Aholining tabiiy o‘sishi va suv iste’moli ko‘payishi, iqlim o‘zgarishi natijasida anomal issiq ob-havo yangi me’yorga aylanib borayotgani, qorli kunlar soni qisqarishi, shuningdek, suv resurslaridan irratsional foydalanish ortidan Markaziy Osiyoda jiddiy ekologik muammolar va suv tanqisligi yuzaga kelmoqda.

Suv taqchilligining mintaqaviy jihatlari

Markaziy Osiyo okean va dengizlardan olisda joylashgan, qurg‘oqchil hudud bo‘lgani sabab, bu yerda suv manbalari strategik ahamiyat kasb etadi. Mintaqa davlatlari suv resurslari nuqtayi nazaridan ikkiga ajratiladi. Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekiston kabi davlatlar «quyi oqim», Tojikiston va Qirg‘iziston esa «yuqori oqim» mamlakatlar sifatida ko‘riladi.

Ta’minot jihatdan birinchi guruhdagi mamlakatlar ikkinchi guruhdagi mamlakatlarga bog‘langan. Xususan, O‘zbekistonda foydalanilayotgan jami suv resurslarining 20 foizi mamlakat ichkarisida, 80 foizi esa qo‘shni Tojikiston va Qirg‘iziston hududida shakllanadi. Nisbatan kambag‘al hisoblanadigan «yuqori oqim»dagi ushbu ikki davlat GES va suv omborlari qurish orqali ko‘proq elektr energiya ishlab chiqarish va uni eksport qilishdan manfaatdor, bu esa mintaqadagi boshqa mamlakatlarda qishloq xo‘jaligini suv bilan ta’minlashda jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi. Ushbu jihat ko‘p yillar davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi ziddiyat va kelishmovchilikning asosiy ildizi bo‘lib keldi, suv manbalari sabab mintaqada yuzaga kelgan vaziyatdan yirik davlatlar siyosiy ta’sir ko‘rsatish quroli sifatida ham foydalandi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati tomonidan olib borilgan «suv diplomatiyasi» mintaqadagi transchegaraviy suv resurslaridan foydalanishdagi keskinlikni sezilarli darajada yumshatgan bo‘lsa-da, hozirgi kunga qadar ham Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida xalqaro standartlarga asoslangan suvdan foydalanishning umumiy qoidalari ishlab chiqilmagan.

Jahon banki ekspertlariga ko‘ra, 2050 yilga borib Sirdaryo havzasida suv resurslari 5 foizgacha, Amudaryo havzasida 15 foizgacha kamayishi kutilmoqda. 2050 yilda Markaziy Osiyoda chuchuk suv taqchilligi yalpi ichki mahsulotning 11 foizga pasayishiga olib kelishi mumkin. 

Suv tanqisligi kuchayib borishi sabab yuqori oqimdagi davlatlar va quyi oqimdagi davlatlar o‘rtasida quyidagi masalalarda muammoli vaziyatlar yuzaga kelish ehtimoli mavjud