Qashqadaryoda «to‘rtlik» va o‘ndan ortiq boshqa rahbarlar ishdan olindi. Asosiy ma'lumotlar
Bugun, 26 oktabr kuni Qashqadaryo viloyatida jiddiy kadrlar o‘zgarishi amalga oshirildi va o‘nlab rahbarlar o‘zgardi. Tashkiliy masala ko‘rilgan viloyat faollari yig‘ilishida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov ishtirok etdi.
Dastlab, Qashqadaryo viloyati hokimi, prokurori, IIB va DSI boshliqlari ishdan olinishi kutilayotgani ma'lum bo‘ldi. Hukumat rahbarlari ishtirokidagi viloyat faollari yig‘ilishida Qarshi shahri, Chiroqchi va Mirishkor tumanlarining amaldagi hokimlari masalasi ham ko‘rib chiqilishi mumkin ekani xabar qilingandi.
Birinchi lavozim tayinlovi prokuraturaga aloqador bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Erkaboy Tojiyev Qashqadaryo viloyati prokurori etib tayinlandi. Ungacha Botir Yusupov 2018 yil 16 yanvardan beri Qashqadaryo viloyati prokurori sifatida ishlab kelayotgandi.
Shundan so‘ng, Zoyir Mirzayev Qashqadaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangani ma'lum bo‘ldi. Avvalgi hokim Zafar Ro‘ziyev 2013 yil 27 sentyabrdan buyon Qashqadaryo viloyat hokimi lavozimida ishlab kelayotgandi.
Zoyir Mirzayev 1968 yil 10 mart kuni Samarqand viloyati Jomboy tumanida tug‘ilgan. Ma'lumoti – oliy. 1994 yilda Toshkent moliya institutini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 2008-2010 yillarda - Samarqand shahar hokimi. 2010 yil 17 dekabrdan 2016 yil 15 dekabrgacha Samarqand viloyati hokimi. 2016 yildan 2018 yilgacha bosh vazir o‘rinbosari - qishloq va suv xo‘jaligi vaziri, agrosanoat majmuasi rahbari. 2018 yildan - bosh vazir o‘rinbosari - agrosanoat, oziq-ovqat va xalq iste'mol mollari majmuasi rahbari bo‘lib ishlagan. 2018 yil 7 noyabr kuni Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumani hokimi lavozimiga tayinlangan.
So‘ng Qarshi shahri, Chiroqchi va Mirishkor tumanlari hokimlari ishdan olindi. Bundan tashqari, Kitob tuman hokimi o‘z arizasiga ko‘ra vazifasidan ozod etilgan.
Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Xurram Jo‘rayev hamda hokimning qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Baxtiyor Rajabov ham ishdan ketdi.
O‘z navbatida, Xurram Jo‘rayev Chiroqchi tumani hokimi etib tayinlangan. Hokimning qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Baxtiyor Rajabov Mirishkor tumani hokimi lavozimini egallagan.
Sessiyada ishtirok etgan prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov vazifasidan ozod etilgan viloyat hokimi o‘rinbosarlariga prezident tomonidan so‘nggi imkoniyat berilganini aytgan.
Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi va Davlat soliq inspeksiyasiga ham yangi rahbarlar tayinlandi.
Shuhrat Sotiboldiyev Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bu lavozimda 2016 yil 22 fevral kunidan beri ishlab kelgan Dilshod Tursunboyevni almashtirdi.
Azamat Bozorov esa viloyat Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i bo‘ldi. Bunga qadar Ravshanjon Nasimov Qashqadaryo Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlab kelgandi.
Shu kunga qadar Kasbi tuman hokimi bo‘lib ishlab kelgan Normo‘min Xolboyev Qarshi shahar hokimi lavozimini egalladi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas'ul xodimi sifatida ishlagan To‘xtamurod Mengliyev Kasbi tumani hokimiga aylandi.
“Mikrokreditbank” ATB Qashqadaryo viloyat filiali boshlig‘i bo‘lib ishlagan Alisher Zokirov Kitob tumani hokimi lavozimiga tayinlandi.
Shuningdek, Mirishkor va Dehqonobod tumanlari Ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari ham vazifasidan ozod etilgan.
Kun yakunida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan O‘tkir Bo‘tayev viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimini egallagani ma'lum bo‘ldi.
Shuningdek, sessiyada viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy, investitsiya va qurilish salohiyati to‘liq ishga solinmayotgani, tuman va shahar sektor rahbarlari o‘z vazifalariga mas'uliyatsizlik bilan yondashayotgani tanqid qilingan.
Viloyat hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hamda turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Oybek Shagazatov va viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sirojiddin Azizovlar ogohlantirildi va bugundan viloyat hokimi vazifasida ish boshlagan Zoyir Mirzayevga ularni ishda qolish-qolmaslik masalasini prezident administratsiyasiga belgilangan muddatda kiritish vazifasi topshirildi.
Mavzuga oid
12:40 / 19.12.2024
Jizzax viloyatiga yangi hokim tayinlandi
11:02 / 15.12.2024
Taxtiqoracha dovoni avtomobillar harakati uchun vaqtincha yopildi
17:52 / 11.12.2024
Timur Ishmetov Markaziy Bank raisi etib tayinlandi
15:57 / 10.12.2024