UzAuto Motors 2023 yil va 2024 yilning dastlabki oylari uchun ishlab chiqarish hajmidan kelib chiqib barcha shartnomalarni sotib bo‘lgani haqida xabar tarqaldi. “Avtostrada” sohadagi manbalariga tayanib yozishicha, Cobalt, Lacetti va Damas uchun 2024 yilgacha kontraktatsiya ochilmaydi.
Kompaniya matbuot xizmati bu xabarga munosabat bildirdi, lekin rasmiy bayonotda yuqoridagi xabar na rad etilgan va na tasdiqlangan. Ishlab chiqaruvchi o‘z faoliyatiga doir ishonchli ma’lumotlar faqat uning rasmiy sahifalarida e’lon qilib borilishini bildirgan.
UzAuto Motors matbuot xizmatining Kun.uz'ga qo‘shimcha qilishicha, ishlab chiqarish quvvatlari oshgan taqdirda, yil yakunigacha yana shartnomalar berilishi ko‘zda tutilgan.
Kompaniya ommabop modellari sotuvini 8 oylik tanaffusdan keyin shu yil avgust oyi boshida qayta tiklagan, o‘shanda avtosalonlarda kuzatilgan ajiotaj fonida 50 mingdan ortiq avtomobil uchun shartnomalar bir sutka ichida tarqatib bo‘lingani aytilgandi. Keyinroq, 18 sentabr kuni qo‘shimcha shartnoma berish boshlangani xabar qilindi, biroq oradan 2 soat o‘tar-o‘tmas 28 mingta shartnoma tugagani, jarayon esa to‘xtatilgani ma’lum bo‘ldi.
Captiva-5 sotuvi qachon boshlanadi?
Oktyabr oyining oxiridan O‘zbekistonda Captiva-5 sotuvlari boshlanishi mumkin. UzAuto Motors rasmiy vakilining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, ayni paytda sinov jarayoni ham tugagan. Narxlarni sotuvlar boshlanishidan oldin e’lon qilish rejalashtirilgan.
















