Yakunlangan hafta davomida O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalarning qisqacha tafsilotlari — Kun.uz dayjestida.

Hafta prezident Shavkat Mirziyoyevning eng janubiy viloyat — Surxondaryoga joriy yil davomidagi uchinchi tashrifi bilan yodda qoldi. Prezident Surxondaryoda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari, viloyat aholisining turmush tarzini yuksaltirishga qaratilgan rejalar bilan tanishdi.

Mirziyoyev Boysun tumanida «Mustaqillikning 25 yilligi» gaz-kimyo majmuasi qurilishi bilan tanishdi.

Surkhan Gas Chemical Operating Company xorijiy korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan, 7 ming kishi mehnat qilayotgan mazkur loyihaning qiymati qariyb 3 mlrd dollar. Majmua yiliga 5 mlrd metr kub gazni qazib chiqarish va qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi. Hozirgacha konni o‘zlashtirishga 1 mlrd 450 mln dollarlik investitsiya kiritilib, 20 ta quduqda burg‘ilash ishlari yakunlangan. 11 ta gaz qudug‘i sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan.

«Asosiy maqsad gazni xomashyo holatida sotish emas, uni qayta ishlab, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar olish bo‘lishi lozim. Investitsiya tez vaqtlarda o‘zini oqlab, zavod raqobatbardosh bo‘lishi uchun oxirgi mahsulot sifatli va yuqori daromadli bo‘lishiga erishish kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident mamlakatning ikkinchi yirik GESiga aylangan To‘palang gidro elektr stansiyasiga bordi. Bu yerda so‘nggi uch yilda suv omborining sig‘imi 380 mln metr kubdan 500 mln metr kubga ko‘tarildi. Jami quvvati 145 megavattli ikkita agregat o‘rnatildi. To‘palang GESning umumiy quvvati 175 megavattga yetib, Chorvoq GESdan keyin mamlakatdagi ikkinchi yirik stansiyaga aylandi.

Sariosiyoda quvvati 16 MW va yiliga 70 million kWh ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqaradigan «Zarchob–3» kichik GESi qurilishiga ham start berildi. 2020 yil dekabrda 37 MWli «Zarchob–1» hamda 2021 yil sentabrda 38 MWli «Zarchob–2» GESlari ishga tushirilgandi.

To‘palang daryosi negizida gidro energetika quvvatlarini oshirish bo‘yicha taqdimot ham o‘tkazildi. Unga ko‘ra, kelgusi yillarda daryoning yuqori qismida qurish uchun 20 ta istiqbolli loyiha shakllantirilgan. Ularning umumiy quvvati 264 MW bo‘lishi mo‘ljallangan.