Qashqadaryoda 2 hokim yordamchisi DXX tomonidan qo‘lga olindi
Yakkabog‘ va Shahrisabzdagi mahallalarda hokim yordamchisi bo‘lib ishlagan shaxslar imtiyozli kredit sifatida olingan pulni o‘zlashtirish va pora olishda ayblanmoqda.
Yakkabog‘ tumanidagi mahallalardan birida hokim yordamchisi lavozimida ishlovchi shaxs o‘zi norasmiy rahbarlik qiluvchi 2 ta MChJga bankdan 1,7 mlrd so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘i ajratilishiga erishadi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida hokim yordamchisi qurilish materiallari sotib olish uchun ajratilgan pulni boshqalar bilan jinoiy til biriktirgan holda talon-toroj qilgani aniqlangan.
“Hozirda mazkur hokim yordamchisi va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan”, deyiladi DXX Telegram-kanalida tarqatilgan xabarda.
Boshqa bir holatda esa Shahrisabz tumanidagi mahallalardan birida hokim yordamchisi lavozimida ishlovchi shaxs shu yerda yashovchi fuqaro foydalanib kelayotgan, auksion savdolariga chiqib ketgan 5 gektar yer maydonining 50 sotixini qoldirib berish evaziga 500 dollar olgan vaqtida DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlangan.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan hokim yordamchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 28-modda orqali 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq Qashqadaryoda 162 million so‘mni talon-toroj qilib, 114 millionlik soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlagan, davlat dasturlari asosida fuqarolarga ajratilgan kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan, Yunusobodda 35 ming dollar, Toshkent tumanida 30 ming dollar, Jizzax Jizzaxda 2000 dollar, Chustda 1500 dollar va 5,6 mln so‘m, Jarqurg‘onda 5,5 mln so‘m, G‘uzorda 300 dollar pora olgan hokim yordamchilari qo‘lga tushgandi.
Mavzuga oid
13:17 / 20.10.2024
Qashqadaryodagi YTHda Nexia ikkiga bo‘linib ketdi. Haydovchi halok bo‘ldi
17:21 / 08.10.2024
Qashqadaryoda dehqon xo‘jaligi uchun berilgan 4 gektar yerni 100 ming dollarga sotmoqchi bo‘lganlar ushlandi
12:38 / 27.09.2024
Qashqadaryoda paxta xaridi bo‘yicha raqobat cheklanmoqda
14:53 / 26.09.2024