10:05 / 06.11.2022
42458

Onix ajiotaji, vazirning ogohlantirishi va maktablarga avtomat tarqatish taklifi - hafta dayjesti

Onix'ga 4 soat ichida 1 yillik navbat hosil bo‘ldi. Toshkentga “garmoshkali” avtobuslar qaytadi. Rossiyadagi safarbarlikdan qochayotganlarni ko‘rgan o‘zbek deputati taklif bilan chiqdi. Yakunlanayotgan haftaning shu va boshqa voqealari – Kun.uz dayjestida.

Onix: Yetkazib berish muddatlari 2024 yilgacha cho‘zilib ketdi

Haftaning eng shov-shuvli voqeasi – kutilganidek, Chevrolet Onix sotuvi boshlangani bo‘ldi. Biz bu mavzuga avvalgi dayjestimizda ham to‘xtalgan edik. 9 ming dollardan 12 ming dollargacha bo‘lishi va’da qilingan avtomobil oxir-oqibat eng arzon komplektatsiyasi salkam 13 700 dollardan sotuvga chiqdi.

UzAuto monopol statusga egaligi sharoitida, narxning kutilganidan balandroq bo‘lgani talab yuqori bo‘lishiga xalal bera olmadi. Qator avtosalonlarda tirbandliklar yuzaga keldi. Ijtimoiy tarmoqlar esa satirik memlar va videolarga to‘ldi. Balki shu sababdanmi, xaridorlarning hammasi ham kamera qarshisida jurnalistlarga intervyu berishni xohlamadi. Ayrimlar esa yangi modelni olayotganini oddiy sabab bilan izohladi, ya’ni odamlar hozirgi modellardan zerikib ketgan: “Endi... Bilmayman... Bitta-yarimta yangi mashina minaylik devdik-da...”

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, 1 noyabrda tuzilgan shartnomalar soni odatiy kunlarga qaraganda salkam 30 baravarga ko‘p bo‘lgan. Natijada atigi 3-4 soat ichida 1 yillik navbat shakllanib ulgurdi. Shartnomaga yangi qo‘shilgan bandga asosan, mijozlar belgilangan muddatdan keyin yana 45 kungacha kechikishiga ham rozi bo‘lishyapti. Ya’ni 50 foiz pulini hozir to‘laganlar mashinasini 2024 yilda olishi ham mumkin. Kompaniya xaridorlarni tinchlantirib, tuzilgan shartnomalarning ko‘pi 7 kun ichida pul to‘lanmagani uchun bekor bo‘lib ketishi, natijada 1 haftadan keyin muddat qisqarishi mumkinligini ma’lum qildi.

Yangi modelga investitsiya sifatida qarayotganlar ko‘pligini aytish kerak – xaridorlarning 45 foizi birdaniga ikkita va undan ortiq Onix uchun shartnoma olgan. Ularga birinchi buyurtmasidan keyingilarining yetkazib berish muddati qo‘shimcha 4 oyga oshadi.

Avtomobilning eng qimmat varianti 17 ming dollardan sotilyapti. Sotuvning birinchi kunidagi shartnomalarning 60 foizi aynan top komplektatsiya uchun tuzilgan. Bu komplektatsiyadagi Onix'ning qolganlaridan ustunligi – turbo dvigatel, avtomat uzatmalar qutisi, eshikni kalitsiz qulfdan ochish va Start/Stop qulayliklariga ega. Lekin lyuki yo‘q – xaridorlar ko‘proq shundan norozi bo‘lyapti. Kompaniya lyuk opsiyasini keyingi yil chiqariladigan yanada qimmatroq komplektatsiya uchun asrab qo‘ygan.

Toshkent: Iflos havo, degradatsiya uchragan jamoat transporti va drenaj tizimi

“Toshkentning havosida nafas olib bo‘lmaydi”. Nobel mukofoti sovrindori Raye Kvon Chungning O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotlaridan biri aynan shunday bo‘ldi. “Toshkentga kelgan kunim baxtimga yomg‘ir yog‘ayotgan ekan, havo juda toza edi. Lekin yomg‘ir tingach, haqiqatan havoning iflosligi, nafas olib bo‘lmasligini sezdim”, – dedi koreyalik professor.

Ha, Nobel mukofoti laureati aytganidek, shaharda tozaroq havo faqat yog‘ingarchilik kunlarida bo‘ladi. Lekin bunday kunlarda shahar aholisi boshqa muammo – toshqinlar iskanjasida qoladi. Jala emas, dovul emas, shunchaki oddiy yomg‘ir ham 5-6 soat ichida Toshkent ko‘chalari suv ostida qolishi uchun yetarli bo‘lyapti. Bunday holat chorshanba kuni ham takrorlandi.

Toshkent shahar hokimligi ko‘chalarga suv toshganiga munosabat bildirib, ko‘chalar va ariqlarga odamlar tashlayotgan chiqindilar drenaj tizimini bloklab qo‘yayotganini ma’lum qildi va aholidan chiqindilarni belgilangan joylarga tashlashni iltimos qildi. Bu to‘g‘ri chaqiriq albatta, lekin e’tiborlisi shundaki, rasmiy bayonotda shahardagi drenaj tizimi halokatli ahvolda ekani haqida bir og‘iz ham gapirilmagan. Bu muammoni hal qilish bo‘yicha tayinli reja ham borga o‘xshamaydi. Eslatib o‘tamiz, hokimlik bundan 4 yil oldin ayni shu masala bo‘yicha ishchi guruh tuzgan, o‘shanda Toshkentning drenaj-lotok tizimiga dunyoning yirik megapolislari tajribasi tatbiq etilishi aytilgan edi.

Nobel sovrindori aytgan havo iflosligi masalasiga qaytsak. Ekologiya qo‘mitasining ma’lum qilishicha, Toshkentda atmosferaga zararli tashlanmalarning 93 foizi avtomobillarga to‘g‘ri keladi. Ya’ni havo iflosligining asosiy sababi – shaharda avtomobillarning ko‘pligi. Avtomobillarni kamaytirish uchun esa odamlar shaxsiy mashinada emas, ko‘proq jamoat transportida yurishi kerak. Raye Kvon Chung ham shuni ta’kidlab, shahar rahbarlarini bu masalaga jiddiy e’tibor berishga chaqirdi. “Agar ko‘pchilik shaxsiy mashinasini haydab yuraversa, vaziyat bundan ham yomonlashadi. Odamlar shahar ichiga o‘z avtomobilida kirmagani ma’qulroq”, dedi u.

Toshkentga kirish joylarida bepul avtoturargohlar bo‘lishi, shaharga kelayotgan haydovchilar avtomobilini o‘sha yerda qoldirib, uyog‘iga jamoat transportiga o‘tirib ketishi haqida bir necha yildan beri gapiriladi, bu tegishli qarorlarda ham yozilgan va muddatlar allaqachon o‘tib ketgan. Shu hafta muddati o‘tib ketgan vazifalar soni yana bittaga ko‘paydi: 1 noyabrgacha Toshkentning 11 ta ko‘chasida pulli to‘xtash joylari, ya’ni parkomatlar paydo bo‘lishi kerak edi.

Toshkent shahrining jamoat transportini oshirish rejasi raqamlarda / Foto: «Toshkenshahartransxizmat» AJ

Avtoturargohlar va parkomatlar bilan birga, eng asosiy masala – jamoat transportlarini ko‘paytirish ham juda sekin ketyapti. Shu hafta Transport vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, hozir shahardagi avtobuslarning yarmini tashkil etuvchi kichik hajmli avtobuslardan to‘liq voz kechiladi. Shaharga katta hajmli, “garmoshkali” avtobuslar qaytishi kutilyapti. Vazirlikning rejasiga ko‘ra, keyingi 5 yil ichida Toshkentga 1063 ta katta va o‘rta hajmli avtobuslar sotib olinadi. Lekin shunda ham shahardagi jamoat transportlari soni hatto 2001 yildagi ko‘rsatkichga ham yetmaydi.

Gap shundaki, 1991 yilda Toshkent shahar jamoat transportida, metrodan tashqari, 2236 ta avtobus, 527 ta tramvay, 428 ta trolleybus – jami 3191 ta harakatlanuvchi tarkib bo‘lgan. O‘tgan 30 yil davomida shaharda aholi soni bir yarim baravarga ko‘paygan, lekin jamoat transporti dahshatli darajada degdaratsiyaga uchragan: avtobuslar soni ikki baravarga kamaygan, mingga yaqin tramvay va trolleybuslar esa shunchaki yo‘q qilingan.

Senat saytiga hakerlar hujumi

O‘zbekistonda qonun chiqaruvchi hokimiyatning eng oliy organi – Senatning rasmiy sayti kiberhujumga uchradi. Saytga buzib kirgan haker(lar) unda “Kiberxavfsizlik markaziga salomlar” deb yozib qoldirdi.

Avvalroq Oliy attestatsiya komissiyasi va Surxondaryo viloyati hokimligining ham sahifalari buzilgan, umuman, O‘zbekistonda davlat organlari saytlarining himoyasiga odatda yuqori baho berilmasligidan kelib chiqib, Senat sayti voqeasiga ko‘pchilik ortiqcha e’tibor ham bermagan edi. Lekin keyingi voqealar intrigani keltirib chiqardi.

Sayt buzilganidan ikki kun o‘tib, 4 noyabrda MY5 telekanali saytga hujum qilganlar 14 yoshli o‘smirlar ekani haqida ma’lumot berdi. Reportajda 6 o‘smirdan iborat guruh o‘zini MarshGolden deb nomlashi aytiladi. O‘zini jamoat yetakchisi deb tanishtirgan yigit telekanalga bergan anonim intervyusida kiberhujumlar bilan shug‘ullanishni 2019 yildan boshlaganini aytgan. U o‘sha paytda, ya’ni 11 yoshligida Kundalik.com saytiga buzib kirib, baholarini to‘g‘rilab olganini eslagan.

“2 noyabr kuni soat 11:00da davlatga saytning zaifligini ko‘rsatish maqsadida kiberhujumni amalga oshirdik. Bizda kiberxavfsizlik rivojlanmagan, bu bizga endi kirib kelgani uchun saytlarimizda zaifliklar hali ko‘p”, – deydi yosh haker deya tanishtirilgan yigit.

5 noyabr kuni esa IIV Kiberxavfsizlik markazi MY5 telekanali reportajini inkor etdi. Markaz axborotiga ko‘ra, Senat saytiga hujum qilgan yigit boshqa Namanganning Norin tumanida yashaydi, u 3 noyabr kuni aniqlangan. Kiberxavfsizlik markazi lavhasida anonim keltirilgan yigit ham saytning zaifligini ko‘rsatish maqsadida uni buzganini aytadi. U MY5 telekanali lavhasida aytilgan ma’lumotlarni yolg‘on deb atagan.

“MarshGolden'ni men yaratganman. Telegram-kanal ham meniki, admin ham menman. [...] Men bu narsaning noqonuniyligini bilmagandim”, – degan norinlik yigit. Kiberxavfsizlik markazi haker qonunga muvofiq javobgarlikka tortilishini ma’lum qildi.

Deputat maktablarga qurol tarqatishni taklif qildi

Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh hududlari – Kursk, Bryansk, Belgorod, Voronej, Rostov va Krasnodarda o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar vatanga qaytishi mumkin. Ularga o‘qishini O‘zbekistondagi davlat oliygohlariga istisno tariqasida ko‘chirishga ruxsat berildi. Ukrainadagi urush davomida ular yashayotgan hududlarga ham havodan zarbalar berib kelinyapti.

Hafta davomida Rossiyadagi vatandoshlarning Ukrainadagi urushga jalb etilgani haqida yangi xabarlar bo‘lmadi. Oxirgi vaqtlarda juda ko‘p kuzatilgan bunday holatlar safarbarlik rasman tugagani haqidagi e’londan keyin hozircha mediamakonda ko‘zga tashlanmayapti. Shunday bo‘lsa-da, qator manbalarda mobilizatsiya yashirin tarzda davom etayotgani aytilyapti.

Iqbol Mirzo / Foto: Kun.uz

Rossiyadagi safarbarlikka O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati, shoir Iqbol Mirzoning munosabati shu hafta ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. U parlamentda hisob bergan xalq ta’limi vaziriga murojaat qilarkan, safarbarlik e’lon qilinganidan keyin yuz minglab rossiyaliklar vatanidan ketayotganini aytib, go‘yoki O‘zbekiston bundan saboq chiqarishi kerakligiga ishora qildi.

“Bor-yo‘g‘i 3 foiz maktablarimizda [o‘quv-mashg‘ulotlarida foydalaniladigan] qurollar bor. Mana shu sharoitda qo‘liga qurol ushlab ko‘rmagan bolada qanday qilib bu tuyg‘u paydo bo‘ladi. Biz o‘qigan paytlarda hamma maktablarda kamida o‘ntadan AKM avtomatlari bo‘lardi va buni qo‘limizda ushlab, zavqini tuyganmiz.

[...] Bu masalaga jiddiy qarab, nazoratini yo‘lga qo‘yish kerak. Temur bobomizning: “Agar tinchlikni istasang, urushga tayyor tur” degan mashhur gaplari bor. Sobiq sho‘ro hududida bo‘layotgan voqealar, qisman mobilizatsiya e’lon qilingach vatanini tashlab ketayotgan yuz minglab odamlar, yigitlar bugungi masalaning jiddiy ekanini ko‘rsatyapti”,– dedi Iqbol Mirzo.

Deputatning bu so‘zlari jamoatchilikda savollar uyg‘otgani sababi tushunarli: Rossiya hozirda mudofaa urushini emas, bosqinchilik urushini olib boryapti. Bosqinchilik urushida qatnashmaslik uchun boshqa joyga ketayotgan rossiyaliklar esa Iqbol Mirzo aytmoqchi bo‘lgan fikrga dalil bo‘la olmaydi.

Qo‘shimcha sifatida aytib o‘tamiz, “Tinchlikni istasang, urushga tayyor tur” degan iqtibosning Amir Temurga aloqasi yo‘q. Bu jumla milodiy 4-asrda yashagan Rim yozuvchisi Vegetiusning kitobida uchraydi. Undan avvalroq esa bunday g‘oya yunon va xitoy manbalarida tilga olingan.

“Agar islohotlarni kechiktirsak, iqtisodiy o‘sishni saqlab qolib bo‘lmaydi” — Timur Ishmetov

Shanhay Hamkorlik Sammitiga atab katta qurilishlar qilingan Samarqand o‘sha sammitdan beri anjumanlar shahriga aylanib qoldi. Shaharda deyarli har kuni turli-tuman konferensiyalar va forumlar bo‘lib o‘tyapti. 3-4 noyabr kunlari navbat O‘zbekiston iqtisodiy forumiga keldi.

Mingdan ortiq mehmonlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari qatnashgan forumning ahamiyatiga ortiqcha baho berishdan tiyilgan holda, aytish mumkinki, bo‘lib o‘tgan davlat suhbatlarida muhim bayonotlar ham yangradi. Masalan, moliya vaziri Timur Ishmetov O‘zbekiston iqtisodiyoti qiyin bosqichda ekanini ochiq aytdi.

Foto: Moliya vazirligi

Uning so‘zlarini oddiyroq qilib tushuntiradigan bo‘lsak, hozir davlat xarajatlari haddan tashqari ko‘pligi uchun budjet defitsiti ancha katta, bu defitsitni yopish uchun avvalgidek qarz olish esa endi oson emas, chunki hozir dunyoda qarz narxlari oshib ketgan. Qolaversa, O‘zbekistonning tashqi qarzi ma’lum darajaga yetib ulgurdi. O‘z-o‘zidan tushunarliki, hozirda faqat ikkita yo‘l qolmoqda: keraksiz xarajatlardan tiyilish, ya’ni budjet xarajatlarini qisqartirish va ko‘proq investorlarni jalb qilish. Investorlar kelishi uchun esa islohotlar davom etishi kerak.

“Agar islohotlarni kechiktirsak yoki orqaga sursak, keyingi ikkinchi yoki uchinchi yildan iqtisodiy o‘sishni saqlab qolishning imkoniyati bo‘lmaydi”, – dedi Timur Ishmetov. U islohot deganda teng raqobat sharoitini yaratish, energetika va boshqa tarmoqlarda narxlarni erkinlashtirishni nazarda tutdi.

Elektr energiyasi va tabiiy gaz sohasidagi muammolarning yechimi narxlarni erkinlashtirishga borib taqalishini forumda so‘zga chiqqan Jahon banki vitse-prezidenti Anna Berda ham aytib o‘tdi. Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Shiksin Chen esa hukumatni ta’lim va tibbiyotga ko‘proq e’tibor qaratishga chaqirdi. Xalqaro valuta jamg‘armasi missiyasi rahbari Ron van Ruden millionlab o‘zbekistonliklar chet elga borib ishlayotgani haqida gapirib, mamlakatning ichkarisida ishchi o‘rinlari yaratish uchun kichik va o‘rta biznesga erkinlik berish, qo‘shni davlatlar bilan ko‘proq integratsiyaga kirishish kerakligini aytdi.

O‘z navbatida, hukumat rasmiylari o‘z nutqlarida 5 yildan keyin O‘zbekistonda davlatga qarashli faqat bitta bank qolishi, AES qurish rejasidan voz kechilmasligi, Jahon savdo tashkilotiga a’zolik bo‘yicha muzokaralar tez orada yangi bosqichga chiqishi haqida gapirishdi.

Eslatib o‘tamiz, kelayotgan haftada Samarqandda yana bir katta sammit – Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti bo‘lib o‘tadi. Shu munosabat bilan shaharga kirish yo‘llari 10-11 noyabr kunlari yopiladi. 8-11 noyabr kunlari Samarqand xalqaro aeroportiga qo‘nadigan samolyotlar Navoiy aeroportiga yo‘naltiriladi.

Umrzoqovning maktablar bo‘yicha selektori

Foto: Prezident administratsiyasi

Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov maktablardagi muammolar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Ma’lum bo‘lishicha, Surxondaryoning Sho‘rchi tumanida ishlab turgan maktab yopib yuborilgan, o‘quvchilar esa 5-6 km naridagi maktabga o‘tkazilgan. Bolalar uzoqqa borishga qiynalgani uchun ota-onalar ularni maktabga jo‘natmaslikni boshlagan, natijada o‘qituvchilar sobiq maktab direktorining uyida uy maktabi ochib, dars bera boshlagan.

“Toshkentda, yozda salqin, qishda issiq kabinetlarda o‘tirgan amaldorlar bolalari qishloqning loy yo‘llarida har kuni 10 kilometrlab yurishiga, aholi uylarida o‘qishiga rozi bo‘lisharmidi? Yana uylarda ta’lim berayotgan o‘qituvchilarga maosh berilmayapti ekan. O‘qituvchining nima aybi bor bu yerda?” dedi Sardor Umrzoqov.

Selektorda Sho‘rchi hokimi o‘rinbosari va xalq ta’limi bo‘limi mudiri ishdan olindi. Tuman hokimiga hayfsan berildi. “Agar zudlik bilan vaziyat o‘zgarmasa, hokimiyat binosi bo‘shatilib, bolalar shu binoda ta’lim olishadi. Men mutlaqo jiddiy aytyapman. Hokim uyida tashkil qilaversin ishini”, – dedi administratsiya rahbari.

Yig‘ilishda maktablarning yerlari sotilib ketgani haqida ham gapirildi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘quvchi o‘rni yetishmay turgan bir paytda, 198 ta maktabning yerlari hokimlar tomonidan tadbirkorlarga berib yuborilgan. Bosh prokuraturaga har bitta holatni o‘rganib, qonuniy choralar ko‘rish va yerlarni qaytarish bo‘yicha sudga da’vo arizalari kiritish vazifasi yuklandi.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda o‘quvchilarga bepul tushlik berish bo‘yicha topshiriqlar yetarlicha bajarilmayotgani ham tanqid qilindi. Darsliklar masalasida Finlandiya tajribasi tanlab olingani, yangi darsliklar avvaliga tajriba-sinovdan o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Andijonda maktab o‘quvchilaridan hokim bilan uchrashuvda gaz-svet muammosi haqida gapirmaslik, savollarga “shukronalik hissi bilan” javob berish talab qilingan bo‘lishi mumkin. Shunga ishora qiluvchi skrinshot internetda tarqalgach, viloyat hokimligi bunaqa topshiriq bo‘lganini rad etdi. Xalq ta’limi vazirligi o‘qituvchilardan bunday topshiriq bo‘lgan taqdirda ham uni aslo bajarmaslikni so‘radi.

O‘zbekistonda Rossiya telekanallariga muqobil tarzda, boshqa davlatlar telekanallari ham efirga uzatila boshladi. UzDigital TV Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida Buyuk Britaniyaning BBC, AQShning CNN  va Bloomberg, Xitoyning CGTN va Turkiyaning TRT Avaz kanallari ko‘rsatilishini ma’lum qildi. Shuningdek, raqamli televideniye kompaniyalari veb-saytlarida Fox News, CNBC, SkyNews, France 24, “Belarus 24” va boshqa xalqaro telekanallarni ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston Andijon suv omborini birgalikda boshqarish va ikki davlat chegarasining ayrim uchastkalari to‘g‘risidagi bitimlarni imzoladi. Hujjatlarga Bishkekda uchrashgan ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari imzo chekdi. Yana bir kelishuvga ko‘ra, tomonlar suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtiradi.

Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumani sobiq hokimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Erkin Alimov yerlarni auksionsiz o‘zining qarindoshlariga rasmiylashtirib berganlikda ayblanyapti. Tumandagi banklar uning qarindoshlariga 166 mlrd so‘m imtiyozli kredit ham bergan. Hokim salkam 10 ming tonna don o‘g‘irlanishida qatnashgan bo‘lishi mumkin. Toshkent viloyatining Piskent tumanida esa prokuror yordamchisi 1500 dollar olayotgan vaqtda qo‘lga olindi, u jinoyatchiga yengilroq jazo berilishini va’da qilgani aytilyapti.

AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga 50 dona harbiy mashinalar sovg‘a qildi. Polaris rusumli yengil-taktik jangovar mashinalarning umumiy narxi – 2,8 mln dollarga teng. Amerika tomoni bu sovg‘ani “Hamkorlar salohiyatini oshirish” dasturi doirasida taqdim etdi.

Top