15 iyul kuni videoselektor rejimida o‘tkazilgan Bosh prokuratura hay’atining navbatdagi yig‘ilishida Bosh prokuror o‘ta dolzarb bo‘lgan jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlarini tashkil qilish, tergov sifatini oshirish, korrupsiya holatlarining oldini olish masalalariga e’tibor qaratdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

“Bu borada erishilgan natijalarni qayd etish bilan birga, mavjud muammolar va yo‘l qo‘yilayotgan xato-kamchiliklarni keskin tanqid ostiga oldi”, deyiladi idora matbuot xizmati xabarida.

Biroq Bosh prokuror aynan qanday kamchiliklarni tanqid qilgani, tanqidga uchragan mas’ullarga qanday chora ko‘rilishi, bundan keyin ushbu yo‘nalishda nima o‘zgarishlar bo‘lishi jamoatchilikka ochiqlanmagan. Rasmiy relizda bu haqda lom-mim deyilmagan.

Bundan tashqari, hay’at yig‘ilishida sudlarda fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy ishlar ko‘rilishida prokuror vakolatini samarali ta’minlash, ayniqsa, sud ishlariga asossiz aralashishlarning oldini olish, shu bilan birga, noqonuniy sud qarorlariga nisbatan o‘z muddatida munosabat bildirib borish bo‘yicha ham tegishli topshiriqlar berilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati

“Bu borada yangi tuzilgan Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi hamda murakkab ishlar bo‘yicha qonuniy yechim topishga ko‘maklashuvchi Maslahat kengashlari faoliyati tahlil qilinib, ish samaradorligini oshirishga qaratilgan tadbirlar belgilandi”, deyiladi rasmiy xabarda.

O‘ta silliq va quruq rasmiy relizda yana Bosh prokuror sud ishiga asossiz aralashuv deganda qaysi holatlarni nazarda tutgani-yu, noqonuniy sud qarorlari deganda nimani tushunish kerakligi mavhumlicha qolgan. Holbuki avvallari tanqidlar aniq misollar orqali izohlanar va o‘quvchi gap nima haqida ketayotganini osongina anglab olishi mumkin edi.

Kezi kelganda, Bosh prokuratura matbuot xizmati keyingi paytda o‘quvchiga aytarli hech qanday ma’lumot bermaydigan bayonotlar berishning hadisini olganini, ilgarigidan farqli o‘laroq yopilib olganini ta’kidlash o‘rinli nazarimizda.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev Bosh prokuror etib tayinlangan ilk paytlarda hay’at yig‘ilishlarida shov-shuvli jinoyatlar va raqamlar ochiqlangan, jamoatchilik bu ochiqlikni Bosh prokuraturaga munosib nomzod tayinlangani bilan izohlagandi.