O‘zbekiston | 22:00 / 19.03.2022
47509
15 daqiqa o‘qiladi

Anomal yomg‘irlar, dollar kursi va Ukrainaning yaxlitligini qo‘llagan O‘zbekiston - hafta dayjesti

Ukraina bo‘yicha pozitsiyasini to‘la ochiqlagan O‘zbekiston, ikki haftalik uzluksiz yog‘ingarchilik, oshayotgan dollar kursi, haydovchilik guvohnomasi atrofidagi ajiotaj va taksichilarga yana bir majburiy sug‘urta. Kun.uz yakunlanayotgan haftaning asosiy voqealari dayjestini taqdim etadi.

Anomal uzoq yog‘ingarchilik

2021 yil o‘ta sovuq qahraton qish, rekord darajadagi issiq yoz va kutilmagan qum bo‘roni bilan yodda qolgan edi. 2022 yilda ham global iqlim o‘zgarishining O‘zbekistonga navbatdagi ta’siri o‘zini uzoq kuttirmadi.

Butun hafta davomida tinimsiz yog‘ingarchiliklar, toshqinlar va sellar davom etdi. “O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, bu yil O‘zbekistonda mart oyi uchun ilgari kuzatilmagan darajada yomg‘ir yog‘gan.

5 martdan boshlangan yog‘ingarchilik anomal ravishda 18 martgacha deyarli to‘xtovsiz davom etdi. Mutaxassislarning aytishicha, bahor boshlangandan beri respublikaning tog‘li va tog‘oldi hududlarida yog‘ingarchilik odatdagidan 2-3 barobarga ko‘p bo‘lgan. Toshkentda ikki hafta ichida deyarli 2 oylik miqdorda yog‘ingarchilik kuzatilgan.

Tog‘li hududlarda bir necha bor sel va ko‘chki xavfi e’lon qilinib, ular amalda ro‘y berishi talafotlarga olib keldi. Samarqandning Bulung‘ur tumanida M-39 trassasining bir qismi sel ostida qoldi. Sirdaryoning Baxt shahrida uylar va ekin maydonlarini suv bosishi natijasida aholini vaqtincha ko‘chirishga to‘g‘ri keldi.

Andijon shahrida uylarni toshqindan himoyalash uchun ko‘chalar o‘rtasidan ariq kavlandi / Foto: Kun.uz

Shaharsozlikning elementar qoidalari unutilib ketayotgandek taassurot uyg‘otadigan, hatto 1-2 kunlik yomg‘irlar ham muammo keltirib chiqaradigan katta shaharlarimiz uchun bunaqa anomal yog‘ingarchilik haqiqiy boshog‘riq bo‘ldi. Toshkent, Samarqand, Andijon va boshqa ko‘plab shaharlarda ko‘chalar suvga to‘ldi. Andijon shahrida qutqaruvchilar uchta ko‘chaning o‘rtasidan ariq kavlab, suv oqimini burishga harakat qilishdi, aholi uylari esa qum to‘ldirilgan qoplar yordamida himoya qilindi. Qator obektlarning yerto‘lalarini suv bosdi.

Haftaning ikkinchi yarmiga kelib havo harorati pasaydi; nafaqat tog‘li tumanlarda, balki Toshkent, Samarqand va Navoiy kabi shaharlarda qor yog‘di. O‘zi umuman, Navro‘z arafasida qor yog‘ishi borgan sari odatiy tusga kiryapti.

Xorazm viloyati Shovot tumanidagi Arbob mahallasida o‘tkazilgan Navro‘z sayli / Foto: Shovot tumani hokimligi

Afsuski, ana shu sovuqda yosh qizchalarning yana yupun kiyimda ochiq havoda raqs tushirilishi, bu vaqtda boshqalar qalin kiyimda issiq choy ichib o‘tirishi – haqiqiy sharmandalik. Bu illat haqida bir necha yildan beri gapiriladi, lekin bola huquqlarining buzilishini ko‘rib turib indamaydigan yuqoridagi mas’ullarda vijdon bo‘lmasa, xo‘jako‘rsinga o‘rgangan quyidagi rahbarlarda esa fahm-farosat bo‘lmasa, qiyin ekan.

Rossiyadagi inqirozning O‘zbekistonga ta’siri sezila boshladi

Hafta davomida eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biri – dollar kursi. Ukrainadagi urush va Rossiya iqtisodiyotida boshlanayotgan inqirozning bilvosita ta’siri O‘zbekistonga ham sezila boshladi. Payshanba kuni 1 AQSh dollarining narxi banklarda 11630 so‘mgacha chiqdi. Juma kuni esa kurs bir necha kunlik to‘xtovsiz oshishdan keyin 11570 so‘mgacha pasaydi.

Umuman, yil boshidan beri so‘m dollarga nisbatan qariyb 7 foiz qiymatini yo‘qotdi. Taqqoslash uchun, butun 2021 yil davomida bu ko‘rsatkich 3,4 foiz bo‘lgandi. Markaziy bank bunga javoban asosiy stavkani birdaniga uch foizga – 14 foizdan 17 foizga ko‘tardi. Regulyator rahbari asosiy masala valuta kursi emas, inflatsiya ekanini ta’kidladi.

Biroq inflatsiyani jilovlash masalasi qiyinlashib boryapti. 2017 yildan yangi davrga kirgan O‘zbekiston iqtisodiyoti oxirgi uch yilda ikki marta jiddiy tashqi shoklarga duch keldi. Avvaliga koronavirus, endi Ukrainadagi urush. Markaziy bank rasmiy bayonotida urushning O‘zbekistonga qisqa muddatli ta’siri quyidagicha tushuntirilgan: eksportdan tushumlar va pul o‘tkazmalari kamayadi, buning natijasida ichki valuta bozorida taklif qisqaradi, import tovarlar narxi oshadi, bu o‘z navbatida import qilinmaydigan tovarlar narxiga ham ta’sir qiladi.

Rossiyaning bug‘doy va shakar eksportiga taqiq qo‘ygani, rasmiylarning ishontirishicha, O‘zbekistonga ta’sir qilmaydi. Bu ikki mahsulotning O‘zbekistonga importida Rossiyaning ulushi ancha past. Biroq umuman olganda, O‘zbekiston import qiladigan oziq-ovqat mahsulotlarining 27 foizi Rossiyadan olib kelinadi. Rossiyadagi inqiroz ta’minotning qisqarishi va qimmatlashishiga olib kelishini inkor qilib bo‘lmaydi. Bu esa asosiy xarajati oziq-ovqatga ketadigan aholiga eng ko‘p seziladi.

Moliya vazirligi shu hafta bergan ma’lumotga ko‘ra, 2021 yil noyabr oyi holatiga O‘zbekistonda xodimlarning 35 foizi 1 mln so‘mdan kam maosh oladi. 1 mln so‘mdan 2 mln so‘mgacha maosh oluvchilar esa 24 foiz. Bu – rasmiy ishda ishlaydigan aholining salkam 60 foizi 2 mln so‘mdan kam oylik oladi degani.

2020 yilning noyabr va 2021 yilning noyabr oylari oralig‘idagi ish haqi darajasining dinamikasi / Info: Moliya vazirligi

Shuning uchun ham narxlar oshishi haqidagi har qanday xabar aholi orasida og‘riqli qabul qilinishi tabiiy. Faollar ko‘tarib chiqayotgan ko‘plab muammoli masalalarga xalq orasida yetarlicha e’tibor bo‘lmasligining sababi ham shundadir ehtimol. Ertalabdan kechgacha qorin g‘amida yurgan odamga daraxtlar kesilayotganining nima qizig‘i bor?

Koronavirus, Rossiyadagi urush kabilar tashqi faktorlar ekani rost, lekin narx-navo yuqoriligi avvalo ichki faktorlarga bog‘liq ekanini unutmaslik kerak. Yuzlab yashirin va ochiq-oydin monopoliyalar sharoitida 2 mln so‘mgacha maosh oluvchi 60 foiz vatandoshimiz, masalan, Umra ziyoratini faqat orzu qilishi mumkin xolos. Ma’lum bo‘lishicha, yana o‘sha tashqi omil sabab qilib ko‘rsatilib, yaqinda qimmatlashgan ziyorat narxi yana oshirilishi kutilyapti. Musulmonlar idorasi xabariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni hukumati barcha yirik musulmon mamlakatlarga Umra ziyoratini tashkil etishga ruxsat bergan, natijada podshohlikdagi xizmatlarga talab oshgan, bu esa narxlar ko‘tarilishiga olib kelmoqda.

O‘zbekiston “vazmin, neytral” pozitsiyasini yaxshiroq ochiqladi

Abdulaziz Komilov Senat yalpi majlisida / Foto: Kun.uz

“... harbiy harakatlar, zo‘ravonliklar zudlik bilan to‘xtalishi zarur”.

“Biz bugungi og‘ir kunlarda Ukrainaga gumanitar yordam beramiz va vaziyatni inobatga olib, yordam ko‘rsatishda davom etamiz”.

“O‘zbekiston Respublikasi Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan oladi. Biz Lugansk va Donetsk xalq respublikalarini tan olmadik”.

“O‘zbekistonning pozitsiyasi shuki, mamlakatimiz hech qanday xalqaro harbiy blokka qo‘shilmaydi”.

Tashqi ishlar vazirimiz Abdulaziz Komilovning Senatdagi bayonoti hech qanday savollarga o‘rin qoldirmaydigan darajada aniq va ravshan yangradi. Keling, bayonotdagi muhim nuqtalarga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

Birinchidan, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlab chiqdi. Bu yerda nafaqat Donbassda o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan ikki respublika, balki Qrim masalasi ham nazarda tutilgan bo‘lishi mumkinligini inkor qilib bo‘lmaydi, chunki xalqaro hamjamiyat Ukrainaning hududiy yaxlitligi deganda mamlakatning 1991 yildagi chegaralarini nazarda tutadi.

Ikkinchidan, bunday darajadagi bayonot kichik bir intervyu doirasida yoki qaysidir delegatsiya bilan uchrashuv chog‘ida emas, Senatning yalpi majlisida, yuqori minbardan turib aytildi. Bu ham bildirilgan rasmiy pozitsiyaning qat’iyligidan, uning yuqori doiralarda kelishilganidan darak beradi.

Uchinchidan, Abdulaziz Komilov O‘zbekiston Ukrainaga gumanitar yordam ko‘rsatayotganini va yordam ko‘rsatishda davom etishini tasdiqladi. Bu esa mamlakatimiz Ukraina masalasida “vazmin, neytral” pozitsiyada ekani bilan birga, amalda millionlab ukrainlarning tinchi buzilganiga befarq qarab turolmasligini ko‘rsatadi.

To‘rtinchidan, vazir o‘z bayonotida O‘zbekiston hech qanday harbiy bloklarga qo‘shilmasligini qo‘shimcha qildi. Bir qarashda alohida mavzudek ko‘rinadigan masalaning Ukraina mavzusidagi bayonotga qo‘shimcha qilinishi, bu ham yuqoridagilardan qolishmaydigan darajadagi muhim signal ekanini bildirishi mumkin.

Shu o‘rinda qo‘shimcha qilish lozim, 15 mart kuni o‘zbekistonliklarni Ukrainadan evakuatsiya qilish jarayoni yakunlandi. Umumiy hisobda 26ta aviareys orqali 5884 nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Shulardan qariyb ming nafari – ayollar va bolalar. Bu jarayonda o‘zbekistonlik diplomatlarning sa’y-harakatlari hamda Polsha va Moldova rasmiylarining ko‘magi alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.

25 kundan beri davom etayotgan urushda ikkala taraf ham katta yo‘qotishlar bermoqda. Ular sirasiga harbiylar va iqtisodiy yo‘qotishlardan tashqari, Rossiyani tark etayotgan professional kadrlarni ham qo‘shish mumkin. O‘zbekiston ana shu kadrlarni o‘ziga jalb qilish uchun IT-viza va boshqa yengilliklarni joriy qilishi kutilmoqda.

Bu haqdagi yangiliklar fonida aynan intelligensiya orasida ommalashgan Twitter O‘zbekistonda hamon blokda qolayotganini eslab o‘tish kerak. 16 mart kuni IT vaziri Sherzod Shermatov blokdagi boshqa bir tarmoq – TikTok rasmiylari bilan muzokara o‘tkazdi va ana shu muzokaradan keyin bloklangan tarmoqlardan bir nechtasi vaqtincha VPN'siz ishlab ketdi. Ma’lum bo‘lishicha, vazirlik TikTok kompaniyasiga O‘zbekistonda vakolatxona ochishni taklif qilgan.

Haydovchilik guvohnomasini almashtirish muddati uchinchi marta uzaytirilmoqda

DXMlar "so‘nggi mijozgacha" prinsipi asosida kechqurungacha ishlayotgan edi. / Foto: Kun.uz

Eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini almashtirish uzundan uzun navbatlar va ajiotajga aylanib ketgani ortidan, muddat yana uzaytiriladigan bo‘ldi. Avvaliga 2020 yil oxirigacha, keyin 2021 yil oxirigacha, undan keyin 2022 yil oxirigacha deb belgilangan muddat mana endi 2023 yil oxirigacha uzaytirilyapti.

19 martdan 2 aprelgacha texnik ishlar sababli guvohnomani almashtirish xizmati to‘xtatildi. 1 apreldan boshlab haqiqiy emas deb topiladigan haydovchilik guvohnomalari uchun chora ko‘rilmaydi.

Qonunchilikka kiritilishi kutilayotgan yana bir o‘zgarishga ko‘ra, mast holda rulga o‘tirganlar uzil-kesil 5 yilga haydovchilik huquqidan mahrum qilinishi mumkin. Hozir bu muddat 1,5 yildan 3 yilgacha deb ko‘rsatilgan. Jarima miqdori ham 2,7 mln so‘mga oshirilib, 13,5 mln so‘m deb belgilanishi kutilyapti.

Haydovchilar uchun navbatdagi yangilik – taksichilarga yana bitta majburiy sug‘urta joriy etilishi mumkin. Bu haqdagi qonun parlamentda ko‘rib chiqilyapti. Agar qonun qabul qilinib, kuchga kirsa, kirakashlar yo‘lovchining hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga zarar yetkazganlik uchun o‘z fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishlariga to‘g‘ri keladi. Avtomobil YTHga uchragan taqdirda yo‘lovchilarga yetkazilgan zarar sug‘urta kompaniyasi hisobidan qoplanadi.

Ayrim deputatlar bu loyihaga qarshi chiqqan, bir guruh deputatlar esa, xususan Doniyor G‘aniyev ham bu qonun orqali taksida yuradigan millionlab fuqarolarning huquqlari himoya qilinishini aytyapti. Biz deputatlarimizni qonunga ovoz berishdan oldin SUBYEKTIV loyihasining oxirgi sonini ko‘rishga chaqirgan bo‘lar edik. Ko‘rsatuvda oxirgi yillarda taksichilarga yengillik bo‘ladi deb aytilgan o‘zgarishlar aslida teskarisi ekani haqida so‘z boradi.

Bu hafta O‘zbekistonda yana nimalar ro‘y berdi?

Shavkat Mirziyoyevning tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvi / Foto: Prezident matbuot xizmati

Maxsus komissiya qarori bilan, koronavirusga qarshi yana ayrim cheklovlar bekor qilindi. Endi emlanganlik sertifikati bor shaxslar O‘zbekistonga kelishdan oldin PZR-testi topshirishi shart emas. Bundan tashqari, Tojikiston bilan chegaradagi o‘tkazish punktlari qayta ochilyapti. Rossiya va Qozog‘iston bilan temiryo‘l qatnovlari tiklanishi ham kutilmoqda.

Ish beruvchilarning xodimni pensiya yoshiga yetgani sababli ishdan bo‘shatish huquqi bekor qilinishi kutilyapti. Prezident qarori bilan keksalarga qo‘shimcha sharoitlar yaratish, sanatoriylarga yuborish, kam ta’minlangan qariyalarning davolanishi uchun mablag‘ ajratish choralari belgilandi.

Prezident sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan muloqot o‘tkazdi. Unda shifokorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratilishi, oyliklari oshirilishi e’lon qilindi. Yakka tartibdagi shifokorlik faoliyatiga ruxsat beriladi, shifokorlarni litsenziyalash tizimiga o‘tiladi, tibbiyot oliygohlarining yuqori kurs talabalariga shifokor bo‘lib ishlashga ruxsat beriladi, grant kvotalari soni oshiriladi.

Hukumatni ixchamlashtirishni targ‘ib qilib keladigan Adliya vazirligi ishni o‘zidan boshladi: Davlat xizmatlari agentligi va Intellektual mulk agentligi vazirlik tarkibiga departament sifatida o‘tkazildi. Hududlarda davlat xizmatlari markazlari, yuridik xizmat markazlari, FHDYo organlari va adliya bo‘limlari bitta binoda ishlaydigan yagona Adliya bo‘limlariga aylantirildi. Shu va boshqa o‘zgarishlar natijasida tizimda boshqaruv xodimlari soni 110taga qisqardi.

Turkmanistonda navbatdan tashqari saylovda yangi prezident saylandi. Mamlakatni 16 yildan beri boshqarib kelgan arqadag‘ Gurbanguli Berdimuhamedov prezident lavozimini yagona o‘g‘li Sardor Berdimuhamedovga topshirdi. Qozog‘istonda esa prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev siyosiy islohotlar boshlanishi, superprezidentlik tizimiga barham berilishini e’lon qildi.

15 mart kuni o‘zbek teatr va kino san’atining yirik namoyandasi, O‘zbekiston xalq artisti To‘tixon Yusupova 86 yoshida vafot etdi.

Bu – ortda qolayotgan haftada O‘zbekistonda ro‘y bergan asosiy voqea-hodisalarning qisqacha sharhi edi. Tezkor, aniq va xolis yangiliklarni Kun.uz'da kuzatishda davom eting. Dam olish kuningiz maroqli o‘tsin! 

Mavzuga oid