Ortda qolayotgan hafta davomida O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalarning qisqacha tafsilotlari – Kun.uz dayjestida.

200 ming o‘zbekistonlikning login-parollari tarqatildi

O‘tgan hafta internetda dunyo bo‘ylab 180 milliondan ortiq kishining turli platformalardagi login va parollari tarqalib ketgan edi. Mas’ul idoralar kiberhujumga uchraganlardan 200 mingdan ortig‘i o‘zbekistonliklar ekanini aniqladi. DXX huzuridagi Kiberxavfsizlik markaziga ko‘ra, fuqarolarning tarqalib ketgan login-parollaridan aksariyati ishchi holatida, ya’ni ular yordamida foydalanuvchilarning akkauntlariga kirish mumkin. Bu esa davlat organlari va boshqa tashkilotlarning axborot tizimlari xavfsizligiga kibertahdidlarni keltirib chiqaryapti.

Kun.uz bilan gaplashgan soha mutaxassislariga ko‘ra, hakerlar tarqatgan login-parollar qatorida hukumatning yagona identifikatsiya tizimi – OneID, banklar va to‘lov tizimlari, Davlat test markazi va oliygohlarning o‘quv tizimlari, onlayn do‘konlar va ko‘ngilochar portallar, shuningdek, turli saytlarning boshqaruv panellariga kirish kodlari ham bor.

Raqamli texnologiyalar vazirligining ma’lum qilishicha, mavjud vaziyat bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilyapti, lekin OneID tizimiga kiberhujum bo‘lmagan, shuningdek, tizimning ishida nosozliklar ham kuzatilmagan. Vazirlikka ko‘ra, tizimning o‘ziga emas, tizimdan foydalanuvchi fuqarolarning elektron qurilmalariga hujum qilingan. Biz suhbatlashgan ekspertlar ham shunday fikrni ilgari surdi. Ularga ko‘ra, dunyo bo‘ylab millionlab foydalanuvchilarning internetga kiradigan qurilmalariga viruslar tushgan bo‘lib, bu viruslar brauzerdagi login-parollarni yig‘ib, hakerlarga uzatgan.

Kiberxavfsizlik markazi maxsus Telegram-botni ishga tushirib, fuqarolarga ularning shaxsiy ma’lumotlari tarqalib ketgani yoki yo‘qligini tekshirish imkoniyatini yaratdi. Agar siz ham login-parollari o‘g‘irlangan 200 ming kishidan biri bo‘lsangiz, birinchi navbatda parolni o‘zgartirishingiz, keyin kompyuter yoki smartfondan virusli dasturni o‘chirib tashlashingiz, shundan so‘ng parolni yana bir marta o‘zgartirishingiz kerak.

Bunday viruslardan saqlanish uchun esa internetdan jo‘natilgan turli shubhali havolalar va fayllarni ochmaslik, ishonchsiz manbalardan olingan dasturlarni o‘rnatmaslik tavsiya etiladi. Shuningdek, murakkab parollardan foydalanish, bitta parolni bir nechta resurs uchun ishlatmaslik, ikki bosqichli autentifikatsiya funksiyalarini yoqib qo‘yish, lisenzion dasturiy mahsulotlardan foydalanish kerak. Shu bilan birga, bepul VPN servislar ham sizning shaxsiy ma’lumotlaringizni o‘g‘irlashi mumkinligini yodda tutish lozim.