O‘zbekiston | 09:46 / 23.04.2023
40250
12 daqiqa o‘qiladi

Hayitlik olgan Toshkent, kaltaklangan ustozlar va ortayotgan energoqaramlik - hafta dayjesti

Ikki ayolni do‘pposlagan zo‘ravon video tarqalmaguncha tergovga tortilmadi: ayollardan biri IIB xodimining onasi bo‘lganida ham “delo” ochish shunaqa kechikarmidi? Olmaliqda 9 qavatli uy sifatsiz qurilgan: video chiqmasa, birov bilmasmidi? Gaz importi ko‘payib, qazib olish keskin kamaydi: bosh vazir bu yil qazib olishni sezilarli oshirolamiz degandi-ku? Ortda qolayotgan haftaning asosiy mavzulari – Kun.uz dayjestida.

Toshkentga yangi avtobuslar muborak!

Xitoydan olib kelingan 400 ta yangi avtobusning yo‘nalishlarga chiqarilishi Toshkent aholisi uchun chinakam hayitlik sovg‘asi bo‘ldi. 20 aprel tongida ilk marta yo‘nalishlarga chiqqan 400 ta yangi avtobusning 114 tasi 18 metrli “garmoshka”lar ekani ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. King Long kompaniyasi ishlab chiqargan bunday eng katta sig‘imli avtobuslar soni Toshkentda tez orada 200 taga yetadi.

Super-uzun shahar avtobuslari Toshkentda harakatlanmay qo‘yganiga 10 yil bo‘lgandi. Bunday “garmoshka”-avtobuslar poytaxt uchun oxirgi marta 1995 yilda xarid qilingan, eng so‘nggilari 2013 yilgacha harakatlangan edi. Ularning qaytishi munosabati bilan qator bekatlarning geometrik parametrlariga o‘zgartirish kiritishga to‘g‘ri kelyapti, chunki 18 metrli transportlar hamma bekatlarga ham sig‘mayapti.

Shu hafta poytaxt ko‘chalarida harakatlana boshlagan yangi avtobuslarning 286 tasi – Yutong rusumli, uzunligi 12 metr. Ulardan 117 tasi tabiiy gazda yuradi, 169 tasi esa elektrobus.

Xitoydan buyurtma qilingan 1000 ta katta avtobusning qolgan 600 tasi ham yaqin haftalarda yetib kelishi kutilyapti. Bu bilan shahar avtobuslari soni, eskilari tarkibdan chiqarilishi hisobiga, 1800 taga yetishi aytilgan. Shu tariqa, Toshkentda uzoq davom etgan jamoat transporti degradatsiyasidan keyin avtobuslar soni 1991 yildagi darajaga yaqinlashadi. Ma’lumot uchun, 90-yillar boshida poytaxtimizda 2200 tadan ko‘proq avtobus, 500 tadan ko‘proq tarkibga ega tramvay va 400 tadan ko‘p tarkibga ega trolleybus harakatlangan.

Avtobuslar ko‘payishi bilan bir vaqtda, tizim ham isloh qilinayotgani quvonarli. Tashuvchi korxonalar bilan brutto-kontrakt tizimida ishlashga o‘tish ularni son emas, sifat uchun ishlashga undashi kerak. Chunki bunda tashuvchi korxonaning daromadlari tashilgan yo‘lovchilar soniga bog‘liq bo‘lmaydi. Yo‘lkiradan 5 mln so‘m tushum bo‘ladimi, 10 mln so‘mmi – farqi yo‘q, – tushgan pullar shahar hokimiyatining maxsus hisobraqamiga o‘tkaziladi. Hokimiyat tashuvchi korxonalarga harakat jadvali va interval talablari, sanitariya qoidalariga amal qilishiga qarab pul to‘laydi. Korxonalar buning uchun Toshkentdagi 167 ta avtobus yo‘nalishini tenderda yutib olishi kerak.

Kaltaklangan o‘qituvchilar: Video tarqalmasa, jinoyat ishi ham yo‘qmi?

Surxondaryoning Uzun tumanidagi 31-maktabda ikki ayol o‘qituvchining kaltaklangani haftaning eng ko‘p muhokama qilingan voqealaridan biri bo‘ldi. Chunki voqeaning muhokama qilinadigan jihatlari ko‘p.

Bir tomondan, ikki o‘qituvchi ayol maktabda, direktor xonasida, direktorning ko‘z o‘ngida do‘pposlansa-yu, erkak direktor zo‘ravonga tayinli qarshilik qilmasa. Zo‘ravon begona emas, shu maktabning jismoniy tarbiya o‘qituvchisi ekanini hisobga olsak, u eng kamida qilmishi uchun direktor tomonidan ishdan haydalishini o‘ylashi kerak emasmidi? Hech qanaqa ma’lumot berilmaganiga qaraganda, aslida ham shunday bo‘lib chiqqan. Direktor kuchi ayollarga yetgan mushtumzo‘rni ishdan haydash tugul, unga hatto hayfsan ham berolmagan bo‘lishi mumkin. Vazir Hilola Umarova ham vaziyatni nazoratga olganini aytgan bo‘lsa ham, negadir chora ko‘rishni paysalga solyapti.

Kaltaklangan ayollardan birining aytishicha, voqea haqida ichki ishlar organlariga o‘sha kuniyoq xabar berilgan. Lekin holat bo‘yicha jinoyat ishi oradan 4 kun o‘tib, video internetda tarqalganidan keyin qo‘zg‘atildi va mushtumzo‘r qo‘lga olindi. Agar video tarqalmaganida, jinoyat ishi ochilarmidi-yo‘qmi, xudo biladi. Shu o‘rinda Uzun tumani ichki ishlar bo‘limiga nisbatan oddiygina savol tug‘iladi: agar kaltaklangan ayollardan biri ichki ishlar xodimining onasi bo‘lganida ham jinoyat ishi ochish shunaqa kechikarmidi? Yoki erkak sanoqli soatlar ichida hibsxonada yotgan bo‘larmidi?

Jinoyat ishi bezorilik moddasi bilan qo‘zg‘atilgan. Zo‘ravonni 15 mln so‘mdan 30 mln so‘mgacha jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari kutyapti. Kaltaklangan ikki o‘qituvchi esa 18 aprel holatiga kasalxonada.

Olmaliqda 9 qavatli uy sifatsiz qurilgani ma’lum bo‘lib qoldi

Internetda tarqalgan yana bir video, ehtimol, o‘nlab odamlar hayotini saqlab qoldi. Toshkent viloyati Olmaliq shahrida qurilayotgan 9 qavatli uy sifatsiz qurilayotgani haqida video tarqalishi ortidan, Qurilish vazirligi qurilishni to‘xtatishga ko‘rsatma berdi. Ma’lum bo‘lishicha, bino qurilishida seysmik xavfli hududlarga doir qurilish me’yorlari buzilgan.

Videoda qurilishdagi betonning juda ham sifatsizligi aytiladi. Vazirlik xabariga ko‘ra, obektning barcha 9 ta qavatini ko‘tarishda monolit-beton kontruksiyalarning mustahkamligi bo‘yicha laboratoriya xulosalari olinmagan. Ishlatilgan qurilish materiallarining sifatini tasdiqlovchi hujjatlari yo‘q.

Umuman, qurilish qoidalarini buzish kotlovan bosqichidanoq boshlangan. Keyin opalubka montaj ishlarida loyihadan chetga chiqilgan. Vazirlik qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berib, quruvchi tashkilot rahbarini jarimaga tortdi.

Olmaliqliklar video muallifidan minnatdor bo‘lishi kerak. Qurilish sohasi organlari esa shunchaki telefonida kamerasi bor oddiy fuqarochalik bo‘lolmagani juda ham afsuslanarli. Biz Turkiyadagi zilziladan dahshatga tushib yurgan bir paytda, qayerlardadir kotlovan bosqichidayoq qoidabuzarliklar bilan boshlangan qurilishlar 9-qavatgacha bo‘y cho‘zgan ekan. Va buni to video tarqamaguncha, hech kim “ko‘rmagan”, bilmagan.

Energoresurslar: ishlab chiqarish kamayib, import ko‘payyapti

2023 yil 23 yanvar. Energetika inqirozidan keyingi kunlar. Bosh vazir Abdulla Aripov kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikdagi xatolardan xulosa chiqarilishini aytarkan, 2023 yilda gaz qazib olishni 9 foizga oshirish imkoniyati borligini e’lon qilgandi.

Oradan uch oy o‘tdi. Statistika agentligi e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, 2023 yilning birinchi uch oyida tabiiy gaz qazib olish 9,6 foizga qisqargan. Ya’ni 9 foizga ko‘paytirish imkoniyati bor deyilgan joyda, birinchi chorak 10 foizlik qisqarish bilan tugagan. Uch oylik qazib chiqarish miqdori 1,3 mlrd kubometrga kamayib, 12,3 mlrd kubometrga tushib qolgan.

Gaz qazib chiqarish kamayishi elektr energiyasini ham kamaytirgan. Yanvar-mart oylarida 18,5 mlrd KW/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5 foizga kam.

Hukumat energetika inqiroziga qarshi kurashish uchun ko‘mirga qaytish bo‘yicha katta rejalarni e’lon qilgandi. Lekin bu yo‘nalishdagi ko‘rsatkichlar gaz va ko‘mirdan ham yomonroq: uch oy davomida ko‘mir qazib olish naq 14 foizga kamayib ketgan.

Bundan tashqari, uch oy davomida issiqlik energiyasi ishlab chiqarish 16,5 foizga, gaz kondensati qazib olish 9 foizga qisqargan. Faqatgina neft qazib olishda 6,7 foizlik o‘sishga erishilgan.

Bularning barchasi energetika inqirozidan keyin ro‘y berayotgani kishini o‘ylantiradi. Qolaversa, tabiiy qazilma boyliklarni o‘zlashtiruvchi xususiy kompaniyalarga berilgan bemisl soliq imtiyozlari ham xalqqa emas, faqat oligarxlarga foyda keltirayotganga o‘xshaydi.

Statistikaga ko‘ra, mart oyida gaz importi keskin oshib ketgan. E’tibor bering, O‘zbekiston yanvar-fevral oylarida chetdan atigi 1,7 mln dollarlik gaz sotib olgan. Birgina mart oyida esa bundan 90 barobar ko‘p – 151,2 mln dollarlik gaz import qilingan.

Buncha gaz qayerdan, qancha narxlarda sotib olingani ma’lum emas. Ehtimol qishda Turkmanistondan xarid qilingan gaz rasmiy statistikada mart oyiga kelibgina aks etayotgandir. Boshqa tomondan, aynan mart oyidan boshlab Rossiyadan gaz importini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar bo‘layotgan edi. Bu muzokaralar haqidagi shov-shuvda asosiy masala O‘zbekiston gaz tarmoqlarini Rossiyaga berib yubormaslik bo‘lgan, rasmiylar bu masalada xotirjam bo‘lish mumkinligini aytib, milliy manfaatlarga doir boshqa masalalar, ayniqsa narxlarga oydinlik kiritmagan edi. Yakunda bu muzokaralar taqdiri nima bo‘ldi – bahorning ikkinchi oyi tugayapti hamki, ma’lumot berilgani yo‘q.

Umuman, O‘zbekiston gazdan boshqa energoresurslar bo‘yicha ham borgan sari chet davlatlarga qaramligi ortib boryapti. Xususan, 2023 yil birinchi choragida neft va ko‘mir importi qariyb 1,5 barobarga oshgan. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, neft importi 43 foizga, ko‘mir importi 62 foizga ko‘paygan.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Tashabbusli budjet doirasidagi “Mening yo‘lim” loyihasiga start berildi. 27 aprelgacha ichki yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha openbudjet portalida takliflar qoldirish mumkin. Loyiha budjeti unchalik ko‘p emas – 312 mlrd so‘m. Lekin yaxshi tomoni, bu mablag‘ning hammasi ichki yo‘llarni ta’mirlashga ketadi.

Oliy sud yana 208 nafar qatag‘on qurbonlarini oqladi. Nomi oqlanganlar ro‘yxatida 30-yillar boshidagi Uchlik kengashi, ruschasiga aytganda Troykaning nohaq qarorlari bilan otuvga hukm qilingan, konslagerlarga surgun qilingan vatandoshlarimiz bor. Shu tariqa, qatag‘on qurbonlarining nomlarini oqlash bo‘yicha Oliy sudda tuzilgan ishchi guruhning sa’y-harakati bilan oqlanganlarning jami soni 616 nafarga yetdi.

Toshkent shahridagi tumanlardan birining mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i 600 dollar bilan ushlandi. DXX xabariga ko‘ra, u fuqaroga noqonuniy ravishda harbiy guvohnoma rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. “Leviy” qilmoqchi bo‘lib qo‘lga tushgan yana bir davlat xizmatchisi esa Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani hokimligida ishlaydi. U hokimiyat balansidagi 3 gektar yerni onlayn auksionda yutib berish evaziga 4 ming dollar olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Toshkentda 17 yashar qiz noma’lum erkakning hujumiga uchradi. Erkak maktabdan uyiga qaytayotgan qizning orqasidan kelib uni quchoqlab olgan, yuzidan o‘pib, qochib ketgan. Qizning otasi farzandi qattiq stressda ekanini aytib, yigitni jazolashni talab qilayotgan bo‘lsa ham, negadir hali huquqiy ish ochilmadi. Ichki ishlar organlariga yana o‘sha savolni berishga to‘g‘ri keladi: agar organ xodimining qizi bilan shunday bo‘lsa, ish ochilishi uchun necha daqiqa yetarli bo‘lardi?

Bolalar bilan bog‘liq noxush voqea Qashqadaryoda ham kuzatildi. Koson tumanida voyaga yetmagan qiz ota-onasi tomonidan ayovsiz kaltaklandi. Avvaliga o‘gay ona yig‘lab o‘tirgan qizni o‘rnidan turg‘azish uchun qattiq siltaydi, keyin qizning o‘z otasi uni xivchin bilan savalaydi. Holat bo‘yicha qiynash moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, bir kishi qo‘lga olingan.

Mavzuga oid