Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«So‘kishni juda xohladim, lekin so‘kmayman» - UzIMEI xorijlik sayyohlarni sarson qilmoqda
Rossiyalik dasturchi Yevgeniy Amiraslanov o‘z blogida O‘zbekistonga 30 kundan ko‘proq muddatga kelgan sayyohlar mobil telefonini UzIMEI tizimi ro‘yxatdan o‘tkazishda qanday qiyinchiliklarga duch kelishini o‘z tajribasi misolida hikoya qilib berdi.
Yevgeniy o‘zbekistonliklar uchun telefonni UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish bir muncha qulayligini, faqat pulini to‘lash orqali uyda o‘tirgan holda buni amalga oshirish mumkinligini aytadi. Qisqa muddatga kelgan sayyohlarda ham UzIMEI bilan muammolar bo‘lmaydi (30 kungacha ro‘yxatdan o‘tish shartmas), ammo uzoq muddat O‘zbekistonda qolmoqchi bo‘lganlar uchun bu anchagina qiyinroq, belgilangan joyga shaxsan o‘zingiz borib, ariza yozib kelishingiz kerak, deydi sayyoh.
“UzIMEI saytida buni xohlagan pochta bo‘limida qilish mumkinligi yozilgan ekan. Men uyim yaqinidagi pochta bo‘limiga bordim, lekin u yerda registratsiya yo‘qligini, Pochtamtga borish kerakligini aytishdi.
“Yandeks xaritalar” dasturiga kiritilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Pochtamt faqat ish kunlari 9:00 dan 18:00 gacha, ya’ni mening ish vaqtim bilan bir xil vaqtlarda ishlarkan. Ish kunining o‘rtasida bir necha soat bo‘sh vaqt topishga, kun oxirida esa ko‘proq ishlashga to‘g‘ri keldi.
Pochtamtga ham ikki marotaba borishimga to‘g‘ri keldi. Dastlab borganimda menga UzIMEI tizimidagi texnik muammolar sabab arizalarni qabul qilish buguncha to‘xtatilganini afsus bilan ma’lum qilishdi: UzIMEI bosh ofisiga ham borishingiz mumkin, lekin u yerda navbat yana ham ko‘proq. Yaxshisi, bir necha kundan so‘ng keling, deyishdi.
Ikkinchi marta kelganimda Pochtamtning o‘zida ro‘yxatdan o‘tish uchun katta navbat bor edi. 40 daqiqacha navbatda turdim va nihoyat ariza topshirdim. Yana bir yangilik: IMEI'ni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun sizda O‘zbekiston aloqa operatorlarining SIM kartasi bo‘lishi kerak ekan. Baxtimga menda bunday SIM karta bor yedi. Baxtga qarshi, uni (SIM kartani) ro‘yxatdan o‘tkazishda ma’lumotlarni xato kiritishgani uchun IMEI'ni ro‘yxatdan o‘tkazish imkoni bo‘lmadi. “Mobil operatoringiz ofisiga boring va pasport ma’lumotlaringizni yangilab berishlarini so‘rang”, deyishdi menga.
Layfhakdan foydalandim: boshqa mobil operator ofisiga borib, ma’lumotlarim to‘g‘ri kiritilganini qayta tekshirib, yangi SIM kartani oldim. Shundan keyin yana 20 daqiqacha navbatda turib, nihoyat IMEI'ni ro‘yxatdan o‘tkazdim.
Sarflangan asab tolalari va taksi xarajatlarini hisobga olmaganda, hammasi uchun 5 dollar atrofida mablag‘ va 3 soat atrofida ish vaqtim ketdi.
IMEI'ni faqat o‘zim ro‘yxatdan o‘tkazmadim. Men bilan O‘zbekistonga ikkita – shaxsiy va ish telefonlarini olib kelgan do‘stim ham bor edi. Lekin O‘zbekistonga har bir kirishda faqat bitta telefonni ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin ekan. Yakunda u albatta shaxsiy telefonini ro‘yxatdan o‘tkazdi, ish telefoni esa “har ehtimolga qarshi” rejimida qoldi.
Qanchadir vaqt o‘tib telefonim ishdan chiqdi va uni ta’mirlashga berdim. Shunda “har ehtimolga qarshi”ni ishlatish vaqti keldi: telefonim ta’mirdaligida do‘stim menga o‘sha ish telefonini foydalanib turish uchun berdi. U telefonga SIM karta solinmagan va u blokirovka bo‘lmagan bo‘lishi kerak edi. Shuningdek, menda undan chegaradan hozir olib o‘tilgani kabi 30 kunda davomida IMEI'ni ro‘yxatdan o‘tkazmasdan foydalanish imkoni bo‘lishi kerak edi.
U ishlamadi. Bunda kelib chiqadiki, mobil qurilma O‘zbekistonga kirib kelganiga 30 kun bo‘lgan bo‘lsa, hatto u ishlatilmagan bo‘lsa ham blokirovka qilinadi. Aftidan, bu faqat SIM kartamni boshqa telefonda bir oydan ortiqroq ishlatganim uchundir.
Bundan hech qanday xulosa qilmayman. So‘zim oxirida so‘kishni juda xohladim, lekin so‘kmayman”, – deb so‘zlarini yakunlagan rossiyalik dasturchi.
Shuningdek, Yevgeniy O‘zbekistonda UzIMEI tizimining o‘ziga xosligi va unga aloqador fikrlar yig‘ib boriladigan kanal uchun havola qoldirgan.
Joriy yil fevral oyida Kun.uz bilan suhbatlashgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vaziri Sherzod Shermatov bir necha yildan buyon e’tirozlarga sabab bo‘layotgan UzIMEI tizimi borasida fikr bildirib, bu tartib joriy qilinishi ortidan O‘zbekistonga bir yilda qonuniy ravishda olib kiriladigan mobil qurilmalar 7–9 mingdan 3 milliontaga oshgani haqida gapirgandi.
Shermatovning fikricha, IMEI'ni ro‘yxatdan o‘tkazish qulay bo‘lishi, shu bilan birga tekin bo‘lmasligi kerak. Vazir bu tizimni yo‘qotish kerak degan fikrlar – mobil qurilmalarning noqonuniy importidan “dolya” olib turganlarning lobbisi deb hisoblashini aytgandi. Shu bois ijtimoiy tarmoqlarda tanqidlarga uchradi.
Avvalroq Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bosh iqtisodchisi, ekspert Vinayak Nagaraj UzIMEI “tushunarsiz byurokratik” tizimligini qayd etib, O‘zbekistonni orqaga tortayotgan siyosatlardan biri ekanli haqida yozib chiqdi. Buning ortidan UzIMEI tizimi bilan bog‘liq masalalar yana tarmoqda tanqidlarni keltirib chiqardi.
O‘zbekistonda 2020 yildan mobil qurilmalarni IMEI tizimida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish boshlangan vaqtda ko‘plab tushunmovchilik va noroziliklar paydo bo‘lgandi. Xususan, xorijdan kelgan ko‘plab fuqarolar o‘zlari bilan olib kelgan mobil telefonlarini ro‘yxatdan o‘tkazmoqchi bo‘lganida, ularning nomiga allaqachon boshqa mobil qurilmalar UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgani ma’lum bo‘lgandi.
“Mening fikrim” portaliga huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev tomonidan IMEI kodlarni ro‘yxatga olishda to‘lov undirishni bekor qilish bo‘yicha kiritilgan jamoaviy murojaat e’lon qilinganidan so‘ng bir yil o‘tib Qonunchilik palatasi tomonidan rad qilingan.
Kun.uz jamiyatni qiynab kelayotgan ushbu tizim borasida ekspertlar va jamoatchilik faollarining fikrlari, taklif va tanqidlarini jamlab, berib kelmoqda.
Tizimdagi kamchiliklar yuzasidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda UzIMEI tizimining monopol operatori – “O‘zbekiston Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” DUKka 2021 yil noyabr oyida Kun.uz tomonidan yuborilgan jurnalistik so‘rovga esa vazirlik javob ham, izoh ham bermadi.
2021 yil oktabr oyida “O‘zbekiston TTBRM” DUKka borgan axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov yaqin kelajakda mobil telefon raqamlarini ko‘chirish tizimi ishga tushirilishi hamda IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini iste’molchilar uchun osonlashtirishi haqida gapirdi, lekin bu hozircha amalga oshgani yo‘q.
Bundan tashqari, o‘tgan yillar mobaynida UzIMEI tizimida noqonuniy mobil telefonlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun minglab fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlarini o‘g‘irlagan shaxslar ustidan ochilgan jinoiy ishlar yuzasidan ham ma’lumot berilmayapti.
Mavzuga oid
23:37 / 17.12.2025
O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan viza tartibini soddalashtirish bo‘yicha muzokara o‘tkazdi
22:17 / 17.12.2025
O‘zbekiston dunyoda sayyohlar oqimi eng tez o‘sayotgan mamlakatlar qatoriga kirdi
11:52 / 16.12.2025
Statistika: Fransiya fuqarolarining O‘zbekistonga tashrifi oshib bormoqda
11:42 / 11.12.2025