Shu bilan birga u karantin cheklovlari paytida prokurorlar va advokatlarning huquqlari teng bo‘lmagani, jazoni ijro etish muassasalari mahkumlariga bo‘lgan munosabat haqida ham gapirdi.

– O‘tib borayotgan 2020 yil O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish sohasida qanday ijobiy o‘zgarishlar bilan yodda qolmoqda?

– 2020 yil butun dunyoda, shu jumladan, O‘zbekistonda ham og‘ir yil bo‘ldi. Pandemiya sharoitida odamlarning harakatlanishi ma'lum darajada cheklandi. Albatta, bu cheklovlar xavfsizlik nuqtayi nazaridan qilindi. Shunga qaramasdan, ko‘ryapmizki, insonlarga salomatlikdan ham, nondan ham muhim narsalar bor ekan. Bular – co‘z erkinligi va inson huquqlari masalasi.

OAV orqali ko‘ryapmizki, Yevropa davlatlarida, xususan, Buyuk Britaniya va Germaniyada katta-katta norozilik chiqishlari bo‘lmoqda. Odamlar bizning ozodligimiz, harakatlarimiz, huquqlarimiz cheklanmasin, degan chaqiriqlar bilan chiqishmoqda. Demak, huquq – bu insoniyat uchun eng muhim masala. Aytaylik, bugun Liviyada odamlar jon saqlash ilinjida, Efiopiya va Somaliga o‘xshash davlatlarda esa qorin to‘ydirish dardida yurgan bo‘lsa, rivojlangan mamlakatlarda inson huquqlarini ta'minlash orzusida yuribdi va o‘z huquqlari uchun kurash olib borishmoqda.

O‘zbekistonda [2020 yilda inson huquqlarini himoya qilish sohasida] ijobiy harakatlar ko‘zga tashlanyapti. Lekin bu jarayon to‘lqinsimon, ya'ni bir ko‘tarilish-tushish bosqichida. Aytaylik, amaldorlarimizning siyosatimizga xos bo‘lmagan bayonotlar berib qo‘yayotgan holatlarini ham ko‘ryapmiz. Buning orqasidan o‘zlari yaxshigina “tarsaki” yeyishmoqda.

– Pandemiya butun insoniyat uchun kutilmagan balo, sinov bo‘ldi. Tabiiyki, bu jarayonda dunyo bo‘ylab inson huquqlarining buzilishi ham kuzatildi. Sizlarga aynan pandemiya sharoiti, joriy etilgan karantin cheklovlari ortidan huquqlari buzilgan shaxslar aynan nimalardan ko‘proq shikoyat qilishdi?

– Keling, shartli ravishda men aytay, bizda pandemiyadan ham og‘ir davrlar bo‘lgan. Men yaqin o‘tmishimizni nazarda tutyapman. Chunki insonlarning birlamchi huquqlarini ta'minlash masalasida og‘ir yillarni boshdan kechirdik. Deylik, majburiy mehnat, bolalar mehnati deymiz va boshqalar. Shu nuqtayi nazardan pandemiyadan og‘irroq paytlar ham bo‘lgan.

Lekin pandemiya paytida stixiyali-majburiy o‘zimizni cheklashga harakat qildik. Odamlar birinchi navbatda ichki ishlar idoralari, Milliy gvardiya va osoyishtalikni saqlashga mas'ul boshqa organlar bilan o‘zlarining o‘rtasida kelib chiqqan tushunmovchiliklar ortidan kelib chiqqan holatlar yuzasidan murojaatlar bilan chiqishdi.