Sovet Ittifoqi davrida barcha iqtisodiy faoliyat hukumat tomonidan rejalashtirilgan, korxonalar 100 foiz davlatga tegishli bo‘lgan. Bozor tamoyillari, raqobat, xususiy mulk tushunchalari deyarli yo‘q edi.

Shu sababdan ham mustaqillikdan keyingi yillarda possovet makonida davlat korxonalarini sotish eng muhim vazifalardan biriga aylandi. Chunki ular samarasiz, jamiyat uchun juda qimmatga tushadi va iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

O‘zbekiston misolida olib qarasak, keng masshtabli xususiylashtirish to‘lqiniga 2020 yilning oxiridan start berildi. Shu yilning 27 oktyabr kuni qabul qilingan «Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarorida sotilishi kerak bo‘lgan korxonalar, obektlar va davlatga tegishli boshqa aktivlarning kattagina ro‘yxati tasdiqlandi. «2021-2025 yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasining qarorida esa davlat ishtirokidagi korxonalar sonini 75 foizga qisqartirish maqsad qilingandi. Ammo o‘tgan davr mobaynida bir qator sotuvlarning qanchalik shaffof kechgani doimiy tarzda savol ostiga olib kelinmoqda.

2025 yildan xususiylashtirishning ikkinchi to‘lqini boshlanadi. Bunda 29 ta davlat ishtirokidagi yirik korxonalar ustav kapitalidagi aksiyalar paketini ommaviy savdolarga chiqarish ko‘zda tutilgan. Ular orasida UzAuto Motors, UMS, Uzbekistan GTL, O‘zbekinvest, O‘zmetkombinat, Toshkent traktor zavodi, Texnopark va bir qancha IESlar bor.

Shuningdek, 12 ta davlat ishtirokidagi yirik korxona ustav kapitalidagi aksiyalar paketining xalqaro va mahalliy fond bozorlarida birlamchi yoki ikkilamchi ommaviy taklifini o‘tkazish ko‘zda tutilyapti. Ular qatoriga Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Uzbekistan Airways, Navoiyuran, O‘ztelekom, O‘ztransgaz, Hududiy elektr tarmoqlari, Hududgazta’minot kabi yirik kompaniyalar kiritilgan.

Nega xususiylashtirish kerak?