24 aprel kuni «Sardoba» suv ombori to‘g‘onidan suv toshishi oqibatlarini bartaraf etish va hodisa sabablarini o‘rganish bo‘yicha hukumat komissiyasi raisi, bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida «Sirdaryo viloyatida suv toshqini talofatlarini bartaraf etish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar» mavzusida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan.
Tadbirkorlarning bu muammoli masalasini yoritib kelayotgan Kun.uz yig‘ilish bayonini qo‘lga kiritdi.
Yig‘ilishda Sirdaryo viloyati hokimligi va «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi tomonidan berilgan axborotga ko‘ra, zarar ko‘rgan 68 ta baliqchilik xo‘jaliklariga (ularning umumiy maydoni 2431 gektar) 64,5 mlrd so‘m zarar hisoblangan.
Shuningdek, 94 gektar maydonga ega 3 ta zarar ko‘rgan baliqchilik xo‘jaliklari bo‘yicha kiritilgan ma'lumotlar tasdiqlanmagani, 1018 gektar maydonga ega 2 ta zarar ko‘rgan baliqchilik xo‘jaliklari bo‘yicha yetkazilgan zarar miqdoriga Hukumat komissiyasining ishchi guruhi tomonidan o‘rganish tashkil etish orqali aniqlik kiritish taklif etilgan.
Yig‘ilish bayoniga ko‘ra, moliya vaziriga zararlarni qoplash uchun talab etiladigan mablag‘larni respublika budjetidan bosqichma-bosqich ajratish hamda zaruratga ko‘ra «2021 yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish kiritish taklifini berish topshirilgan.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasiga Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida favqulodda hodisa oqibatida zarar ko‘rgan baliqchilik, chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklarini 2022 yil 1 noyabrga qadar barcha soliq to‘lovlaridan ozod qilish yuzasidan 2021 yil 1 iyunga qadar Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish topshirig‘i berilgan.
Ushbu masala 25 may kuni Oliy Majlis Senati Kengashining majlisida ko‘rib chiqilgan.
Senat Kengashi Hukumat komissiyasi tomonidan hisoblab chiqilgan baliqchilik, chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklariga yetkazilgan zarar miqdorini qoplash hamda irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini qurish-ta'mirlash ishlari uchun zarur bo‘ladigan mablag‘ – 126 milliard so‘mni respublika budjetidan bosqichma-bosqich ajratish taklifini ma'qullagan.
Respublika budjetidan Sirdaryo viloyati mahalliy budjetiga ajratilgan 64 milliard so‘m mablag‘ viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayevning 2021 yil 10 maydagi farmoyishi bilan baliqchilarning hisobraqamlariga o‘tkazib berilgan.

















