Xorazmda oilaviy mehribonlik uyi rahbari X.Yu. o‘z vasiyligidagi 3 nafar voyaga yetmagan qizni 2021 yil maydan 2022 yil fevralgacha, ya’ni 10 oy davomida turli erkaklar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlab kelgan. Mijozlar viloyat adliya boshqarmasining boshlig‘i hamda tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i ekani aytilmoqda. Erkaklar ko‘rsatilgan “xizmat” evaziga mudirani turli miqdordagi pul bilan siylashgan, mehribonlik uyiga homiylik yordami sifatida mebel, ofis jihozlari, oziq-ovqat, ichimlik va shirinliklar olib berishgan.

Mazkur jinoyat fosh etilgan va sudga oshirilgan. Oliy sud axborot xizmati rahbari Azizxon Obidov Kun.uz so‘roviga javoban shunday mazmundagi ish sudda ko‘rilganini tasdiqladi. Biroq ish yopiq sud majlisida ko‘rilgani uchun tafsiloti ochiqlanmasligi, qonun bunga yo‘l qo‘ymasligini bildirdi.

“Sukut saqlama” loyihasi jinoyat ishiga doir ayrim tafsilotlarni ochiqlagan. Ma’lum bo‘lishicha, viloyat adliya boshqarmasining sobiq boshlig‘i M.A. mudiraning muammolarini hal qilishda o‘z vakolatlarini ishga solishga va’da beradi. U 2021 yil aprel oyida mehribonlik uyiga xayriya sifatida printer sovg‘a qiladi (tergov davomida qurilma viloyat adliya boshqarmasi balansida bo‘lgani, mehribonlik uyi kelguniga qadar ham yaxshigina ishlatilgani, keyinchalik yaroqsiz holga kelgani aniqlangan).

Qayd etilishicha, “xayriya” qilganidan bir necha hafta o‘tgach, erkak mehribonlik uyi rahbaridan unga jinsiy ehtiyojlarini qondirish uchun qiz topib berishni talab qilgan. Shunda mudira 17 yashar yetim qiz Ra’noni (ismi o‘zgartirilgan) tanlaydi va uni och qoldirib, boshqa bolalardan ajratib qo‘yadi, tashqariga chiqishini taqiqlaydi. U ruhan mudiraning har qanday buyrug‘iga tayyor bo‘ldi deb hisoblagan ayol viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i qizga 250 ming so‘mlik sport oyoq kiyimi olib bergani, shu bois endi u bilan jinsiy aloqa qilishga majburligini uqtiradi. Adliya boshqarmasi tomonidan viloyat adliya boshqarmasi xodimlariga xizmat uyi sifatida ajratilgan xonadon adliya boshqarmasi boshlig‘ining voyaga yetmagan qizlar bilan shahvoniy uchrashuviga makon vazifasini o‘taydi.

2021 yil may oyi boshida mehribonlik uyi mudirasi o‘sha paytda 15 yoshli Aziza (ism o‘zgartirilgan)ni tanish erkak bilan jinsiy aloqa qilishga majburlagan. Qiz bunga qarshilik ko‘rsatganda mudira oshxonadan o‘qlov olib kelib, barcha bolalarning ko‘z o‘ngida qizning ukasini kaltaklagan. Shu tariqa qizning irodasini sindirgan mudira uni o‘sha kuni tanishining, keyinchalik esa boshqa erkaklarning quchog‘iga kiritishga muvaffaq bo‘lgan.