Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan an’anaviy ochiq muloqotni o‘tkazdi va ko‘plab yangi imtiyozlar va yengilliklarni e’lon qildi. Test yakunlari: o‘tish ballari oshdi, 209 mingdan ortiq abituriyent talabalikka tavsiya etildi. 1-kurs talabalari uchun yotoqxonaga ariza qabul qilish boshlandi. Xivada Kongress-holl va «Xiva Ichan qal’a» qabullar uyi ochildi. Dollar kursi 2023-yil avgustdan beri eng past darajaga tushdi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan an’anaviy ochiq muloqotni o‘tkazdi

Xorazm viloyatidagi tadbirda 500 nafarga yaqin tadbirkor bevosita, ilk bor tumanlardagi studiyalardan yana 25 mingga yaqin biznes vakillari ishtirok etdi.

Davlat rahbari tadbirkorlar uchun ko‘plab imtiyozlar va yengilliklar joriy etilishini e’lon qildi.

Jumladan, to‘lov intizomini buzmagan tadbirkorlar uchun elektr va gaz bo‘yicha oldindan to‘lov 100 foizdan 15 foizga tushiriladi.

Kichik biznesda inson sog‘lig‘i va boshqa tadbirkorlar manfaatiga zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday tekshirish uchun 3 yil muddatga moratoriy e’lon qilinadi.

Tadbirkorlar uchun barcha turdagi jarimalar miqdori o‘rtacha 2 barobar kamaytiriladi. «Birinchi xato uchun ogohlantirish» qoidasi joriy etiladi. Birinchi bor qoida buzgan va odamlar hayoti, sog‘lig‘i yoki mulkiga zarar yetkazmagan tadbirkorga kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun beriladi.

Tadbirkorlikka oid davlat xizmatlarining 50 foizi “sukut – rozilik” tamoyiliga o‘tkaziladi. Ya’ni ariza belgilangan muddatda ko‘rib chiqilmasa, u avtomatik ravishda tadbirkor foydasiga hal qilingan hisoblanadi.

Test yakunlari: o‘tish ballari oshdi, 209 mingdan ortiq abituriyent talabalikka tavsiya etildi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2026/2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga qabulning yakuniy natijalari bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazdi. Yakuniy tanlov natijalariga ko‘ra, bu yil bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga 209,1 ming nafar abituriyent talabalikka tavsiya etildi.

Ularning 52,8 ming nafari - davlat granti, 156,3 ming nafari - to‘lov-kontrakt asosida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Belgilangan imtiyozlar asosida alohida qabul ko‘rsatkichlari doirasida yana 20,5 ming nafar abituriyent talabalikka tavsiya etilgan.

Bu yil davlat granti asosida o‘rtacha o‘tish balli 134,6 ball, to‘lov-kontrakt bo‘yicha esa 93,7 ballni tashkil qildi. Taqqoslash uchun 2025/2026 o‘quv yilida ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda 121,8 va 84,9 ball bo‘lgan. Bir yilda grant bo‘yicha o‘rtacha o‘tish balli 12,8 ballga, kontrakt bo‘yicha esa 8,8 ballga oshgan. Ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha esa eng yuqori qiziqish «Davolash ishi», «Iqtisodiyot» va «Filologiya va tillarni o‘qitish: ingliz tili» yo‘nalishlarida kuzatildi.

1-kurs talabalari uchun yotoqxonaga ariza qabul qilish boshlandi

2026-2027 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarining 1-kursiga tavsiya etilgan abituriyentlar uchun talabalar turar joyiga joylashish bo‘yicha ariza topshirish xizmati ishga tushirildi. Arizalar 18-avgustdan Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali qabul qilinadi.

Talabalarni yotoqxonalarga joylashtirish belgilangan tartib hamda mavjud bo‘sh o‘rinlardan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.

Amaldagi reglamentga muvofiq, dastlab imtiyoz va ustuvorlikka ega talabgorlar talabalar turar joylariga qabul qilinadi. Shundan keyin qolgan bo‘sh o‘rinlar umumiy ro‘yxatdagi talabalarga navbat asosida taqsimlanadi. Bunda 1-kurs talabalari uchun talabalar turar joylaridagi o‘rinlarning 55–65 foizgachasi ajratilishi belgilangan.

Xivada Kongress-holl va «Xiva Ichan qal’a» qabullar uyi ochildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva shahrida yangi barpo etilgan Kongress-holl, uch yulduzli mehmonxona hamda «Xiva Ichan qal’a» qabullar uyi faoliyati bilan tanishdi.

Zamonaviy premium uslub va Xorazm milliy me’morchiligi elementlari uyg‘unligida qurilgan Kongress-holl xalqaro anjumanlar, biznes-konferensiyalar, hukumatlararo muzokaralar va madaniy forumlarni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan. Umumiy maydoni 1,9 gektar bo‘lgan majmuani barpo etish uchun 857 milliard so‘m byudjet mablag‘lari yo‘naltirilgan. Atrofida keng yashil hududlar va xiyobonlar tashkil etilib, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan.

Davlat rahbari «Xiva Ichan qal’a» qabullar uyini ham ko‘zdan kechirdi. Umumiy maydoni 2 gektar bo‘lgan mazkur majmua rasmiy tadbirlar o‘tkazish va xorijiy delegatsiyalarni qabul qilishga mo‘ljallangan. Loyiha qiymati 260 milliard so‘mni tashkil etadi. Bino me’morchiligida Xorazmga xos mahobatli yog‘och o‘ymakorligi ustunlari, ganchkorlik san’ati, ko‘k va firuza rangli koshinlardan keng foydalanilgan. Qabullar uyi atrofida vohaning boy tarixini aks ettiruvchi fotoko‘rgazmalar va milliy hunarmandchilik ustaxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Dollar kursi 2023-yil avgustdan beri eng past darajaga tushdi

17-avgust kungi savdolar yakunlariga ko‘ra Amerika valyutasi 33,8 so‘mga arzonlab, 11857,3 so‘mni tashkil qildi. Bu 2023-yilning 10-avgust kunidan beri (11 667 so‘m) qayd etilgan minimal qiymat.

Umuman olganda, dollar kursi ketma-ket uchinchi savdo kuni so‘mga nisbatan pasayib, deyarli 91,2 so‘mga (0,76 foiz) - 11948 so‘mdan 11857 so‘mga arzonlashdi. Kun davomida bitta bankda Amerika valyutasini 11920 so‘mdan, yana 4 ta bankda esa 11940 so‘mdan sotib olish mumkin bo‘ldi.

So‘mning kuchayishi ko‘p jihatdan ichki va O‘zbekistonga xos omillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Eksport daromadlarining o‘sishi, oltin eksporti daromadlarining sterilizatsiyasi va migrantlar pul o‘tkazmalari hajmining oshishi shular qatoriga kiradi.