O‘zbekistonda koronavirusga chalinib, uy sharoitida davolanayotgan bemorlarga tarqatiladigan dorilar to‘plami qayta tasdiqlandi. Bu haqda 30 iyul kuni AOKAda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zolari ishtirokida o‘tgan brifingda ma'lum qilindi.
«Kuni kecha Maxsus komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda uyda va statsionar sharoitda davolanayotgan bemorlarning davolash protokoli ko‘rib chiqildi. Va uyda davolanuvchi bemorlar uchun bepul dori-darmonlar to‘plami tasdiqlandi.
Bu qutiga gidroksixloroxin, azitromitsin, D va S vitaminlari, rux (sink) va «Oksolin» mazi kiritilgan», – deya shtab a'zosi Habibullo Oqilovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Qayd etish joiz, savdo nomi «Plakvenil» bo‘lgan gidroksixloroxin preparati koronavirusga qarshi befoyda ekani Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tasdiqlangan, shunday bo‘lsa-da O‘zbekistonda ushbu doridan foydalanish davom etib kelinayotgani jamoatchilikda e'tirozlarni uyg‘otmoqda.
Iyun oyi boshida Oksford olimlari ushbu dori kasallikni davolashda yordam berishini isbotlovchi dalillarni topa olmagan, aksincha preparat o‘lim xavfini oshirishi mumkinligi haqida xulosaga kelgan edi. Tadqiqot natijasiga ko‘ra, gidroksixloroxinni qabul qilgan bemorlarning 25,7 foizi 28 kun ichida vafot etgan. Bu malhamni qabul qilmaganlar orasida o‘lim darajasi 23,5 foizni tashkil etgan.
To‘plamdagi dorilar JSST ko‘rsatmalari asosida tanlanishi aytilgan edi
O‘zbekistonda koronavirusni yengil shaklda kechirib, uyda davolanayotgan bemorlar bepul dori-darmonlar bilan ta'minlanishi haqida iyul oyi o‘rtalarida e'lon qilingan, to‘plamdan gidroksixloroxin ham joy olgandi.
Keyinroq ma'lum bo‘ldiki, 17 iyulda to‘plamga kiritilgani e'lon qilingan gidroksixloroxin 13 iyulda O‘zbekistondagi davolash protokolidan chiqarilgan.








