O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va "Gazprom" raisi Aleksey Miller tabiiy gaz oldi-sotdisi bo‘yicha tijoriy shartnoma imzolanganidan keyin / Foto: Energetika vazirligi

So‘mning dollarga nisbatan qadrsizlanishi

2023 yilda o‘zbek so‘mi kuchli bosim ostida qoldi. Yil boshidan buyon milliy valuta 1 dollarga nisbatan 11 246 – 12 352 dollar/so‘m ko‘rinishida shakllandi va 9,8 foizga qadrsizlandi.

Taqqoslash uchun, milliy valutaning dollarga nisbatan qadrsizlaniishi 2021 yilda 3,75 foizni (10427 / 10819), 2022 yilda esa 3,94 foizni (10819 / 11246) tashkil etgan.

Joriy yilda O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari hisoblanuvchi Turkiya va Rossiya milliy valutalari qadrsizlanishining kuchayishi so‘m qadri pasayishiga ta’sir qilgan asosiy omillardan biri bo‘ldi. Shuningdek, importning eksportdan yuqoriligi qo‘shimcha xorijiy valutani talab qildi va so‘m kursiga bosim o‘tkazdi.

Ma’lumot uchun, o‘zbek so‘mining dollarga nisbatan kursi talab va taklifdan kelib chiqib belgilanadi. Agar sotishdan ko‘ra ko‘proq odamlar dollar sotib olishni xohlasa, dollar kursi ko‘tariladi va so‘m arzonlashadi. Agar buning aksi bo‘lsa, milliy valuta mustahkamlanadi.

Eng arzon segmentdagi avtomobillar uchunrastamojka” pasaydi

Iyun oyi o‘rtalarida xorijdan avtomobil olib kirish uchun belgilangan bojxona to‘lovlarini kamaytirishni nazarda tutuvchi prezident qarori qabul qilindi. Bu safargi pasaytirish eng arzon segmentdagi avtomobillarga qaratilgani e’tiborli. Chunki shu paytgacha bojlarning pasaytirilishi ko‘pincha budjet bo‘lmagan modellarga taalluqli bo‘lardi.

Ishlab chiqarilganiga 1 yildan oshmagan, dvigatel hajmi 1000 sm kubgacha bo‘lgan avtomobillar uchun bojxona boji to‘liq bekor qilindi. Bunga qadar bunday avtomobillar uchun 15 foiz va unga qo‘shimcha har bir kub sm uchun 40 sentdan boj to‘lanardi. Shuningdek, yangi qaror bilan, dvigatelining ishchi hajmi 1000 sm kubdan 1200 sm kubgacha bo‘lgan avtomobillar uchun 15 foizlik boj 5 foizga tushirildi, qo‘shimcha koeffitsiyentlar esa bekor qilindi. Ammo bu o‘zgarish monopol kompaniya sababli tanlovsizlikdan aziyat chekayotgan o‘zbekistonliklarni u qadar xursand qila olmadi. Chunki jahonda ishlab chiqariladigan budjet avtomobillarining katta qismi aynan 1200-1500 sm kub sig‘imli dvigatel bilan jihozlangan. Bunday avtomobillar uchun esa amalda 15 foiz va har bir sm kub uchun 60 sentdan boj to‘lovi saqlanib qolindi. Pasaytirilgan stavkalar 2,5 yil davomida amalda bo‘ladi. 2026 yil 1 yanvardan boshlab bojlar yana ko‘tarilishi mumkin.