09:00 / 25.12.2022
32325

2023 yil anonsi, 1,5 karra ko‘p elektr va eski-yangi vazirliklar - hafta dayjesti

Shavkat Mirziyoyev kelasi yil aholiga 50 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berilishini aytdi. Davlat mingta maktab qurish bo‘yicha tadbirkorlarning puliga umid bog‘layapti. “Semirib ketgan” hukumat “oriqlashadigan” bo‘ldi. Yakunlanayotgan haftaning shu va boshqa asosiy xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Prezident murojaatnomasi: Asosiy yangiliklar

Haftaning bosh nyusmekeri – prezident Shavkat Mirziyoyev. Davlat rahbari seshanba kuni parlamentga an’anaviy murojaat bilan chiqib, kelasi yil uchun yangiliklarni e’lon qildi. 2023 yil “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berildi.

Murojaatnomada aytilishicha, kelasi yili ham oyliklar, pensiya va nafaqalar oshiriladi. O‘qituvchilarning maqomi Konstitutsiyada alohida belgilab qo‘yiladi. Qoraqalpog‘iston va Xorazm maktablaridagi kabi o‘quvchilarga bepul yegulik berish O‘zbekistonning hamma maktablarida yo‘lga qo‘yiladi. Prezidentning ma’lum qilishicha, keyingi yili davlat 70 ta maktab qurib, 460 tasini kengaytiradi. Bunga qo‘shimcha ravishda tadbirkorlar 100 ta maktab qurilishini boshlashi, xususiy investitsiyalar hisobiga qurilgan maktablar soni 5 yil ichida mingtaga yetkazilishi aytildi.

Bundan tashqari, bog‘chalar sonini ko‘paytirish bo‘yicha 5 yillik dastur qabul qilinadi. Texnikumlarda Yevropa kasbiy ta’lim standartlari joriy etiladi. Injyenerlar tayyorlash uchun muhandislik maktablari ochiladi.

Sog‘liqni saqlash sohasida esa davlat tibbiy sug‘urtasiga o‘tish tezlashtiriladi. Tug‘uruqxonalarning hammasi ta’mirlanadi va jihozlanadi, ulardagi o‘rinlar soni 35 foizga ko‘paytiriladi. Samarqand, Farg‘ona va Xorazmda saratonga chalingan bemorlar davolanishi uchun radiologiya markazlari tashkil etiladi.

Sud-huquq sohasida ham ayrim o‘zgarishlar kutilyapti. Tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiya berish vakolati prokuraturadan sudga o‘tkaziladi. Jinoyat ishlari sudga faqat ayblov xulosasi emas, himoya tomonining fikri bilan birga qabul qilinadi. Sudda qatnashadigan alohida prokurorlar korpusi shakllantiriladi.

“Vazirlar ham, hokimlar ham bir narsani yaxshi tushunib olishi kerak. O‘zbekistonda mulk va investitsiyaning himoyachisi qaysidir hokim yoki vazir emas, faqat Konstitutsiya, qonun va sud bo‘ladi”, – dedi davlat rahbari.

Iqtisodiy yo‘nalishda esa eng muhim yangilik – 2023 yilda Jahon savdo tashkilotiga kirish bo‘yicha asosiy muzokaralar yakunlanadi. Davlatga qarashli mingtaga yaqin kompaniya xususiylashtirish maqsadida sotuvga chiqariladi. Tuman va shaharlar sharoitidan kelib chiqib 5 ta toifaga ajratiladi. Subsidiyalar va kompensatsiyalarning miqdori, kredit va soliq stavkalari hududning toifasiga qarab o‘zgaradi.

“Energetika sohasida bosqichma-bosqich erkin bozorga o‘tishimiz shart” — Shavkat Mirziyoyev

Davlat rahbarining parlamentga murojaati / Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident iqtisodiy yo‘nalishdagi yangiliklarni e’lon qilarkan, gaz qazib chiqarish uchun oldin berilgan hamma litsenziyalar qayta ko‘rib chiqilishini aytdi. Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning “Lukoyl”  kompaniyasi bilan O‘zbekistonda gaz qazib olish bo‘yicha tuzilgan shartnomada milliy manfaatlar inobatga olinmaganini Shavkat Mirziyoyev 2019 yildayoq aytgan edi.

Prezident energetika inqirozi masalasiga to‘xtalib, birinchi marta tariflarni tabaqalashtirish haqida gapirdi. Ya’ni muayyan limitdan ko‘proq gaz va elektr ishlatadigan badavlat qatlam bozor narxida to‘lashi kerak, chunki bu resurslar davlat budjetidan ajratiladigan subsidiya hisobiga arzon sotiladi.

“Ochiq aytish kerak, ko‘p iqtisodchilar energetika sohasida erkin bozorga o‘tishni taklif qilmoqda. Bu – to‘g‘ri yo‘l. Men ham buni xohlayman. Lekin, xalqimizning jon boshiga daromadi, ijtimoiy himoyasini o‘ylab, bu sohadagi islohotlarni shoshmasdan, bosqichma-bosqich qilishimiz kerak. Hozir bozor narxiga o‘tsak, odamlar to‘lay olmay qiynaladi.

Biz albatta erkin bozor tizimiga o‘tamiz, faqat bunda sharoiti og‘irlarga 2-3 yilga aniq subsidiya beramiz. Daromadi yaxshi, 3 ta saunasi, 20 ta televizori borlar xohlagancha olaversin, faqat bozor narxida olsin. Hozir daromadi yaxshi ham, daromadi yomon ham bir xil narxda olyapti, bu adolatsizlik.

Energetika sohasida erkin bozorga o‘tishimiz shart. Agar erkin bozorga o‘tmasak, bizga investor kelmaydi”, – dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev tabaqalashtirilgan tariflarga va umuman erkin bozorga o‘tish bosqichma-bosqich bo‘lishini ta’kidladi, lekin bu bosqichlarning muddatlariga aniqlik kiritmadi. Uning aytishicha, 2022 yilda qurilgan va 2023 yilda quriladigan yangi stansiyalar hisobiga, kelasi yili aholi xonadonlariga beriladigan elektr energiyasi 50 foizga, ya’ni 1,5 barobarga ko‘payadi.

Gaz masalasida esa, prezident zaxiralarni ko‘paytirish uchun geologiya-qidiruv ishlariga oid 10 yillik dastur qabul qilinishini aytdi.

Energiya tariflari masalasida bu hafta bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov ham gapirib o‘tdi. “Energetika tariflari bo‘yicha albatta ishlar olib borilyapti. Bu bo‘yicha nimadir qilish kerakligini hamma biladi. Shuni ishontirib aytishim kerakki, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami bu o‘zgarishlarni sezmaydi”, – dedi Qo‘chqorov parlamentdagi chiqishida.

Birlashtirilgan vazirliklar, mustaqilligini yo‘qotgan agentlik va qo‘mitalar

Vazirlar Mahkamasi / Foto: Kun.uz

Prezident parlamentga murojaat qilgan kuni ijro hokimiyati organlari sonini qisqartirish haqida farmon va qaror imzoladi. Shavkat Mirziyoyev bu orqali ixcham va samarali boshqaruv yo‘lga qo‘yilayotganini ta’kidladi. “Endi qo‘l boshqaruvidan aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga o‘tish vaqti keldi”, – dedi davlat rahbari.

“Yangi O‘zbekistonning ma’muriy islohotlari” deb atalgan o‘zgarishlar natijasida vazirliklar soni 25 tadan 21 taga kamaydi. Agentliklar, qo‘mitalar va inspeksiyalarning aksariyati saqlanib qoldi, lekin mustaqilligidan ayrilib, vazirliklar tarkibiga o‘tkazildi. Jami 9 ta agentlik va 3 ta idora yopildi.

Ayrim o‘zgarishlarni sanab o‘tamiz. Xalq ta’limi vazirligi va Maktabgacha ta’lim vazirligi birlashtirilib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tuzildi. Prezident ta’lim muassasalari agentligi ham shu vazirlik tuzilmasiga o‘tkazildi. Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi va Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tugatildi.

Oliy ta’lim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Oliy attestatsiya komissiyasi birlashtirilib, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tuzildi. Davlat test markazining nomi Bilim va malakalarni baholash agentligi deb o‘zgartirilib, yangi vazirlik tarkibiga kiritildi.

O‘zbekistondagi eng katta vazirliklardan biri bo‘lmish Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi ikkiga bo‘lindi. Uning bir qismi Moliya vazirligi bilan qo‘shilib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi paydo bo‘ldi. Soliq, bojxona, kadastr organlari va davlat zaxiralari qo‘mitasi shu vazirlik tarkibiga kirdi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining qolgan ikkinchi qismi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi birlashtirilib, shu uchalasining o‘rnida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tashkil etildi. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi shu vazirlik tarkibida bo‘ladi. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi tugatilib, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tarkibiga kirdi. Shu tariqa, professional ijtimoiy himoya organi tuzilmaydigan bo‘ldi.

E’tiborlisi, tugatilgan 12 ta agentlik va idoraning hammasi oxirgi 6 yilda ochilgan. Prezident bunga izoh berarkan, avvallari e’tibordan chetda qolib, “yo‘q bo‘lib ketish” arafasida turgan sohalarni “oyoqqa turg‘izish” uchun 6 yil davomida yangi vazirlik va idoralar ochishga to‘g‘ri kelganini aytdi. “Buni qilishga majbur edik, aks holda hozirgi yutuqlarimiz bo‘lmas edi”, – deb tushuntirdi davlat rahbari.

Barcha vazirliklarning shtatlari 30 foizgacha qisqartiriladi. Ayniqsa Vazirlar Mahkamasining shtatlari soni keskin qisqarib, 269 tadan 120 taga tushadi. Bosh vazir o‘rinbosarlari soni 8 tadan 4 taga tushirildi. Ularning orasida birinchi o‘rinbosar degan maqomdagisi bo‘lmaydi.

Shavkat Mirziyoyev vazirlarning prezident, parlament va jamoatchilik oldidagi javobgarligi keskin oshishini aytdi. Ularning buyruq va qarorlari ham E-qaror tizimi orqali qabul qilinadi va ochiq e’lon qilinadi. Hozir bu tizimni faqat hokimlar ishlatyapti. 1 aprelgacha hokimliklarda ham ma’muriy o‘zgarishlar bo‘ladi, ayrim respublika organlarining hududiy bo‘linmalari hokimliklar tuzilmasiga o‘tkaziladi.

Lavozimlar qisqarayotgan bo‘lsa-da, respublika darajasidagi amaldorlarga albatta ish topib beriladi: ular markazda ishlagan va tajriba orttirgan, bugungi siyosat va talablarni yaxshi tushunadigan kadr sifatida hududiy tashkilotlarga rahbarlik lavozimlariga tayinlanadi.

Budjet qonuni “yumaloq yostiq qilindi”

Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

Dushanba kuni deputatlar shoshib-pishib, keyingi yilgi davlat budjetini qabul qilgan edi. Unda tabiiyki qaysi vazirlik va idoraga qancha pul berilishi yozilgan. Lekin seshanba kuni prezident ma’muriy o‘zgarishlarni e’lon qilgach, shoshilinch qabul qilingan qonunni yana o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi.

Asosiy moliyaviy hujjatni hukumat parlamentga har yilgidan ham kechroq kiritgani sabab, deputatlar uni qonunda yozilganidek 1 oy emas, atigi 1 hafta muhokama qildi va rozilik berdi. Qayerga qancha pul ishlatish bo‘yicha jiddiy savol-javoblarni ko‘rmadik.

Bu voqealar fonida, parlamentning eng taniqli deputati Rasul Kusherbayev budjet qonuni bo‘yicha muhokamalarda unga so‘z berilmaganini aytib, deputatlik mandatini topshirishini ma’lum qildi.

“Parlamentga bunday munosabat bo‘layotganidan qattiq xafaman. Davlat rahbari qayta-qayta chiqishlarda takrorlayapti, lekin amalda boshqalarning munosabati o‘zgarmayapti, to‘g‘risi. Bunaqa joyda ishlash qiyin”, – deya o‘z qarorini izohladi Kusherbayev. Ko‘p o‘tmay internetda uning Prezident administratsiyasiga ishga olinishi haqida mish-mishlar tarqaldi.

Toshkent jamoat transporti: O‘zgarishlar sezilmoqda

Bahorgacha Toshkentning markaziy ko‘chalarida 475 kilometrlik avtobus yo‘laklari paydo bo‘ladi. / Foto: «Toshshahartransxizmat» matbuot xizmati

Prezident tanqididan keyin Toshkent shahrida avtobuslar intervali haqiqatan ham qisqargani sezildi. Prezident Navro‘zgacha poytaxt uchun mingta, boshqa hududlar uchun yana mingta avtobus olib kelish bo‘yicha topshiriq berdi. Toshkentdagi kichik sig‘imli avtobuslardan voz kechilishi, metrodagi tiqilinchlarni kamaytirish uchun yangi vagonlar olib kelinib, poyezdlarga beshinchi vagonlar ham ulanishi ma’lum qilindi.

Avtobuslar tirbandlikda turib qolmasligi uchun shaharning markaziy ko‘chalarida ular uchun alohida harakatlanish bo‘laklari tashkil etilyapti. Uzog‘i 2 oy ichida bunday bo‘laklarning umumiy uzunligi 475 kilometrga yetishi aytilmoqda. Avtobus bo‘lagida boshqa mashinalarning harakatlanishi 600 ming so‘m jarimaga sabab bo‘ladi. Qoidabuzarlik avtobuslarga o‘rnatilgan videoregistratorlar orqali avtomatik qayd etib boriladi.

“Toshshahartransxizmat” kompaniyasi raisining o‘rinbosari Abdujamil Azizovning aytishicha, transport vaziri Ilhom Mahkamov prezident topshiriqlaridan keyin haftasiga 4 marta jamoat transportidan foydalanishni boshlagan. Internetda odamlar boshqa bir nechta amaldorlar ham avtobuslarda ko‘rinish berayotgani haqida yozyapti. Bu tendensiya vaqtincha emas, davomli bo‘lishiga umid qilib qolamiz.

O‘zbekiston va Qozog‘iston – endi rasman ittifoqchi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Butun Markaziy Osiyo uchun katta xushxabar. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘zaro munosabatlarini ittifoqchilik darajasiga ko‘tardi. Ittifoqchilik – bu strategik sheriklikdan keyingi, davlatlararo munosabatlarning eng yuqori bosqichi hisoblanadi.

Bu haqdagi shartnoma Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning Toshkentga davlat tashrifi vaqtida imzolandi. Shunisi e’tiborliki, shartnomaning 20-moddasida ikki davlat 7 ta xalqaro tashkilot doirasida hamkorligini kuchaytirishi yozilgan va bu ro‘yxatda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi eng oxirgi bo‘lib ko‘rsatilgani ko‘p narsadan darak beradi. “Zamon xatarlari oldida yelkama-yelka turishga tayyorligimizni tasdiqladik”, – deya yangi shartnomaga izoh berdi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentlar o‘zaro chegarani demarkatsiya qilish haqidagi kelishuvni ham imzoladi, shu tariqa Qozog‘iston bilan chegara masalasiga qog‘ozda ham, amalda ham nuqta qo‘yildi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston yaqinda Qirg‘iziston bilan, undan avval Tojikiston bilan chegaralar delimitatsiyasi bo‘yicha yakuniy kelishuvlarga erishgan edi.

To‘qayevning tashrifi vaqtida 15 ta hujjat imzolandi. Ulardan biriga ko‘ra, O‘zbekiston 2023 yilda Qozog‘istondan 300 ming tonna neft import qiladi; bundan tashqari, xuddi shuncha miqdordagi Rossiya neftini Qozog‘iston O‘zbekistonga tranzit qilib beradi. “O‘zbekneftgaz” benzin narxi yana tushishi haqidagi mish-mishlarni rad etdi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Foto: Kun.uz

Samarqandda kamida 15 nafar bola aptekada sotilayotgan dori sababli vafot etgan bo‘lishi mumkinligi ko‘pchilikni larzaga soldi. O‘tkir buyruq yetishmovchiligidan vafot etgan bu bolalarning hammasi “Dok-1MAKS” degan dorini ichgan. Viloyat bolalar kasalxonasi bu haqda xabar berganidan keyin, preparatning O‘zbekistondagi sotuvi to‘xtatildi, o‘rganish ishlari boshlandi. Bu dorini ichganidan keyin bolalarning ahvoli og‘irlashishi Toshkentda ham kuzatilgan. Huquq organlari bu borada munosabat bildirishga shoshilmayapti.

26 dekabr, dushanbadan boshlab 1000 so‘mlik tangalar muomalaga chiqariladi. Tangaga Toshkentda qurilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazining surati tushirilgan. Tanga pullar bilan birga, ming so‘mlik qog‘oz banknota ham amal qilishda davom etadi.

Toshkent aholisi yana bitta bog‘ini quruvchilardan qutqarib qolishga majbur bo‘ldi. Mirzo Ulug‘bek tumani Alpomish mahallasidagi oydekkina bog‘ning 40 sotixini shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev qurilish qilish uchun tadbirkorga berib yuborgan. Kun.uz'ning bu haqdagi reportajidan keyin, hokimlik bog‘da qurilish bo‘lmasligini bildirdi. Lekin bu bayonot bilan ish bitmaydi. Hozir hokimda o‘z qarorini bekor qilish vakolati yo‘q. Demak, tadbirkor bilan tushuntirish ishlari olib borishga to‘g‘ri keladi.

Jamoatchilik bog‘dan tashqari yana uchta ijtimoiy obektni saqlab qoldi. Respublika onkologiya markazi va uning ikkita filiali faollarning e’tirozidan so‘ng to‘xtatildi. Afsuski, Toshkent aholisi bir necha yillardan beri bog‘larini, shifoxonalarini saqlab qolish uchun amaldorlar bilan kurashib yashashga majbur bo‘lyapti.

Elektromobillarni ommalashtirish bo‘yicha prezident qarori e’lon qilindi. Hujjatda elektromobillar ishlab chiqarish, import qilish, quvvatlovchi stansiyalar o‘rnatish, davlat organlaridagi mashinalarni elektromobilga o‘tkazish kabi ko‘plab choralar yozilgan. Lekin iqtisodchilar bu qarordan xursand emas. Ular bir necha yildan keyin aholimiz xuddi UzAuto Motors mashinalariga yillab navbatda turgandek, o‘zimizda ishlab chiqarilgan elektromobillarga ham navbatda turishi mumkinligidan ogohlantiryapti.

Keyingi yangilik ham UzAuto haqida. Kompaniya chet davlatlarda avtomobillarini arzonroq sotishi uchun o‘zbekistonlik soliq to‘lovchilar, ya’ni siz va biz unga subsidiya to‘layapmiz. UzAuto eksport qiladigan davlatlardagi utilizatsiya yig‘imi uchun 2022 yilda davlat budjetidan ajratilgan 100 mlrd so‘mga qo‘shimcha, yana 225 mlrd so‘m beriladi. Deputat Doniyor G‘aniyevdan boshqa hamma deputatlar bu masalaga indamasdan rozilik berdi.

Top