U Toshkent viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori - viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldoshevaning qamoqqa olinishi hamda Namangan shahrida MIB ijrochilari ko‘z o‘ngida o‘ziga o‘t qo‘yib yuborgan ayol bilan bog‘liq holatga to‘xtalgan.

«Men uchun, ham ayol, ham ona va gender tengligi komissiyasining a'zosi sifatida bu juda muhimdir!», deya qayd etgan Saida Mirziyoyeva.

U Guljahon Yo‘ldosheva birinchi galda ayol kishi ekanligi, qaramog‘ida 6 nafar voyaga yetmagan farzandlari borligini inobatga olgan holda Toshkent viloyati prokuraturasidan qaror qayta ko‘rib chiqilishini so‘ragan.

«Men unga qo‘yilgan ayblovlarning qonuniy yoki noqonuniyligini hech qanday baholamoqchi emasman, bu sudning mutlaq vakolati. Ammo sizning e'tiboringizni shunga qaratmoqchimanki, eng kichigi atigi ikki yoshda bo‘lgan olti farzandning onasi sudgacha qamoqda saqlanmoqda. Bizning qonunchiligimiz, boshqa rivojlangan mamlakatlar qonunchiligi singari, erkaklarga qaraganda ayollar uchun biroz ko‘proq imtiyozlarni o‘z ichiga oladi. Bunga misol sifatida ayol kishining homiladorligi yoki voyaga yetmagan farzandlari borligi unga yengillashtiruvchi holatlar taqdim etishi mumkin. Bu ham insonparvarlikning bir turi. 

Guljahonning ishida nega qonun bu qadar qattiq va qat'iy? Olti bola bilan qayergadir qochib qutilishi mumkinmi? Nahotki sudgacha qamoqda saqlash bizning huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining yagona yo‘li bo‘lsa? Jinoyat-protsessual qonunchiligida boshqa ta'sirchan ehtiyot choralarini qo‘llashga nima xalaqit beradi?

Hibsga olish — bu kuchli stress va shaxsning ma'nan sindirilishidir. Ayniqsa, uyda yosh bolalaringiz bo‘lganida... Shuning uchun Toshkent viloyati prokuraturasidan qarorni qayta ko‘rib chiqishni so‘rab qolaman», degan u.

Shuningdek, Namangandagi holatga qonunchilikda firibgarlik uchun jazo yetarli emasligi ham sabab bo‘lgani qayd etilib, deputatlardan bu masalani ko‘rib chiqish so‘ralgan.

«Uning onasi va ikki farzandi qoldi. Bu ayollar ularga boshqa birovning uyini sotib yuborgan firibgarning qurboniga aylandilar va firibgar esa jinoyati uchun qamoqqa tushdi. Mulk haqiqiy egasi tomonidan talab qilingan va sud ayollarni bolalari bilan birgalikda chiqarib yuborish bo‘yicha qaror qabul qilgan.

Bunday dahshatli holatga qo‘l urgan bu ayolning chorasizligini to‘liq tushunib turibman. Va qonunchiligimizni bu borada nomukammal deb hisoblayman. Firibgarlar qo‘liga tushib turar joylaridan ayrilib va tom ma'noda ko‘chada qolgan holatlar faqat bu ayoldagina uchramaydi. Firibgarlar qamoqqa olinishlari mumkin, lekin moddiy zararni barmoq bilan sanaydiganlari qoplaydi, xolos. Bu holda, mening nuqtayi nazarimdan, firibgarlar davlatga qarzdor bo‘lib, qonun oldida javob berishlari kerak. Davlat esa o‘z o‘rnida shunday firibgarlar girdobiga tushib qolgan insonlarga shu kabi muammolardan chiqishiga yordam berishlari lozim.