Ma'lum bo‘lishicha, 56 kishi turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan. Jami 17300 kishi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.

Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi 22ta aholi punktlaridan 70 mingga yaqin fuqaro Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hududlariga evakuatsiya qilingan.

«Bundan tashqari, ehtiyot chorasi sifatida yana 3 ming kishiga mo‘ljallangan zaxira o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Evakuatsiya qilingan insonlarga zaruriy shart-sharoitlar yaratildi. Ular issiq ovqat, dori-darmon va dam olishlari uchun joy bilan ta'minlandi.

Shu bilan birga, hozirgi epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda, barcha tadbirlar sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etgan holda amalga oshirilmoqda.

Parallel ravishda evakuatsiya qilinganlarning ro‘yxatini tuzish ishlari ham davom etmoqda», – dedi FVV matbuot xizmati rahbari Murod Sodiqov.

Qayd etilishicha, hodisa oqibatida Sardoba tumanining Qo‘rg‘ontepa va Do‘stlik aholi punktlarida bino-inshootlar va ekin maydonlariga jiddiy zarar yetgan.

Dambaning 6-piketi buzilib, suv toshib chiqa boshlashi 1 may kuni tonggi soat 05:55dan boshlangani xabar qilingan edi. Ombordan suv chiqishi soat taxminan 17:00ga kelib to‘xtagan.

«Shundan so‘ng favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha harakatlarning keyingi bosqichiga o‘tildi. Ayni paytda omborning suv toshqini ro‘y bergan qismini mustahkamlash ishlari olib borilmoqda.

Suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish choralari O‘zbekiston prezidentining shaxsan nazoratiga olingan. Davlat rahbari topshirig‘i bilan, ushbu favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzildi», – dedi Murod Sodiqov.