“Özi rozi bölgan”ga çiqarilgan norasidalar

Ötgan hafta oxirida ma’lum bölib, boşqa noxuş xabarlarga ulanib ketgan Xorazmdagi pedofil-amaldorlarning jinoyati qayta körib çiqiladigan böldi. Viloyat prokuraturasining Oliy sudga kiritgan protesti qanoatlantirildi. Unga asosan, yengil jazo bilan qutulgan ikki sobiq amaldor Xorazm viloyati sudida boşqatdan sud qilinadi.

“Sukut saqlama” loyihasi oşkor qilgan ma’lumotlarga köra, Xorazm viloyati adliya boşqarmasining sobiq boşliği Oybek Maşaripov va Yangiariq tumani favqulodda vaziyatlar bölimi boşliği Anvar Quryazov Urgançdagi oilaviy mehribonlik uyining 15-17 yoşli tarbiyalanuvçilari bilan jinsiy aloqa qilib kelgan. Xiva tuman sudi ularga atigi 1,5 yillik ozodlikni çeklaş jazosini tayinlagani – jamoatçilikni junbişga keltirdi, sudlar va huquqni muhofaza qiluvçi idoralar şa’niga katta doğ bölib tuşdi.

Mehribonlik uyi mudirasi Yulduz Xudoyberganova esa öz vasiyligidagi bolalarga şafqatsizlarça ruhiy va jismoniy zörlik işlatib, ularni 2022 yil fevralgaça, 10 oy davomida turli erkaklar bilan jinsiy aloqa qilişga majburlab kelgan. Buning uçun u 5,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Ikki amaldorga berilgan jazodan farqli ravişda, Boş prokuratura mudiraga berilgan jazoni adolatli deb hisoblayapti.

Muxbirimiz Urgançga borib olib borgan suriştiruvlaridan ma’lum bölişiça, ayol voyaga yetmagan qizlarga mast qiluvçi içimliklar içirib, ularni tungi klubda mijoz topişga ham majburlagan. Bundan taşqari, avvalboşdan bu ayolga bolalarning vasiylikka berilişi ham noqonuniy bölgan bölişi mumkin. Mehribonlik uylari yopilib, bolalar oilaviy mehribonlik uylariga tarqatilgaç, qizlar hamma bolalar qatori oddiy maktabga bora boşlagan va ana şu maktab direktorining sa’y-harakatlari bilan jinoyat foş bölişiga olib kelgan.