Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumani, Sarobiy QFY, Ellikqal'a Pop mahallasida istiqomat qiluvchi Iskandar Mambetov kontraktatsiya shartnomasi asosida yetishtirib berilgan qalampir ko‘chatlarining pulini ololmay, xunob bo‘layotgani haqida KUN.UZ tahririyatiga murojaat qildi.

Avvalroq, saytda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanidagi Bo‘ston, Birlik mahallalari, Polvosh mahalla fuqarolar yig‘inidagi 30ga yaqin dehqonlarni qiynayotgan aynan shunday muammo yoritilgan edi.

Sayt muxbiri Iskandar Mambetov bilan uchrashib, uni bir necha oydan beri sarson qilayotgan muammoni o‘rgandi.

2017 yil dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurganida, past hosilli paxta dalalarini qisqartirish, ularning o‘rnida  60-80 kunda pishib yetiladigan eksportbop achchiq qalampirni ekish, buni respublikaning boshqa viloyatlarida ham yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq bergandi.

2018 yil 27 yanvarida Vazirlar Mahkamasining 62-sonli «Respublikada xorij tajribasi asosida achchiq qalampir yetishtirishni ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unda xorijiy tajriba asosida hududlarda achchiq qalampirni yetishtirish, yig‘ishtirib olish, qayta ishlash va eksport qilishni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi. 

Qarorni bajarish uchun, qalampir ko‘chatlari yetishtirishni ta'minlash va hududlarga yetkazib berish GENERAL MACHINERY GROUP (GMG) MChJ zimmasiga yuklatildi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi tarixida ilk marotaba achchiq qalampir ekish bo‘yicha ommaviy kampaniya start oldi.

Iskandar Mambetov o‘zining o‘g‘li Umrbek orqali GMG kompaniyasi bilan kontraktatsiya shartnomasi imzolaydi. Unga asosan buyurtmachi hisoblanmish GMG kompaniyasi dehqonni qalampir urug‘i bilan ta'minlash, dehqon esa 18 million dona qalampir ko‘chatini yetishtirib berish majburiyatini oladi.

«Prezidentimiz topshirig‘iga labbay deb javob qaytarib, 2018 yil fevral oyida o‘g‘lim Umrbek orqali GMG kompaniyasi bilan kontraktatsiya shartnomasi imzoladim. O‘zim 1-guruh nogironiman, revmatoid artrit bilan xastalanib, o‘rnimdan turolmaydigan va yurolmaydigan bo‘lib qolganman. Hamma ishlarni uyda, telefon orqali bajarishga o‘rganganman», - deydi Mambetov.