O‘zbekiston | 08:05 / 16.11.2025
8561
16 daqiqa o‘qiladi

Toza havoga boj va shifokorlarga imtiyozlar - hafta dayjesti

O‘zbekistonliklar yoppasiga toza havo izlayapti: havo filtrlariga talab Katta bo‘ron paytidagi darajaga yetdi. Tibbiyot xodimlari uchun imtiyozlar to‘plami: davlat xususiy sektor bilan raqobatlashishga majbur bo‘lyapti. Islomiy bank ochishga ruxsat beriladi: uzoq tayyorlangan qonun nihoyat qabul qilindi. Ortda qolayotgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid shu va boshqa muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Havo tozalagichlar bozorida “bum”

2021 yil noyabr oyida Toshkentda ro‘y bergan dahshatli chang bo‘roni esingizdami? O‘shanda hatto eshik-derazalari mahkam yopilgan uy ichida ham nafas olib bo‘lmay qolgandi. Natijada, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bir kun ichida poytaxtda yashovchi 700 ga yaqin kishi nafas qisishi sabab tez yordamga murojaat qilgan. Oradan bir necha kun o‘tib, poytaxtliklar yana bir ayanchli hodisa – changga bo‘kkan iflos qor yog‘ishiga ham guvoh bo‘lgan edi.

O‘zbekiston aholisining iflos havo sabab o‘zi va yaqinlari sog‘ligidan tashvishlanish darajasi o‘shanda eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan. Lekin vaziyat taqozosi bilan, so‘nggi kunlarda odamlarimiz orasida xuddi o‘sha paytdagidek ommaviy xavotir yana kezib yuribdi. Google statistikasiga qaraganda, bu hafta o‘zbekistonliklarning “ochistitel vozduxa” (havo tozalagich) so‘zini internetda qidiruvga berish ko‘lami – 2021 yil noyabr oyining birinchi haftasi darajasigacha ko‘tarilgan. Boshqacha aytganda, o‘sha dahshatli chang bo‘roni paytida qancha odam havo tozalagichga qiziqqan bo‘lsa, bugun ham kamida o‘shancha, ehtimoldan undan ham ko‘proq vatandoshimiz bu texnikani sotib olish niyatida yuribdi.

Aynan qancha odam havo tozalagich izlayotganini Google Trends'dan bilib bo‘lmaydi. Aniqroq raqamlarni Bojxona qo‘mitasi statistikasidan topish mumkin. Unga ko‘ra, O‘zbekistonga maishiy havo tozalagichlar importi oxirgi 3 yilda 9 barobarga oshgan. 2022 yilda bunday mahsulotlardan 2 mingta olib kirilgan bo‘lsa, 2025 yilning o‘n oyida jami qiymati 1,3 mln dollarlik 18,5 mingdan oshiq havo tozalagich import qilingan.

Shu tariqa, ekologik vaziyat taqozosi bilan, bundan buyog‘iga toza havo – tekin emas. Ustiga ustak, import qilingan havo tozalagichlar (TIF TN kodi 8509) uchun naq 20 foizlik boj o‘rnatilgan. Natijada, bolalari va ota-onasi bilan hech bo‘lmaganda uyining ichkarisida, nisbatan tozaroq havodan nafas olishni xohlovchilar, buning uchun tom ma’noda soliq to‘lashiga ham to‘g‘ri keladi.

Ko‘chaga chiqqanda esa, kuzdan to bahorgacha aksariyat kunlari niqob taqish ham obektiv zaruratga aylanib qoldi. Ifloslanish darajasi oshib ketgan paytlarda ochiq havoga kamroq chiqish, chiqqanda ham niqob taqqan holda chiqishni o‘tgan oydan boshlab O‘zgidromet ham rasman tavsiya qila boshladi. Tashkilot uch haftadan beri har kuni (!) shunday tavsiya berib borishni kanda qilmayapti. Va bu tavsiya faqat toshkentliklarga taalluqli emas. Masalan, dushanba kuni O‘zbekistonning 14 ta yirik shahridan 13 tasida havo ifloslanishi kuzatildi. O‘sha kuni Andijonda havo sifati poytaxtdagidan bir necha barobarga yomonroq edi.

Toshkentda Inkuzart taxallusli ko‘cha rassomi chizgan strit-art

IQAir portali va ilovasida ham O‘zbekiston shaharlaridagi havo sifatini kuzatib boruvchilar oshib boryapti. Portalning Toshkent shahri bo‘yicha obunachilari soni 600 mingga yaqinlashib qolgan. Shahrimizda ijod qiluvchi Inkuzart taxallusli ko‘cha rassomi o‘tgan hafta taqdim etgan yangi strit-artini ayni shu mavzuga bag‘ishladi: suratda odamlar ko‘chada gazga qarshi niqob taqib yurganini ko‘rish mumkin.

Toshkentdagi daraxtlar qirg‘ini bo‘yicha jinoyat ishi ochildi

Havo iflosligi fonida, virusli infeksiyalar va umuman nafas yo‘llari kasalliklariga chalinayotganlar soni ko‘payib boryapti. Kislorod ishlab chiqaradigan daraxtlarni noqonuniy kesish jinoyatlarini esa to‘xtatib bo‘lmayapti. Shu hafta ma’lum bo‘lishicha, Toshkentning Yakkasaroy tumanida 174 ta daraxt rasmiylarning buyrug‘i bilan qirg‘in qilingani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda, ekologiya vazirining maslahatchisi Rasul Kusherbayev prokuraturani nomardlikda ayblayapti.

“Daraxt kesish topshirig‘ini bergan shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov yana suvdan quruq chiqmoqda. Uning o‘rniga topshiriqni bajargan, "tanka"si yo‘q obodonlashtirish xodimlari javob beradigan ko‘rinadi. Mana bu haqiqiy nomardlik!!!” – deya yozdi Kusherbayev. Rahmonovga qaratilgan bu ayblovni avvalroq shahar hokimligi rad etgan edi.

Toshkentdagi yashillik bilan bog‘liq yana bir holat ham so‘nggi kunlarda jamoatchilik e’tiborini tortdi. Xabaringiz bo‘lsa, xalq tilida “Toshturma” deb atalgan sobiq 1-son tergov hibsxonasi 2017 yilda Zangiotaga ko‘chirilgan va uning Yunusoboddagi eski binosi 2018 yilda buzib tashlangan edi. Vazirlar Mahkamasi o‘sha yili qabul qilgan farmoyishga binoan, 3 gektarlik bu hududda shahar hokimligi xiyobon barpo etishi kerak edi. Lekin haligacha bu hujjat talabi bajarilgani yo‘q. Negaligi esa kuni kecha oydinlashdi: ma’lum bo‘lishicha, sobiq hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev bu hududni xususiy tadbirkorga berib yuborgan ekan. Natijada, yashil makon bo‘lishi belgilangan joy 7 yildan beri chiqindilar uyulgan taqir va tashlandiq holatda qolyapti. Chunki tadbirkor bu yerda yo mehmonxona, yo “dom” qurmoqchi, lekin bosh rejadagi taqiq sababli qurilishga ruxsat ololmayapti.

Yunusoboddagi sobiq 1-sonli tergov hibsxonasi o‘rni. 2025 yil 14 noyabr / Foto: Kun.uz

Ekologiya vaziri prezident oldiga takliflar bilan kirdi

Havo ifloslanishi va umuman ekologik muammolar bo‘yicha rasmiylar ko‘rayotgan so‘nggi choralar haqida ham to‘xtalsak. Ekologiya vazirligi Toshkent shahri va uning atrofida filtr o‘rnatmasdan ishlayotgan issiqxonalarga qarshi reydlarni kuchaytirdi. Vazirlik xabariga ko‘ra, keng ko‘lamli nazorat tadbirlari doirasida 106 ta issiqxona faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan, 58 tasi jarimaga tortilgan. Yana 387 ta holatda issiqxonani ekologik talablarga moslashtirish, avtomobil shinalari, plyonka va o‘simlik qoldiqlaridan yoqilg‘i sifatida foydalanmaslik yuzasidan ogohlantirish berilgan. Ma’lumot uchun, o‘tgan oydagi prezident farmoniga asosan, bu yildan boshlab issiqxona xo‘jaliklariga qishda ham kafolatli hajmda tabiiy gaz yetkazib berilishi kerak.

Havo ifloslanishi va boshqa ekologik muammolar 11 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzuridagi yig‘ilishda muhokama qilindi. Unda ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov sohada o‘zgarish qilish bo‘yicha o‘z takliflarini taqdimot qildi. Rasmiy xabarga ko‘ra, vazir ekologiya organlarining vakolatini kengaytirish va ekologik nazorat bo‘yicha yondashuvlarni o‘zgartirishni ilgari surgan.

Yangi choralar – daraxtlar kesilishi va havo ifloslanishining oldini olish, sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, sanoat korxonalari uchun ekologik talablarni kuchaytirishga qaratilgan. Davlat rahbari bildirilgan takliflarni ma’qullagani aytilyapti. Prezident matbuot xizmati tarqatgan rasmiy xabar ancha umumiy gaplardan iborat bo‘lgani uchun, aynan qanaqa yangiliklar haqida gap ketayotgani hozircha ma’lum emas.

Tibbiyot xodimlariga imtiyozlar

Noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi – O‘zbekistonda tibbiyot xodimlari kuni. Shu kuni bayram sovg‘asi sifatida prezident qarori imzolandi. Hujjat soha xodimlari uchun haqiqatan ham sovg‘a deyishga arzigulik yangiliklar bilan to‘la.

Avvalo, kelasi yildan boshlab tibbiyot xodimlariga har yili kasb bayramida pul beriladi. Rag‘bat puli miqdori – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga teng bo‘ladi. Bu miqdor hozir 1 mln 271 ming so‘mga teng. Demak, agar keyingi bayramgacha stavka 10 foizga oshirilsa, davlat shifoxonalarida ishlaydiganlar kelasi yil noyabr oyining ikkinchi yakshanbasida taxminan 1,4 mln so‘mlik mukofotni kutishlari mumkin.

Qolaversa, 2026 yil apreldan boshlab, davlat tibbiyot muassasalari 5 kunlik ish haftasiga o‘tadigan bo‘ldi. Bunda, dam olish kunlari ish navbatchilik asosida tashkil etiladi.

Qaror bilan, davlat shifoxonalarida kamida 15 yil ish stajiga ega xodimlar uchun uchta katta imtiyoz e’lon qilindi.

Birinchidan, ularning farzandlariga bakalavriatdagi bir yillik kontrakt summasining 30 foizgacha qismi to‘lab beriladi. Hujjat matnidan kelib chiqilsa, bu imtiyozdan nafaqat shifokorlar, balki hamshiralar, laborantlar, feldsherlar va farmatsevtika xodimlari ham foydalana oladi. E’tiborlisi, ularning xususiy universitetda o‘qiydigan farzandlari ham bu imtiyozdan foydalana oladi – “faqat davlat oliygohlariga” yoki “faqat tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha” degan cheklovlar yo‘q.

Ikkinchidan, bunday xodimlarga har yili sanatoriyga borish uchun bepul yo‘llanma beriladi. Uchinchidan esa, tajribali tibbiyot xodimlari ipoteka asosida uy olmoqchi bo‘lsa, boshlang‘ich to‘lovning 25 foizini davlat qoplab beradi. Lekin birinchi ikkita imtiyozdan farqli ravishda, bu imkoniyat hammaga ham berilmaydi: 15 yil ish stajiga ega bo‘lishdan tashqari, har yili tasdiqlanadigan 500 kishilik ro‘yxatga kirish ham kerak. Imtiyozli ipoteka oluvchilar ro‘yxatiga kirish shartlari esa hali ma’lum emas.

“Davlat shifoxonasida 15 yil ishla: bolangning kontraktini qisman davlat to‘lab beradi, o‘zing esa har yili sanatoriyga borasan, omading kelsa, ipoteka imtiyozini ham olishing mumkin” degan chorlov, taxmin qilish mumkinki, yaxshi kadrlarning xususiy sektorga o‘tib ketishining oldini olishga qaratilgan. Ya’ni, mehnat bozoridagi vaziyat sababli, hukumat xususiy sektor bilan raqobatlashishga majbur bo‘lyapti.

Sanab o‘tilganlardan tashqari, davlat shifoxonalarida kamida 3 yil ishlagan xodimlar har yili bir marta bepul yuqori texnologik ixtisoslashgan tibbiy yordam olishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, ish staji qancha ekanidan qat’i nazar, davlat ishida ishlaydigan barcha tibbiyot xodimlari uchun barcha turdagi davlat xizmatlari to‘lovi ikki barobarga kamaytiriladi.

Qarorga ko‘ra, tuman darajasida yangi davolash usullarini joriy qilib, uning ijobiy samarasiga erishgan shifokorlarga BHMning 50 barobari miqdorida pul mukofoti beriladi. Bu hozirgi stavka bo‘yicha 20 mln 600 ming so‘m degani. Tibbiyot muassasalarining rahbarlari esa, har yili o‘tkaziladigan tanlovlarda g‘olib chiqish orqali, o‘zi uchun 30 mln so‘m, qo‘l ostidagi tashkilot uchun esa 500 mln so‘m rag‘bat pulini yutib olishi mumkin.

Dushanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashib, ularni bayram bilan tabrikladi, soha bo‘yicha yana qator yangiliklarni e’lon qildi. Xususan, shifoxona rahbari va bosh shifokor vakolatlari ajratilib, rahbarlar oldiga qattiq talablar qo‘yilishi kutilmoqda. Tibbiy ta’limda oilaviy shifokor va hamshira tayyorlashga e’tibor kuchaytirilib, bu yo‘nalishlar bo‘yicha kvotalar ko‘paytiriladi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Markaziy Osiyo va Ozarboyjon prezidentlari Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida (Turkmaniston rahbari hali yetib kelmagan) / Foto: O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati

Markaziy Osiyo prezidentlari navbatdagi maslahat uchrashuvi uchun Toshkentga yig‘ildi. Bu – mintaqaviy hamjihatlik yo‘lida ushbu formatdagi yettinchi uchrashuv bo‘lyapti. Ozarboyjon prezidenti bu “klub”ning doimiy mehmoniga aylanib ulgurdi: 2023 va 2024 yillardagi “maslahat oshlari”da qatnashgan Ilhom Aliyev 2025 yilgi sammitda ham ishtirok etyapti. Sammitdan bir kun oldin Qozog‘iston prezidentining, sammitdan keyingi kuni esa Turkmaniston prezidentining O‘zbekistonga davlat tashriflari ham tashkil etildi. Mintaqaviy yetakchilar yangi qurilgan “Toshkent-Humo” (qurilish vaqtidagi nomi “Toshkent-Sharqiy”) aeroportiga qo‘ngan ilk xorijlik prezidentlar bo‘lgani e’tiborga molik. 14-17 noyabr kunlari bo‘lib o‘tayotgan ketma-ket uchta sammit tafsilotlari bilan Kun.uz sahifalarida tanishtirib boramiz.

O‘zbekistonda islomiy banklar to‘g‘risida qonun qabul qilindi. Qonunchilik palatasida qabul qilinib, Senatga yuborilgan qonun bank-moliya sohasida yangi yo‘nalish ochilishi va xorijiy investitsiyalar kirib kelishiga yo‘l ochadi. Hafta davomida, shuningdek, bank kartalariga oid qonunchilikka yangiliklar kiritildi. Unga ko‘ra, endilikda 14-18 yoshli o‘smirlar o‘zlari mustaqil ravishda bank kartasi ochishi mumkin. Ota-onalar 14 yoshgacha bo‘lgan farzandlariga ham bank kartasini ochtirishi mumkinligi belgilandi. Bundan tashqari, YaTTlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun biznes kartalar joriy etilyapti. Yuridik shaxslar esa korporativ kartalar orqali ichimlik suvi va kanalizatsiya to‘lovlarini amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.

Yangi Toshkentda yana bir yangi stadion qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Bu safargisi kattaroq – 55 ming tomoshabinga mo‘ljallangan, qiymati 100 mln dollarlik arena bo‘ladi. Bir necha oy oldin Yangi Toshkentda 12 ming o‘rinli Olimpiya stadioni ham ochilgan edi. Bu stadionlar 2027 yilgi FIFA U-20 jahon chempionati va 2029 yilgi yoshlar o‘rtasida Osiyo o‘yinlarini qabul qiladi. Bu hafta, shuningdek, futbol bo‘yicha o‘smirlar jamoamiz Jahon chempionati pley-offiga chiqdi, milliy jamoamiz esa o‘rtoqlik uchrashuvida Misrni mag‘lub etdi. O‘yindan oldin Timur Kapadze milliy jamoadan ketganini e’lon qildi – u faoliyatini xorijda davom ettirishi kutilyapti.

Toshkentda chiqindidan qarzi borlarni jazolashning yangi mexanizmi ishga tushdi. O‘tgan hafta 25 mingta iste’molchiga ogohlantiruvchi SMSlar yuborilgan edi. Ma’lum qilinishicha, shundan keyin ularning 20 mingtasi 5 kun ichida qarzini to‘lagan. Qolgan 5 mingta iste’molchi esa elektr energiyasiga to‘lov qilish imkoniyatidan mahrum qilingan. Endi ular chiqindidan qarzini uzmaguncha, svet uchun pul to‘lolmaydi. Qarz yopilishi bilanoq, cheklov bekor bo‘lishi aytilyapti. Dekabrdan boshlab bunday tartib respublikaning qolgan hududlarida ham amal qila boshlaydi.

Muallif – Komron Chegaboyev
Doimiy boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvirchi – Shohruz Abdurayimov

Mavzuga oid