Shahrisabz tumani hokimining yordamchisi esa auksionga chiqib ketgan 5 gektar yerning 50 sotixini egasida qoldirish evaziga 500 dollar olgan.

Toshkentda esa Ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi atrofidagi mojaro davom etyapti. Avvalroq bu markazning bosh buxgalteri atigi 2 oy uchun naq 468 mln so‘m maosh olgani ma’lum bo‘lgandi. Shu hafta ayon bo‘lishicha, markaz bosh direktori Jamshid G‘aniyev ham mo‘maygina oylik olib kelgan. Unga yanvar oyi uchun 51 mln so‘m, fevral oyi uchun esa 85 mln so‘m ish haqi hisoblangan. Bu – O‘zbekistondagi o‘rtacha oylikdan 18 barobarga ko‘p. Texnik jihatdan tartibga solish agentligi holat bo‘yicha o‘rganish ishlari ketayotganini ma’lum qildi.

Davlat xizmatchilariga oid noxush xabarlar lentasida, afsuski, sudlar ham yo‘q emas. Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudining raisi Mansur Imomov ishdan olingan. Manbalarimizga ko‘ra, uning ishdan bo‘shatilishi mazkur sud ayrim xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlariga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Oliy sud esa Imomov Sudyalar odobi kodeksi talablarini buzganini iste’foga rasmiy sabab deb ko‘rsatdi.

Oliy sud bergan boshqa bir xabarga ko‘ra, Xorazmdagi pedofil-amaldorlar ustidan apellyatsiya sudi Toshkentga ko‘chirilgan. Xorazm viloyati adliya boshqarmasining sobiq boshlig‘i va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limining sobiq rahbari Toshkent shahar sudida boshqatdan sud qilinadi. Protsess qachon boshlanishi ma’lum emas. Ayni paytda, ularga juda yengil jazo tayinlagan Xorazmdagi sudyaga biror chora ko‘rilgani haqida ham hech qanday ma’lumot yo‘q.

O‘tkazmalar bo‘yicha bank sirlari – endi davlat ixtiyorida

Soliq qo‘mitasi bir necha yillardan beri orzu qilib kelayotgan qonunsizlik ro‘y berishiga sanoqli kunlar qoldi. 13 aprel kuni qo‘mitada banklar va to‘lov tashkilotlari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Gap – jismoniy shaxslar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari haqida ketyapti.

1 maydan boshlab, soliq organlari kartadan kartaga pul o‘tkazish amaliyotlarini to‘liq kuzatib borish imkoniga ega bo‘ladi. O‘zbekistonda muomaladagi bank kartalari soni 25 milliondan ko‘pligi inobatga olinsa, qo‘mita juda katta ma’lumotlar bazasiga ega bo‘ladi. Bu esa millionlab odamlarning bank siriga oid huquqlari qo‘pol va tizimli ravishda buzilishi boshlanadi degani.

“Bank siri to‘g‘risida”gi va “To‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi qonunlarga asosan, banklar va to‘lov tashkilotlari o‘z mijozlarining operatsiyalari haqidagi ma’lumotlarni sir saqlashi kerak. Faqatgina soliq solish masalalariga taalluqli holatlardagina ayrim ma’lumotlar soliq organlariga berilishi mumkin. Vaholanki, jismoniy shaxslar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalarida hech qanaqa soliq masalasi yo‘q.

Soliqchilarning talabi nafaqat qonunlar, balki ko‘pdan ko‘p maqtalayotgan yangi konstitutsiyaga ham zid. Aynan may oyidan kuchga kirishi kutilayotgan yangi tahrirdagi konstitutsiyada “bank operatsiyalarining sir tutilishi kafolatlanadi” deb yozilgan. Bu gapdan keyin “qonunda belgilangan holatlar bundan mustasno” degan joyi yo‘q. Bundan tashqari, Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega bo‘lib, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishi yozib qo‘yilyapti. Qolaversa, “har kim o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga ega”, degan norma ham bosh qomusga kiritiladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqilsa, soliq organlarining talabi yangi konstitutsiyani u amalga kirib bo‘lishi bilanoq obro‘sizlantiradi. Referendum o‘tgach, konstitutsiyada bilvosita taqiqlangan amaliyot – soliqchilar odamlarning bank sirlarini yig‘ishni boshlaydi. Yangi qomusning sha’niga aytilayotgan maqtovlarga soya soladigan bu amaliyotni yo‘lga qo‘yishga qanday erishishdi, deyishingiz mumkin. “Xitrlik yo‘llari bilan”. Pul o‘tkazmalariga oid talab yanvar oyida imzolangan farmonga huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmasdan qo‘shib yuborilgan. Ekspertizadan o‘tkazilganida esa, bu talab yuqorida biz aytib o‘tgan hujjatlarga zidligi ayon bo‘lardi, ehtimol.

Soliq qo‘mitasi jismoniy shaxslar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari soliqqa tortilmasligini va’da qilayotgan bo‘lsa ham, yangi tartib qonunlarga zidligi bo‘yicha, ma’lumotlar to‘planishidan maqsad nimaligi bo‘yicha izoh bermayapti.

Sanksiyalar O‘zbekistondagi yirik kompaniyalarga ham yetib kela boshladi

AQSh O‘zbekistondagi eng yirik zavodlardan biri bo‘lmish “Ohangaronsement”ga sanksiya kiritdi. Bu – milliarder Alisher Usmonovga nisbatan sanksiyalarning kengaytirilishi bilan bog‘liq. “Ohangaronsement” Usmonovning kompaniyalariga tegishli. Zavodning aksiyadori bo‘lgan Akkerman Cement CA kompaniyasi, shuningdek, milliarderning asosiy aktivlari jamlangan USM holdingi tarkibidagi “Metalloinvest” va “Megafon” ham sanksiyalar ostida qoldi. Amerikaning qora ro‘yxatidan, shuningdek, Alisher Usmonovning ikki singlisi va jiyani, jami 5 nafar O‘zbekiston fuqarosi ham joy oldi.

Cheklov kiritilgan kompaniyalar orasidan Ucell aloqa operatorining 51 foiz ulushiga egalik qiluvchi xorij kompaniyasi – Digital Invest ham joy olgan. AQSh hukumati, shuningdek, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan Alfa Beta Creative va GFK Logistic Asia kompaniyalariga ham sanksiya qo‘lladi. Ular taqiqlarni chetlab o‘tgan holda Amerika tovarlarini Rossiya mudofaa sanoati ehtiyojlari uchun sotib olishga uringanlikda ayblanyapti.

Sanksiya ro‘yxatiga tushgan jismoniy shaxslar va kompaniyalarning AQShdagi aktivlari bloklanadi. Shuningdek, AQSh rezidentlariga ular bilan hamkorlik qilish taqiqlanadi. Asosiysi esa, SWIFT tizimidagi cheklovlar sabab, bu kompaniyalarning dollarda amaliyotlar qilish imkoniyati cheklanib qoladi. Bu, o‘z navbatida, eksport va import operatsiyalarini amalga oshirishni qiyinlashtirib yuboradi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Zo‘ravonlikka qarshi uzoq kutilgan tarixiy qonun imzolandi. Qonun haqida o‘tgan haftaligimizda to‘liqroq ma’lumot berib o‘tgan edik. 12 apreldan kuchga kirgan qonun asosida turmush o‘rtog‘iga zo‘rlik qilish, ayollarning ortidan ergashib ta’qib qilish, shilqimlik qilish kabi ko‘p uchraydigan holatlar uchun javobgarlik kiritildi. Bundan tashqari, jinsiy jinoyatlar uchun jazo og‘irlashtirildi, ayrim “lazeyka”lar yopildi.

Tashabbusli budjetda g‘olib chiqa olmagan, lekin 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan barcha loyihalar uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi. Natijada moliyalashtiriladigan tashabbuslar soni 1309 taga oshdi. Endilikda, prezident topshirig‘iga asosan, ovoz yig‘ishga majburlash holatlari majburiy mehnatga jalb qilish deb baholanadi.

Maktab, shifoxona kabi ijtimoiy obektlardagi isitish tizimlarini boshqarish tadbirkorlarga beriladi. Prezident qaroriga ko‘ra, tadbirkorlar tender bilan yoki tendersiz tanlab olinadi va ularga, davlat-xususiy sherikchilik tamoyili asosida, obektni isitish xarajatlarini kamida 20 foizga, elektr yo‘qotishlarini 30 foizga kamaytirish majburiyati yuklanadi. Bu yo‘nalishdagi ishlarni moliyalash uchun Jahon bankidan 143 mln dollar qarz olinyapti.

O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining “innovatsion tizimlari” sharofati bilan, haydovchilar mashinasiga soxta raqam taqib, yuzlab marta qoidalarni buzib yurishi mumkin ekan. Qo‘lga tushib qolmasa bo‘ldi, uning qoidabuzarliklari bilan hech kimning ishi bo‘lmaydi. Namanganda soxta raqamli Hundai Sonata oylar davomida bemalol yurib, 152 marta radarga tushgani shunday deyishimizga asos bo‘ladi. Bu holatda avtomobil raqami bazada bo‘lmagani uchun unga hech qanaqa jarima yozilmay kelgan. Bu holatlar ko‘chada xizmat o‘tayotgan YPX xodimi qoidabuzarni to‘xtatganidan keyingina ma’lum bo‘lgan.

O‘tgan hafta oxirida 15 sutkaga qamalgan ACTIVIST loyihasi muallifi Hojiakbar Nosirov apellyatsiya shikoyatini qaytarib oldi. U nega bunday qarorga kelgani ma’lum emas. Bloger o‘z videolaridan birida bir qator brendlarning yogurt mahsulotlari tarkibida karmin moddasi borligi uchun ularni iste’mol qilmaslik kerak deyishi ortidan, “diniy adovat qo‘zg‘atuvchi material” tarqatishda ayblanib, ma’muriy qamoqqa olingandi. Bir qator faollarga ko‘ra, Hojiakbarga qo‘yilgan ayblov – ko‘pirtirilgan, unga navbatchi modda tirkalgan.

Mavzuga oid