10:20 / 05.05.2022
19066

Jizzaxda sel Damas mashinasini oqizib ketdi

2022 yil 4 may kuni Jizzax viloyati Zomin tumanida yog‘gan yomg‘ir kuchli sel oqimlari yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Oqibatda, aholi tomorqalari, hovlilari va ichki ko‘chalarda suv toshgan.

Foto: Kun.uz

Viloyat FVB axborot xizmatining xabar berishicha, Zomin tumanining tog‘li hududlarida kuzatilgan yog‘ingarchilik natijasida tumanning Pshag‘or, Achchi va Sho‘rcha qishloqlaridan o‘tgan soylardan kuchli sel oqqan.

Hodisa oqibatida sel suvlari “Jizzax — Zomin” avtomobil yo‘li ostida o‘rnatilgan quvurlarga sig‘masdan, ushbu yo‘lning 25, 26, 27-kilometrlari ustidan toshib o‘tgan.

“Pshag‘or” QFY Qong‘li qishlog‘ida yashovchi, 20 yoshli E.N. suvda oqib ketayotganda FVV xodimlari qutqarib qolgan. Ushbu fuqaro tan jarohatlari olmagani va ahvoli yaxshiligi ma’lum qilingan.

Bundan tashqari, “Pshag‘or” QFY hududidan o‘tuvchi soyda oqib kelgan Damas mashinasi suv o‘tkazish inshootiga pachaqlangan holda tiqilib qolgan. FVV qutqaruvchilari yaroqsiz holga kelgan mashinani quvur ichidan olib chiqishgan. Unda hech kim bo‘lmagani aytilmoqda.

2022 yil 3 may kuni yog‘ib o‘tgan yomg‘irlar Surxondaryo viloyatining bir qator hududlarida kuchli sellarni keltirib chiqardi. Sel yengil mashina va chorva mollarini oqizgan. Bundan tashqari, yuqori kuchlanishli elektr liniyasining temir ustunini yiqitgandi.

“O‘zgidromet” 3-5 aprel kunlari yog‘ingarchilik oqibatida Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Toshkent, Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi.

Avvalroq, 2022 yil 20 aprel kuni yog‘gan yomg‘irlar Jizzax viloyatining Baxmal, Forish, G‘allaorol va Sh.Rashidov tumanlarida kuchli sellar kelishiga sabab bo‘lgan. Oqibatda, ayrim aholi yashash joylari, ijtimoiy soha obektlari, ekin maydonlari sel oqimlaridan zararlangandi.

Forish tumanida 4 nafar fuqaro (1 nafar erkak, 3 nafar ayol) sel oqizib ketishi natijasida halok bo‘lgan. Ushbu tumanda bir nechta qishloqni sel bosgan, xonadonlar suv ostida qolgan, mashinalarni suv oqizgandi.

Mavzuga oid
Top