15:21 / 07.07.2021
32243
“Svet” o‘chishi – endi Toshkentda ham odatiy hol

Elektr energiyasi vaqti-vaqti bilan uzilib turishi endi poytaxt Toshkentda ham noodatiy hol emas. Bugun metropolitenning uchta yo‘nalishida qator bekatlar chiroqsiz qoldi, ko‘chalarda svetoforlar ishlamay qolishi holatlari ko‘paymoqda.

Yoz boshidan beri O‘zbekiston aholisi jazirama kunlarni boshdan kechirmoqda.

Keskin kontinental mintaqa hisoblangan O‘zbekiston uchun yozda haroratning iqlimiy me'yordan 6 darajadan yuqorilashi iqtisodiy-ijtimoy sohalarda ma'lum muammolarni keltirib chiqaradi.

Bu holat hukumatni ma'lum choralar ko‘rishga undadi. Issiq kunlarda uyda bo‘lish maqsadga muvofiqligi aholiga tavsiya qilindi. Xonadonlarda sovitish moslamalaridan foydalanishda muammolar yuzaga kelmasligi uchun energetika tarmoqlari, jumladan elektr energiyasi va tabiiy gaz ta'minoti tizimlarining barqaror ishlashini ta'minlash vazifasi yuklatildi. Ammo respublikaning deyarli barcha viloyatlarida, jumladan Toshkent shahrida ham tinimsiz ravishda “svet” o‘chayotgani haqida aholidan murojaatlar bo‘lyapti.

Kuzatuvlarga ko‘ra, yurtimizda harorat ko‘tarila boshlagan 1 iyul kuni respublikamizdagi elektr energiya ishlab chiqaruvchi barcha stansiyalarda 172,7 mln kv/soat elektr energiya ishlab chiqarilgan ekan. Ammo hukumat komissiyasi tomonidan issiq kunlarda aholining elektrsiz qolishining oldini olish vazifasi qo‘yilgan 4 iyul kuni esa elektr energiyasi ishlab chiqarilishi kamaygan. Shu kuni yurtimizda bir sutkada 171,9 mln kv/soat elektr energiya ishlab chiqarilgan.

Bugun, 7 iyul kuni esa Toshkent metrosining qator bekatlarida elektr energiyasi uzilib qoldi. Poytaxtning bir nechta mavzelarida “svet” o‘chgan, ko‘chalarda svetoforlar ishlamayotgan holatlar ko‘paymoqda. Energiya muammolari hatto Toshkent uchun ham odatiy holga aylanayotgani afsuslanarli.

Metropoliten ma'muriyatiga ko‘ra, soat 12:55 – 13:05 oralig‘ida Toshkent shahar elektr ta'minoti tizimida yuzaga kelgan nosozlik sababli metropolitenning “Chilonzor”, “Yunusobod” va “O‘zbekiston” yo‘nalishlaridagi bekatlarida yorituvchi uskunalar ishlamagan, eskalatorlar to‘xtagan.

“Poyezdlar harakati to‘xtamagan, chunki poyezdlarning harakatini ta'minlovchi elektr ta'minoti alohida. Keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz”, – deyiladi bayonotda.

Energetika vazirligiga ko‘ra, bugungi anomal issiq havoli kunda O‘zbekistonda aholining elektr energiyasiga bo‘lgan bir kunlik ehtiyoji 223 mln kv/soatni tashkil qiladi. Ammo raqamlardan ko‘rinib turibdiki, energetika sohasi bu quvvatni yetkazib berishi juda qiyin. Har holda bizga kerak bo‘lgan 223 mln kv/soat hamda hozirda IES va IEMlarda ishlab chiqarilayotgan 173 mln kv/soat orasidagi farq buni isbotlaydi. GESlar esa taxminan 20 mln kv/soat elektr ishlab chiqarayotgani taxmin qilinadi.

Vazirlik axborotiga ko‘ra, 7 iyul tongida aholiga eng ko‘p elektr yetkazib beruvchi stansiyalardan biri – “Navoiy” issiqlik elektr stansiyasini gaz bilan ta'minlovchi quvurdan gaz sizib chiqishi kuzatilgan va natijada elektr ishlab chiqarish keskin kamaygan. Bu ham o‘z navbatida ko‘p sonli aholi elektrsiz qolganidan dalolat. Demak, faqat elektr bilan emas, gaz bilan bog‘liq muammolarimiz ham talaygina.

“Shu o‘rinda ta'kidlash lozimki, iyul oyining birinchi yarmida mamlakatimiz hududida havo haroratining keskin ko‘tarilishi va 6-8 iyul kunlari respublikaning sutkalik elektr energiyasi iste'moli 223 million kilovatt soatgacha yetishi kutilmoqda. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan mavsumning mos davriga nisbatan 23 foizga ko‘pdir.

Shu bilan birga, respublikamiz suv omborlariga suv kelish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 37 foizga kam yoki ko‘p yillik o‘rtacha suv kelishining 48 foizini tashkil etmoqda. Bu holat gidroelektr stansiyalarning ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining pasayishiga olib kelmoqda. Shunga qaramasdan, mamlakatimizda elektr stansiyalar orqali rejada ko‘rsatilgan hajmlarda elektr energiyasi ishlab chiqarish choralari ko‘rilmoqda”, – deyiladi vazirlik izohida.

“Hududiy elektr tarmoqlari” esa respublikadagi elektr tarmoqlaridagi favqulodda uzilishlar bartaraf etilayotganini ta'kidlamoqda. Shuningdek, bu aholining jazirama issiqda sovitish vositalaridan foydalanishi ortgani sabab yuz bergani aytildi.

Bu ta'kidlar bizga begona emas. Qish oylarida ham ko‘p marotaba takrorlangan gaplarni unutmaganmiz. Qahraton qishning bir kunida O‘zbekistonda yarim milliondan ortiq aholi elektrsiz qolgan edi. O‘shanda ham havo sovishi oqibatida elektr energiyasida sodir bo‘layotgan uzilishlarga tarmoqlarning eskirgani sababligi aytilgandi.

Shundan so‘ng Energetika vazirligi respublikada elektr energiyasi ta'minotini yaxshilash uchun 1 trln 770 mlrd so‘m ajratilganini ma'lum qilgandi.

Gulmira Toshniyozova

Top