13 iyun kuni «2020-2021 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga asosan 2020-2021 o‘quv yili uchun qabul jarayoni va kirish imtihonlariga oid quyidagilar belgilanmoqda:
Oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga hujjatlar 20 iyundan 20 iyulga qadar (20 iyul kuni ham) bo‘lgan muddatda qabul qilinadi. Abituriyentlar hujjatlarni davlat xizmatlari markazlari (belgilangan hududlarda), Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (barcha hududlarda) va Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali topshirishlari mumkin.
Abituriyentlarga test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi hamda ketma-ketligi bir xil bo‘lgan beshtagacha bakalavriat ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etish huquqi berildi.
2020-2021 o‘quv yili uchun oliy ta'lim muassasalariga qabul kvotalari tasdiqlandi. Bakalavriatning kunduzgi ta'lim shakliga 103 575 nafar, sirtqi ta'lim shakliga 31 350 nafar, kechki ta'lim shakliga 5 025 nafar talaba qabul qilinadi. Joriy yilgi magistratura uchun qabul kvotasi – 10 425 nafar.
Kirish test sinovlari abituriyent tanlagan bakalavriat ta'lim yo‘nalishiga mos ikkita fandan o‘tkaziladi.
















