Jurnalist Shahnoza To‘ramurodova adliya vaziri Akbar Toshqulov bilan uchrashuvda siyosiy partiyalarni ro‘yxatda olishda bugungi kunda amalda bo‘lgan 20 ming imzo to‘plash talabi jamoatchilik o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘lib kelayotgani, faollar bu talab yumshatilishi tarafdori ekani haqida to‘xtalib, Adliya vazirligi jamoatchilikning bu boradagi takliflari asosida qonunchilikka tegishli o‘zgartirish kiritish niyati bor-yo‘qligi bilan qiziqdi. Vazir bunga javoban aholi soniga qiyosan olinsa, 20 ming imzo talab etilayotgani aslida juda kam ekanini ta’kidladi.
“Bizning nuqtai nazarimizga ko‘ra, [partiyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talab etiladigan] 20 ming [imzo] ko‘p emas. Bu hozir aholining necha foizini tashkil qiladi? Agar aholi 36 million kishi bo‘lsa, bu 1 foizdan kam. Bu juda kam, bu normal.
Boshqa davlatlarning ham tajribasini o‘rganganmiz. Ularda ham biznikidan keskin farq qilmaydi. Tasavvur qiling, har besh ming yoki o‘n ming odam partiya ochaversa, qancha partiya bo‘lib ketadi? Saylov varag‘i ham yetmaydi. Shuning uchun bunday to‘siqlar bor.
Chunki partiya ko‘pchilik aholining manfaatini ifoda qiladigan, ko‘pchilikning siyosiy-huquqiy qarashlarini ko‘rsatadigan tashkilot. Shuning uchun butun dunyoda [imzolar] soniga nisbatan cheklovlar bor”, deya Akbar Toshqulovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
“Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, partiyalar Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olinadi. Buning uchun esa O‘zbekistonning kamida sakkizta hududida, shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida yashayotgan hamda partiyaga birlashish istagida bo‘lgan kamida yigirma ming fuqaroning imzosi talab etiladi.
Adliya vaziri 20 ming odamni birlashtira olgan partiyalarning arizasi qonuniy ko‘rib chiqilishi, imzolar qonuniy bo‘lsa, partiyani ro‘yxatga olishda hech qanday muammo bo‘lmasligini qo‘shimcha qildi.
“Bizga kelgan murojaatlarni qonuniy tartibda ko‘rib chiqamiz. Bizga yaqin orada bu borada hujjat kelib tushmagan. Qonunda belgilangan talabga javob bersa, partiyalar ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Yigirma ming odamni birlashtirsin, hech qanday masala yo‘q. Ularning imzosini to‘plash kerak. Imzosi qonuniy bo‘lishi kerak”, deydi Akbar Toshqulov.









