O‘zbekistonda 2021 yil 16 apreldan «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunning 27-1 moddasi talabi bilan xorijiy internet platformalariga o‘zbekistonliklarning shaxsiy ma’lumotlari saqlanadigan serverlarini olib kelish talabi qo‘yilgan edi. Hozircha birorta platforma bu talabni bajarmadi, buning ortidan O‘zbekistonda bir qancha ijtimoiy tarmoqlarga kirish cheklab qo‘yildi.

Yaqinda Kun.uz bilan suhbatlashgan AKT vaziri Sherzod Shermatov bu yerda asosiy masala serverlarni olib kelishda emasligini bildirdi. Shermatovga ko‘ra, xorijiy ijtimoiy tarmoqlarda sodir etilgan huquqbuzarlikni vaqtida aniqlash uchun ushbu platformalar O‘zbekistondagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi kerak.

«Biz qaysi davlat modelida ketamiz deganda, umumiy strategiyani kelishib olishimiz kerak. Shimoliy Koreyami yoki boshqami…

Bu savol og‘ir savol, menga qolsa BAAning yo‘li yoqadi. Chunki internet va boshqa hamma sharoitlari biznes uchun yaratilgan. Lekin Facebook'da yoki boshqa tarmoqda kimdir noqonuniy ish qilsa, politsiya darrov uni topadi hamda unga chora ko‘radi yoki Dubaydan chiqarib yuboradi. U yer parlamentar, demokratik davlat emas, monarxiya. Shundoq bo‘lsa ham hech kim monarxiya ekan, demokratiya yo‘q ekan deb, to‘polon qilib chiqmayapti. Lekin biznes va odam uchun hamma sharoitlar bor. Bizning qancha tadbirkorlar ham u yoqqa borib yashayotganini ko‘rgansiz.

Aytmoqchi bo‘lganim, biznes uchun va odamlar yashashi uchun hamma sharoitni qilib berishimiz kerak, bu aniq narsa. Lekin, kimda-kim noqonuniy harakat qiladigan bo‘lsa yoki konstitutsion tuzumga qarshi harakat qiladigan bo‘lsa, uni topish va jazolash imkoniyati bo‘lishi kerak. Tushunyapsizmi? Nimaga ularda (BAA hukumatida) [bunaqa imkoniyat] bor, bizda yo‘q?

Xuddi shuni o‘rganib, sekin-sekin katta ijtimoiy tarmoqlar bilan muloqot olib borib, shunga kelishishimiz kerak. Chunki, hozirda qo‘shnilarimizda bo‘layotgan voqealarni o‘zi bunga yanada e’tibor qaratadi… Masalan, terroristik guruhlarni o‘zaro koordinatsiya qilish faoliyati bo‘lsayu, huquqni muhofaza qiluvchi organ uni topolmasa. Bu nima degan gap? [Topolmasligining] sababi o‘sha kripto qilingan ijtimoiy tarmoqda bunga imkoniyat bo‘lmasa. Yoki O‘zbekiston juda ko‘p millat va din vakillari yashaydigan davlat. Bu yerda millatlararo nizo qo‘zg‘atish juda oson. Mana Qirg‘izistondagi voqealar misol.