Diversity Visa uchun ariza onlayn topshiriladi. Ariza topshirish bepul. Bir kishi bir yilda faqat bir marta (odatda oktyabr-noyabr oylarida) anketa to‘ldirish huquqiga ega, takroriy ariza berganlar ishtirokchilar safidan chetlatiladi.

Elektron anketani to‘ldirish vaqti – 30 daqiqa. Shu sababli anketa to‘ldirishni boshlashdan oldin:

  • Xorijga chiqish pasportingiz bo‘lishi kerak (u qanday olinadi?)
  • Suratga tushing (batafsil 8-bandda)
  • Pochta indeksingizni aniqlab oling (batafsil 9-bandda)
  • Elektron pochtangiz bo‘lmasa, ochib oling (batafsil 12-bandda)
  • Brauzeringiz yangi ekani va internet barqaror ishlayotganiga ishonch hosil qiling.

Barchasi shay bo‘lsa, dvprogram.state.gov saytiga kirib, Begin Entry yashil tugmasini bosing. Keyingi sahifada sizdan suratdagi harf va raqamlarni kiritish so‘raladi. Kapchani o‘qiy olmasangiz, uning o‘ng yonidagi tugmani bosib, yangilashingiz mumkin. Bu sizning «dasturiy robot» emasligingizni isbotlash uchun kerak.

Anketaga kiritiladigan barcha ma’lumotlar xorijga chiqish pasportingizdagi bilan aynan bir xil bo‘lishiga e’tibor bering. Quyida anketadagi savollarning tartib raqami bo‘yicha to‘ldirish ko‘rsatmalarini sanab o‘tamiz.

Anketa to‘ldirishda so‘zlarni to‘liq bosh harfda (ESHMAT) yoki faqatgina birinchi harfini bosh harfda (Eshmat) yozish mumkin, bu ahamiyatsiz. Muhimi, faqat lotin harflaridan foydalanish zarur.

1. Last/Family Name – familiya; First Name – ism. Middle Name – ikkinchi ism, bu o‘zbekistonliklarga taalluqli emas, shu sabab No Middle Name deya belgilash lozim.