Jamoat transportidagi tegajog‘lik 3 xil ko‘rinishda ro‘y beradi: verbal, noverbal va jismoniy. Verbal, ya’ni og‘zaki tarzda shilqimlik qilish – yoqimsiz gap otish, hushtak chalish, hayosiz takliflar bildirish bilan; noverbal esa ta’qib qilish, hayosiz videolar ko‘rsatish bilan sodir bo‘ladi. Jismoniy shilqimlik esa qizlarning tanasiga, sochlariga tegishni anglatadi. Ko‘plab holatlarda qizlar qo‘rquv sabab bu haqda xabar bera olishmaydi.

Foto: KUN.UZ

Kunning tig‘iz paytlarida – ishga, o‘qishga borish va qaytish vaqtida jamoat transporti odamlar bilan to‘ladi. Kunning shu qismida avtobus, metro yo‘lovchilar uchun har qachongidan noqulayroq bo‘ladi. Ayniqsa, ayollar uchun. Ana shunday paytlarda tiqilinch metro vagoni yoki avtobus salonida xotin-qizlarga tegajog‘lik qilish holatlari uchrab turadi. Bu haqida aksar holatlarda xotin-qizlar boshqalarga aytishga xijolat bo‘ladi yoki imkon topa olmaydi.

Har uch xotin-qizdan biri

Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Ayol” guruhida “Jamoat transportida (avtobus, metro) siz bilan biror marta bo‘lsa ham tegajog‘liq holatlari sodir bo‘lganmi?” degan so‘rovnoma o‘tkazib ko‘rdik. 294 kishi qatnashgan so‘rovnomada, 102 kishi jamoat transportida tegajog‘lik holatlariga duch kelganini, 164 kishi esa duch kelmaganini, 28 kishi esa jamoat transportidan foydalanmasligini bildirgan.

So‘rovnomaga asosan, 294 respondentdan 102 nafari tegajog‘lik holatlariga duch kelishi – taxminan har 3 qizdan bittasi shunday holatga tushishi mumkinligini anglatadi.

Balki jamoat joylarida xotin-qizlarga tegajog‘lik tez-tez uchrashi haqida ko‘pchilik bilmas: sababi bunday holatga tushgan qizlar vaziyat haqida ochiq aytishga tortingan bo‘lishi yoki shok holatida qolgani uchun aytadigani ichida qolgan bo‘lishi mumkin.

Shilqimlik 3 xil ko‘rinishda sodir bo‘ladi: verbal, noverbal va jismoniy.

Verbal, ya’ni og‘zaki tarzda shilqimlik qilish – yoqimsiz tarzda gap otish, hushtak chalish, hayosiz takliflar bildirish bilan, noverbal esa ta’qib qilish, hayosiz videolar ko‘rsatish bilan sodir bo‘ladi. Jismoniy shilqimlik esa qizlarning tanasiga, sochlariga tegishni anglatadi.

“Qo‘rqqanman, lekin negadir inday olmaganman”

Yuqoridagilarni o‘qish yoqimsiz bo‘lishi mumkin, lekin bular jamiyatda mavjud holatlar haqida.