Prezident farmoni bilan odam savdosidan jabrlangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirildi. Shuningdek, Migratsiya agentligida amalda ishlamagan xodimlarga qariyb 1 milliard so‘m ish haqi to‘langani aniqlandi, Toshkentda esa keshbek tizimi orqali 4,7 milliard so‘mlik firibgarlik sxemasi fosh etildi. Shu va boshqa mahalliy yangiliklar bilan Kun.uz dayjyestida tanishtiramiz.

Odam savdosi jabrlanuvchilariga davlat ko‘magi kengaytirildi

Prezident farmoni bilan odam savdosidan jabrlangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirildi.

Yangi tartibga ko‘ra, reabilitatsiya markazlarida ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar doirasi kengaytirilib, jabrlanuvchilarni qabul qilish va xizmatlardan foydalanish muddatlari aniq belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, reabilitatsiya markazlariga borib-kelish bilan bog‘liq transport xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi. Bundan buyon erkaklar, chet el fuqarolari hamda O‘zbekistonga olib kelingan repatriantlarga xizmat ko‘rsatish tartibi ham yagona tizim asosida muvofiqlashtiriladi.

Migratsiya agentligida ishlamagan xodimlarga qariyb 1 mlrd so‘m maosh to‘langan

Migratsiya agentligida amalda ishlamagan ikki xodimga qariyb 932 million so‘m ish haqi to‘langani aniqlandi.

Bosh prokuratura huzuridagi departament ma’lumotiga ko‘ra, shuningdek, intizomiy jazo ta’sirida bo‘lgan 8 nafar xodimga ham qonun talablariga zid ravishda 88,5 million so‘m to‘lab berilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasida nazarda tutilgan o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish alomatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Keshbek tizimidagi 4,7 mlrd so‘mlik sxema fosh etildi

Toshkent shahrida soxta xarid cheklari orqali davlat byudjyeti mablag‘larini o‘zlashtirish sxemasi fosh etildi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, qalbaki cheklar Telegram orqali minglab fuqarolarga tarqatilgan. Shu orqali Soliq Mobile ilovasida 4,7 milliard so‘mdan ortiq keshbek hisoblanib, uning asosiy qismi to‘lab berilgan.

Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167 va 228-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.

25 mlrd so‘mlik kredit firibgarligi fosh bo‘ldi

Surxondaryo viloyatida soxta hujjatlar orqali 25 milliard so‘mlik firibgarlik sxemasi fosh etildi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, avvaldan garovda bo‘lgan bino-inshootlarga oid soxta hujjatlar tayyorlanib, ular takroran garov sifatida rasmiylashtirilgan. Shu asosda tijorat bankidan 25 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, talon-toroj qilingani aniqlangan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.

Jizzaxda bloger qiz ishtirokidagi YTH o‘lim bilan yakunlandi

Endi esa jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinayotgan hodisa haqida. Jizzax shahrida 21 yoshli bloger Orzigul Urazmatova ishtirokidagi yo‘l-transport hodisasi o‘lim bilan yakunlandi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u boshqaruvidagi Lacetti yo‘ldan chiqib ketib, daraxtga urilgan. Bloger og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib borilgan, ammo shifokorlar uning hayotini saqlab qolisholmagan.

Manbaga ko‘ra, dastlabki taxminlarda haydovchi rulda video olishga chalg‘igan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Hodisa yuzasidan tegishli tartibda o‘rganish ishlari davom etmoqda.

Belarusdan O‘zbekistonga navbatdagi yuk poyezdi yo‘lga chiqdi

Belarusdan O‘zbekistonga «Slavyan karvoni» loyihasi doirasidagi ikkinchi yuk poyezdi yo‘lga chiqdi.

Poyezdga qariyb 4 ming tonna yog‘ochni qayta ishlash sanoati mahsulotlari va oziq-ovqat yuklangan bo‘lib, yuklar O‘zbekiston bilan birga Qirg‘iziston va Tojikistonga ham yetkazib beriladi.

Loyiha eksportchilar uchun yangi logistika imkoniyatlarini yaratish hamda O‘zbekiston orqali Markaziy va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqishni kengaytirishga qaratilgan.

Keksa ayolga nisbatan uyatsiz harakat qilgan shaxs ushlandi

Toshkentning Yashnobod tumanida mast holatda keksa ayolga tegajog‘lik qilgan shaxs fuqarolar tomonidan ushlab qolindi.

Ma’lum qilinishicha, voqeadan so‘ng u qochishga uringan, ammo atrofdagilar uni ichki ishlar xodimlariga topshirgan.

Holat yuzasidan unga nisbatan bir nechta ma’muriy moddalar asosida bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar sudga yuborilgan.