O‘zbekiston | 17:00 / 31.12.2019
27590
9 daqiqa o‘qiladi

2019 yil O‘zbekistonda nimalar bilan yodda qoldi?

Yil yakunlanmoqda. Yana bir sana o‘zgaryapti. Tarixga muhrlanayotgan 12 oy, 365 kun va 8760 soatning har biri o‘ziga xos voqealar bilan kechdi. Biz ularning eng shov-shuv bo‘lganlarini e'tiboringizga havola qilamiz.

Hokimlar ishi

Hokimlarning xalq deputatlari Kengashi raisi sifatidagi maqomini bekor qilish 2019 yilgi davlat dasturida belgilangan bo‘lsa-da, bu amalga oshmay qoldi. Ammo yil davomida hokimlarning nomunosib xatti-harakatlari bilan doimiy ravishda jamoatchilik diqqat e'tiboriga tushib turgani – qog‘ozda qolib ketgan siyosiy islohotning qanchalik zarurligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Bu borada Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevni «eng ilg‘or» desak adashmaymiz. Avvaliga snoslar mojarosida Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov, Qashqadaryo viloyati hokimi (keyinchalik ishdan olingan) Zafar Ro‘ziyevlar bilan birgalikda prezident topshirig‘iga ko‘ra omma oldida kechirimga o‘xshash so‘zlarni gapirgan G‘aniyevning keyingi «qahramonligi» ham ko‘p kuttirmadi.

Ro‘mol va soqol haqidagi o‘ta sharmandali audiodan keyin Senatning Odob komissiyasiga chaqirilgan Farg‘ona hokimi «o‘tinib-o‘tinib» kechirim so‘radi. Unga 3 oy sinov muddati berilgan bo‘lsa-da, 2 oy o‘tar-o‘tmay tuman hokimiga blogerning «janozasini o‘qish»ni buyurdi...

Tuman hokimlari orasida Ravshan Komilovga yetadigani bo‘lmadi. Avvaliga o‘g‘irlangan makkajo‘xori videosi, keyinchalik so‘kishlarga to‘la audio tarqalib, Mirishkor tumani hokimiga olam-olam «shuhrat» keltirdi. Balki shular sababdir, Komilov hokimlikdan ketdi.

2019 yil Qashqadaryo hokimi lavozimida 6 yildan buyon ishlab kelgan Zafar Ro‘ziyevning ishdan olinib, o‘rniga Zoyir Mirzayevning tayinlanishi bilan ham yodda qoldi. Ariq va kesaklar voqeasi bilan «dovruq qozongan» Mirzayev bir yildan buyon Jizzaxning Sharof Rashidov tumanini boshqarib kelayotgan edi. O‘z navbatida, Zafar Ro‘ziyev Jizzax viloyatining Zarbdor tumaniga hokim etib tayinlandi.

«Qanotli» jumlalar

2019 yil siyosatchilarning shov-shuvli bayonotlari bilan ham yodimizda qoladigan bo‘ldi. Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi hamda liberal-demokratlar yetakchisi Aktam Hayitov go‘sht narxi oshayotganini «Biz ko‘p go‘sht yeyapmiz» deya izohlagani ayniqsa shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.

Oradan ko‘p o‘tmay, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ boshqarma boshlig‘i Abduhamid Jo‘rayev elektr energiyasini tejash haqida gapirib, jumladan shunday degandi: «Butun dunyodagi eng rivojlangan davlatlardan ham ko‘proq elektr energiyasi iste'mol qilarkanmiz. Juda ko‘p iste'mol qilamiz».

Keyingi qanotli jumlalar mualliflari ham siyosiy partiyalar vakillari bo‘ldi. Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatovning fikricha, Toshkentda yashovchi besh kishilik oila 2,5 mln so‘mga bemalol yashay oladi. U ko‘p o‘tmay bunda faqat oziq-ovqat xarajatlarini nazarda tutganini ma'lum qildi.

Saylovlar arafasida Ekologik partiya vakili Ulug‘bek Pirmuhammedov viloyatlar aholisi Toshkentga kelishdan oldin profilaktika inspektoridan talon olish tartibini yo‘lga qo‘yishni taklif etib, propiska rejimi tanqidchilarining nishoniga aylandi.

Eng ko‘p muhokama qilingan mavzular

Yil davomida eng ko‘p e'tibor qaratilgan mavzular beshligiga qisqacha to‘xtalib o‘tsak.

1. O‘zbekistonning Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga a'zo bo‘lishi ehtimoli
2. Avtomobillar uchun kunduzgi chiroq talabi
3. Toshkentdagi elit toifa maktablariga pullik qabul
4. Soliq islohoti va QQS
5. O‘zbekistonda AES qurilishi

Bulardan tashqari, yil oxirida deputatlikka saylovlar jamoatchilik diqqat markazida bo‘ldi.

Shov-shuvli iste'fo va jinoiy ishlar

1. Otabek Murodov. Ixtiyor Abdullayev o‘rnini egallagan yangi bosh prokuror ham 1,5 yilga yaqin ishlaganidan so‘ng poraxo‘rlikda ayblanib, unga nisbatan qamoq tarzidagi ehtiyot jazosi qo‘llandi.

2. Ixtiyor Abdullayev. Bosh prokurorlikdan DXX raisligiga o‘tgan Abdullayev bu lavozimda bir yildan ko‘proq ishladi va lavozimidan olinib, 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi.

3. Rashidjon Qodirov. Garchi sobiq bosh prokuror bu yilga qadar lavozimidan chetlatilgan bo‘lsa-da, unga nisbatan uzoq kutilgan hukm aynan 2019 yilda o‘qildi va Qodirov 10 yilni panjara ortida o‘tkazadigan bo‘ldi. Ta'kidlash joiz, u bu lavozimda 15 yildan ortiq ishlagan.

4. Dmitriy Pan. Uzoq yillar IIV Qorovul qo‘shinlari qo‘mondoni bo‘lib ishlagan general-mayor noyabr oyida lavozimidan ozod etilib, qamoqqa olindi. U hokimiyatni suiiste'mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligida ayblanmoqda.

Noroziliklar va ularning yechimi

1. Snoslar mojarosi ortidan Xorazm viloyatidagi bir guruh fuqarolar bosh ko‘tarishdi. Uylari buzilib, belgilangan kompensatsiyani ola bilmaganlar Urganch-Xonqa yo‘lining qatnov qismini to‘sib qo‘yishdi. Shaxsan bosh vazir hududga yetib bordi va barcha kompensatsiya pullari tarqatib berildi.

2. Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari Mansur Tuymayevning tadbirkor Bahriddin Isamovning mulkini buzishga harakat qilishi ortidan tadbirkor hokim o‘rinbosari ustiga benzin sepib yoqib yubordi. Natijada tadbirkor binosini saqlab qoldi, ammo har ikkisi jinoiy javobgarlikka tortildi.

3. Rishton tumanida obodonlashtirish jarayonida ko‘pchilikning uyi va boshqa ko‘chmas mulklari buzildi. Uyi buzilganlar juda oz kompensatsiya berilishidan norozi bo‘ldilar. Masala yechimi uchun katta hashar uyushtirildi, viloyat hokimi prezidentdan tanbeh eshitdi.

4. Qoraqalpog‘istonning Nukus tumani Shortonbay ovulida odamlar gaz yo‘qligidan nolib, ko‘chaga chiqdilar va yo‘llarda avtomashinaning eski balonlarini yoqdilar. Mutasaddilar voqea joyiga yetib borib, zarur mahsulotlar yetkazildi.

5. Avtomobillarga metan quyish shoxobchasi yopilgani sababli bir kundan beri navbat kutayotgan haydovchilar «Toshkent-Guliston» yo‘lini to‘sib qo‘ydilar. To‘planganlar zudlik bilan tarqatildi, ta'minot qisman yaxshilandi.

Ushalmagan orzular

1. Propiska. Eski tuzum sarqiti deb baholanuvchi bu tizim ham minglab marta tanqid qilinganiga qaramay cheklov o‘z kuchini yo‘qotmadi.

2. Elektr energiyasi va gaz ta'minotidagi uzluksizlik. «Lukoyl» bilan shartnoma tuzilganida milliy manfaatlar hisobga olinmaganini hatto prezident ham tasdiqladi. Sovuq tushishi bilan joylarda energetika ta'minotidagi uzilishlardan ko‘plab shikoyatlar bo‘ladi. Bu ayniqsa tadbirkorlarga millionlab zarar keltirmoqda.

3. Parvoz narxlari. Havo transporti sohasi kuchli tanqidlarga uchraganiga qaramay, qilingan o‘zgarishlar aholi uchun sezilarli darajada bo‘lgani yo‘q. Loukosterlar ochilishi rejalari rejaligicha qoldi, yil oxirida buning o‘rniga gibrid aviatashuvlar joriy etilishi mumkinligi aytildi.

4. Hokimlarni deputatlar Kengashi raisligidan chiqarish. Hududlarda ko‘lankasi maydon hokimlardan qator vakolatlar olib qo‘yildi, lekin ularning tiyiqsiz harakatlariga qarshi eng asosiy ma'muriy chora – vakillik organi boshlig‘i maqomidan mahrum qilish yana bir necha yilga kechikkan ko‘rinadi. 2019 yilgi davlat dasturining bu bandi nega amalga oshmay qolgani haqida hech kim izoh bermagani va bu mavzu ko‘tarilmay qolganidan ana shunday xulosaga kelish mumkin.

5. Ushalmagan orzular haqida gap ketganda, andijonlik tikuvchi ayol Xurshida Tillayevani ham eslab o‘tish to‘g‘ri bo‘lardi. Kottej orzusidagi ayol hududiy rahbarlarning prezident oldidagi ko‘zbo‘yamachiligi qurboni bo‘ldi.

Abror Zohidov tayyorladi.

Mavzuga oid