Yo‘l harakati qoidalarini qayta-qayta buzgan haydovchilar bilan “mahalla yettiligi” ish olib boradi. Bu haqda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Sherzod Ibragimov Senatining ellik yettinchi yalpi majlisida aytib o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, joriy yilning birinchi yarmida mamlakatda sodir etilgan YTHlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,6 foizga, o‘lim holatlari 1,1 foizga, tan jarohati olish holatlari 9,2 foizga kamaygan.

«Albatta, bu bizga taskinlik bermaydi. Har bitta o‘lim bilan bog‘liq YTH biz jiddiy ishlashimizni taqazo etadi. Bugungi kunda sodir etilayotgan har bir YTH chuqur ilmiy tahlillar asosida o‘rganilyapti. O‘rganish natijalariga ko‘ra, bir qator vazifalarni belgilab olganmiz. Bu YTHga sabab bo‘luvchi omillarning har birini chuqur tahlil qilish va ularni bartaraf etish bilan bog‘liqdir.

Tahlillar shuni ko‘rsatyaptiki, bu omillardan biri yo‘l infratuzilmasining talabga javob bermasligidir. Bularni bartaraf etish uchun alohida ishchi guruhlar tuzib, mutasaddi idoralar bilan avariya o‘choqlari bo‘lgan yoki noto‘g‘ri infratuzilma oqibatida yuzaga keladigan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha qator ishlar olib borilyapti.

O‘lim holatlarining sodir etilishida tezlik bilan bog‘liq bo‘lgan ayrim avariya holatlari mavjud. Ularning oldini olish bo‘yicha raqamlashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Haydovchilar malakasini oshirish bo‘yicha ham alohida chora-tadbirlar belgilangan”, deya ta’kidlab o‘tgan YHXX rahbari.

Sherzod Ibragimovning qo‘shimcha qilishicha, besh va undan ortiq qo‘pol qoidabuzarlik sodir etgan haydovchilar alohida guruh qatlamiga kiritilib, ular bilan “mahalla yettiligi” alohida maqsadli ishlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Bolalar o‘limini kamaytirish maqsadida esa Milliy gvardiya inspektor-pedagoglari va inspektor-psixologlari bolalarga bog‘cha va maktabdan boshlab yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekistonda YTH va ular oqibatida halok bo‘layotganlar soni yuqoriligicha qolmoqda. 2023 yilda mashina boshqarish huquqidan mahrum etilib, ruxsatnomasi bo‘lmagan holda yana qaytadan rulga o‘tirgan shaxslar tomonidan 707 ta YTH sodir etilgan. Buning oqibatida 212 kishi halok bo‘lgan, 546 kishi esa turli darajada tan jarohatlari olgan