Xavfli Toshkent, ochilgan metan va namoyishchilarga hukm - hafta dayjesti
Toshkent – bolalar uchun xavfli shahar. Har besh kunda bitta bola YTHga uchrab yo yaralanadi, yo o‘ladi. Shahar bolalar uchun xavfsiz emasligini, 12 yashar qizaloq zo‘rlab o‘ldirilganidan keyin, davlat ham tan oldi, lekin amaliy choralar paysalga solinyapti. O‘tgan haftaning shu va boshqa asosiy mavzulari – Kun.uz dayjestida.
Bog‘chalarda oyliklar maktablarniki bilan tenglashtiriladi
2023 yilda bog‘cha xodimlarining maoshi oshiriladi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining rasman ma’lum qilishicha, yil oxirigacha bog‘chalarda ishlayotgan pedagoglarning maoshlari maktab o‘qituvchilarining maoshlariga tenglashtiriladi. Bog‘chalar direktorlari ham maktablar direktorlari bilan teng maosh oladigan bo‘ladi.
Bundan tashqari, tarbiyachining yordamchisi lavozimida ishlovchilarning oyligi 70 foizga ko‘tariladi, oshxona va buxgalteriya xodimlariga esa 100 foiz ustama to‘lanadi.
Qiziq yangiliklardan yana biri – bog‘chalarda biometrik identifikatsiya paydo bo‘ladi. Ya’ni barmoq izi yoki Face-ID orqali xodimlar va bolalarning davomati yuritiladi. Bu birinchi navbatda bog‘chalarda aslida ishlamaydigan, lekin hujjatlarda nomiga oylik yoziladigan xodimlarga qarshi kurashish uchun kerak. Xabaringiz bo‘lsa, bunaqa korrupsiyaviy holatlar davlat bog‘chalarida juda keng yoyilgan. Bir necha yil oldin maktabgacha ta’limdagi noqonuniy xarajatlarning salkam 30 foizi ana shu “o‘lik jonlar” hisobiga to‘g‘ri kelardi.
O‘g‘rilikni kamaytirishga harakat qilish bilan birga, buning sabablaridan biri bo‘lmish oyliklar ham oshirilayotgani ijobiy holat. Lekin umumiy olib qaraganda, ta’lim sohasi haligacha oyliklar eng past sohalar qatorida qolyapti. Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2022 yilda ta’lim sohasidagi o‘rtacha oylik 2 mln 700 ming so‘m bo‘lgan. Tibbiyotda esa 2 mln 600 ming so‘m. Bu – faoliyat turlari kesimidagi eng yomon ko‘rsatkichlar. Pedagoglar va shifokorlarning o‘rtacha oyligi hatto respublika bo‘yicha o‘rtacha oylik – 3 mln 900 ming so‘mga ham yetmaydi. Taqqoslash uchun, o‘tgan yili savdo sohasi vakillarining o‘rtacha oyligi 3 mln 900 ming so‘m, qurilish sohasi xodimlarida 4 mln 700 ming so‘m, sanoat korxonalarida ishlovchilarda 4 mln 900 ming so‘m bo‘lgan.
O‘tgan yilgi davlat dasturiga asosan, avgust-sentabr oylariga qadar malakali tibbiyot xodimlari va o‘qituvchilarning maoshini bosqichma-bosqich ming dollarga yetkazish bo‘yicha hujjatlar loyihalari ishlab chiqilishi kerak edi. Prezident farmonidagi bu talab bajarilganmi-yo‘qmi, bizga ma’lum emas. 2023 yilgi davlat dasturi loyihasidan esa hali darak yo‘q. Fevral oyi boshlanganiga qaramay, loyiha hozircha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmadi.
Qishga tayyorgarlik: Quyosh panellari, yangi quvvatlar va bazalt qoplamalar
Agar uyingizga quyosh panellari o‘rnatsangiz, xarajatlarning bir qismini davlat budjetdan kompensatsiya qilib berishini eshitgan bo‘lsa kerak. Shu hafta uy egalarini muqobil energiyaga o‘tishini rag‘batlantirish uchun yangi chora e’lon qilindi: agar panel o‘rnatib, o‘z iste’molingizdan ortib qolgan elektr energiyasini davlatga sotsangiz, davlat energiyaning har bir kilovatti uchun hozirgidek 295 so‘mdan emas, 1000 so‘mdan to‘lay boshlaydi. Bu tartib 2023 yilda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida joriy etiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev vodiyga safari davomida Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarining energiya ta’minotini yaxshilash bo‘yicha shu va boshqa rejalarni e’lon qildi. Rejalarning aksariyati yashil energetikaga taalluqli. Ijtimoiy soha obektlarida quyosh energiyasidan foydalanish uchun alohida kompaniya tashkil etilib, unga 200 mln dollar beriladi. Kompaniya quyosh panellari va suv isitish qurilmalarini o‘zi o‘rnatadi va yashil energiyani budjet tashkilotiga 800 so‘mdan sotadi.
Bundan tashqari, vodiydagi yirik korxonalarga o‘zining elektr bo‘yicha ehtiyojini 100 foiz o‘zi ta’minlash vazifasi qo‘yiladi. Zavod va fabrikalarda quyosh panellari o‘rnatish va kichik stansiyalar qurish uchun xalqaro tashkilotlardan 2 mlrd dollar olish rejalashtirilyapti. Uchta viloyatda jami 160 megavattli quyosh panellari o‘rnatilishi, bundan tashqari tadbirkorlar ishtirokida 100 ta mikro GES qurilishi ham ma’lum qilindi. Bu yil Pop va Farg‘ona tumanlarida 600 megavattli 2 ta quyosh stansiyasi tashkil etiladi.
Energetika vazirligiga ko‘ra, yil oxirigacha salkam 3 gigavatt quvvatga yangi elektr stansiyalari ishga tushadi. Bu – 2022 yilga nisbatan ikki barobarga ko‘p. Shu tariqa, O‘zbekiston energetika tarmog‘ining quvvati 4 yil ichida salkam 6,5 gigavatga oshadi. Taqqoslash uchun, 1991 yildan 2017 yilgacha ishga tushirilgan quvvatlarning jami yig‘indisi bundan 2 barobar kam – 3,3 gigavatt bo‘lgan.
Shavkat Mirziyoyev vodiyga safari davomida aytishicha, So‘x tumanidagi yerosti gaz omborini qayta ishga tushirish bo‘yicha o‘rganish ishlari boshlangan. Prezident qattiq sovuqdan qiyinchilik ko‘rgan tadbirkorlarga yengilliklar berilishini ma’lum qildi.
Toshkentda esa ko‘p qavatli uylar fasadiga bazalt qoplab chiqish ishlari boshlandi. Bu ishlar doirasida uylarning kommunikatsiya tarmoqlarini ham yangilash ko‘zda tutilgan. Avvalroq xabar berganimizdek, nafaqat Toshkentdagi, umuman respublika bo‘yicha 1991 yilgacha qurilgan ko‘p qavatli uylarning hammasini issiqni yaxshi saqlaydigan izolyatsion material bilan qoplab chiqish ko‘zda tutilgan.
Metan shoxobchalar 2 oy deganda ochildi
O‘zbekiston Rossiyadan AI-80 benzinini import qila boshladi. Rossiyaning o‘zida bu markadagi benzinni ishlab chiqarish allaqachon to‘xtatilgan. “Gazprom”, “Tatneft” kabi korxonalar mahsulotni buyurtma asosida, O‘zbekiston uchun ishlab chiqarayotgani aytilmoqda. Shoxobchalarda bu import benzin 6200 so‘mdan sotilyapti.
Kunlar ancha ilib qolishi ortidan, gaz quyish shoxobchalari ham ochila boshladi. Shoxobchalar hali ochilmay turib, ular oldida uzundan uzun navbatlar paydo bo‘ldi. Cheklov eng uzoq davom etgan Toshkent shahridagi metan-shoxobchalar 3 fevraldan faoliyatini tikladi. Shahardagi 35 ta stansiyadan 31 tasi ertalabki soat 7 dan kechki 7 gacha, qolgan to‘rttasi kechki va tungi vaqtlarda ishlayapti.
Juma kuni berilgan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, avtomobillarga gaz to‘ldirish stansiyalariga beriladigan kunlik gaz miqdori 1 mln kubometrdan bir hafta ichida 5 mln kubometrga yetkaziladi. Lekin bu ularning to‘la quvvatda ishlay boshlashini anglatmaydi. Cheklovlar kiritilmasidan oldin, shoxobchalar 24 soat ishlagan vaqtlarda metan-shoxobchalarga kuniga kamida 7 mln kubometr gaz berilgan.
“O‘zgidromet” prognoziga ko‘ra, fevral oyida minus haroratli kunlar kam bo‘lishi kutilyapti.
Yangihayotdagi fojia
Bu hafta Toshkentning Yangihayot tumanida 12 yashar qizning murdasi zo‘rlik va qotillik alomatlari bilan topilgani ko‘pchilikni larzaga soldi. Qizaloq maktabdan qaytayotgan paytda yo‘qolib qolgan. Uni kun bo‘yi izlashganidan keyin, kechqurun o‘z uyi yaqinidagi ariqdan jasadi topilgan.
Qotillikda gumonlanuvchi sifatida 29 yoshli erkak qo‘lga olingan. U shu mahallada yashaydi, o‘tgan yili yozda qizcha yashagan uyda ustachilik qilgan. Internetda tarqalgan videolarda qizaloq dugonasi bilan maktabdan qaytayotgani, ularning orqasidan bir erkak ergashib yurgani ko‘rinadi.
Fojiadan keyin mahalladagi odamlar bolasini ko‘chaga chiqarishga qo‘rqib qoldi. Bu voqea “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi haqidagi va’dalarni va buning uchun budjetdan ajratilgan pullarni muhokama markaziga chiqardi. Aytishlaricha, qotillik ro‘y bergan mahallaga o‘rnatilgan kameralar ishlamaydi. Gumondorni topishda asosiy ma’lumotlar odamlar o‘z uyiga o‘rnatgan kameralar orqali olingan.
Qator faollar O‘zbekistonda ham pedofillarga nisbatan kimyoviy kastratsiyani qo‘llash kerakligini aytmoqda. Bunaqa jazo turiga hatto Qozog‘istonda ham allaqachon ruxsat berilgan. Nafaqat kastratsiya, balki bunday jinoyatlarda aybdor deb topilgan odamlarning ochiq reyestri bo‘lishi, ichki ishlar idoralarida va bolalar bilan ishlaydigan hamma muassasalarda ularning suratlari ilib qo‘yilishi kerak.
Bu voqeadan atigi bir necha kun oldin bolalarga qarshi jinsiy zo‘ravonlik jinoyatlari uchun jazoni og‘irlashtirish bo‘yicha jamoatchilik takliflari inobatga olinmagani ma’lum bo‘lgandi. Toshkent shahar Oila va xotin-qizlar boshqarmasi bergan bayonot esa hammasidan oshib tushdi: boshqarma Yangihayotdagi voqea munosabati bilan ota-onalarga murojaat bilan chiqib, ulardan bolalarini maktabga o‘zlari olib borib, o‘zlari olib kelishni so‘radi. Davlat organining bunaqa iltimosi – “biz bolangizning maktabga xavfsiz borib-kelishiga kafolat bera olmaymiz”, deyish bilan teng. Bayonotda bunaqa jinoyatlarning oldini olish choralari ko‘rilishi haqida bir og‘iz ham gap yo‘q.
Aslini olganda, bunaqa murojaatsiz ham ko‘p ota-onalar shundog‘am bolasini maktabga o‘zi olib boradi. Bunday qilolmayotgan ota-onalar ham bolasining maktabdan sog‘-omon qaytishidan xavotirda yashaydi. Chunki piyoda yurmaydigan amaldorlarning sharofati bilan shahar ko‘chalari o‘lim yo‘llariga aylanib bo‘lgan. Raqamlar o‘ta darajada dahshatli. Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2022 yilda Toshkentda o‘rtacha har 5 kunda bitta bola avtohalokatga uchrab, yo jarohatlangan, yoki hayotdan ko‘z yumgan.
Rasmiylar bu raqamlar uchun, bu fojialar uchun mas’uliyatni sezmayotgandek. “Xavfsiz shahar” bo‘ladi deb budjet puliga o‘rnatilgan kameralar to‘liq ishlamayapti, zo‘ravonlik uchun jazoni qat’iylashtirish haqidagi takliflar rad qilinyapti, ashaddiy qoidabuzar haydovchilarga jarima ballari qayta-qayta kechiktirilyapti... va mana endi ochiqchasiga aytilyapti: Bolang maktabdan sog‘lom qaytishini xohlasang, unda o‘zing yonida yur!
Nukus voqealari bo‘yicha hukm: Tajimuratovga 16 yil, Qallixanovaga ozodlik
Nukus voqealari bo‘yicha birinchi jinoyat ishi yuzasidan sud jarayonlari yakuniga yetdi. 2 oy davom etgan sud yakunida 22 nafar sudlanuvchining hammasi aybdor deb topildi. Namoyishlarning asosiy tashkilotchisi bo‘lgan Dauletmurat Tajimuratov 16 yilga qamaldi. Jurnalist Lolagul Qallixanova 8 yilga ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa-da, sud jazoni 3 yillik sinov muddati bilan shartli deb belgiladi. Ya’ni u va yana bir sudlanuvchi sud zalidan ozodlikka chiqarildi.
“O‘sha vaqtda menda ruhiy portlash sodir bo‘lgan. Xorijdagi qoraqalpoqlar bilan aloqada bo‘lmaganman, faqat botga yozganlar bilan gaplashgan bo‘lishim mumkin, ammo uzoq muddat muloqot qilmaganman. Qamaladigan ikki kishi bo‘lsa, biri Tajimuratov, biri men bo‘lishim kerak edi. Qolganlarga rahmim kelyapti. U bilan ikkovimiz teppa-teng aybdormiz. Ikkalamiz bir xil xato qildik. Aslida biz jazolanishimiz kerak”, – dedi suddan keyin hamkasblariga intervyu bergan Qallixanova.
Jami 22 sudlanuvchining 16 nafari turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi, 4 nafariga ozodlikni cheklash jazosi berildi. Yana 2 sudlanuvchi shartli ravishda ozodlikdan mahrum qilindi.
Nukus voqealarida ayblanayotgan yana 39 kishi ustidan sud 6 fevralda boshlanadi.
Jamoat transporti “plan”dan ozod bo‘ladi
O‘zbekistondagi shaharlarning og‘riqli muammosi – jamoat transportiga nihoyat faqat Toshkent emas, butun respublika miqyosida e’tibor qaratildi. Seshanba kuni prezident faqat shu masala yuzasidan alohida yig‘ilish o‘tkazdi. Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda jamoat transportini “o‘zgarishlardan orqada qolib ketgan soha” deb atadi.
Asosiy yangiliklardan biri – jamoat transportida kunlik tushum bo‘yicha «planni to‘ldirish» degan narsa bekor qilinadi. Prezident avtobuslarning ko‘pi ertalab soat 8dan kechqurungi 7 gacha harakatlanishi, qolgan paytlarda odamlar bekatda uzoq kutishga yoki taksida yurishga majbur bo‘layotganini tanqid qildi.
Hozir faqat oylik yo‘l chiptalari bor. Endilikda yillik, choraklik, kunlik va hatto soatlik yo‘l chiptalari ham paydo bo‘ladi. 1 iyulgacha hamma viloyat markazlarining Transport bosh rejasi tayyor bo‘lishi kerak. Hamma hokimlarga o‘z hududidagi transport infratuzilmasini yaxshilash va bekatlarni tartibga keltirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Shuningdek, transport korxonalariga davlat tomonidan mablag‘ ajratishda avtobusning yurgan masofasi va xizmat sifati asosiy mezon bo‘ladi. Xizmat sifatiga avtobusdagi qulayliklar va sanitar holat, kech qolmasdan bekatga yetib kelishiga qarab baho beriladi. Avtobus parkini yangilash uchun tadbirkorlarni rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yiladi.
Yana bir yaxshi yangilik: Toshkentda avtobuslar uchun alohida yo‘lagi bor ko‘chalar soni 73 taga yetadi. Natijada avtobuslarning o‘rtacha tezligi 1,5 baravar oshishi, bekatda ko‘p kutib qolish degan narsa tarixga aylanishi aytilyapti.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Telefonidan diniy qo‘shiq topilgan yigit 5 yilga qamaldi. 21 yoshli Sardor Rahmonqulov 3 yil oldin sinfdoshiga Telegram orqali diniy qo‘shiq (nashida) yuborgan. Material 2022 yil 5 iyunda fuqaroning uyida IIB xodimlari o‘tkazgan tintuv paytida aniqlangan. Tergov vaqtida 6 oydan ko‘proq qamoqda o‘tirgan Rahmonqulovga 30 yanvarda sud hukmi o‘qildi. Uning onasi o‘g‘liga nisbatan qiynoq qo‘llanganini aytmoqda.
Humo nomli milliy messenjer uchun obuna pulli ekani ma’lum bo‘ldi. Abonent to‘lovi davlat tashkilotlarida ishlovchi xodimlar uchun oyiga 25 ming so‘m deb belgilangan. Lekin qizig‘i, pul keltiradigan bu dastur yangi emas: Telegram'ning ochiq kodlaridan foydalanib yaratilgan, Telegram bazasida ishlaydi va Telegram bilan funksionali bir xil. Milliy messenjerni ishlab chiqish uchun hech qanaqa tendersiz “Unicon-Soft” kompaniyasi tanlangan. Raqamlashtirish vazirligi bu ilova axborot xavfsizligi uchun kerakligini aytyapti.
O‘zbekiston demokratiya indeksida 149-o‘rinni egalladi. The Economist'ning nufuzli reytingida O‘zbekistonning o‘rni bitta pog‘onaga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, ko‘rsatkichlar uch yildan beri o‘zgarmayapti. Transparency International'ning Korrupsiyani qabul qilish indeksida esa O‘zbekistonning o‘rni 14 ta pog‘onaga yaxshilangan: 180 ta davlat orasida 126-o‘rin. Ayni paytda, Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yilda jinoyat sodir etgan amaldorlar soni 11 foizga oshib, 3116 nafarga yetgan. Ularning 110 nafari – respublika miqyosidagi mansabdorlardir.
Sobiq deputat Rasul Kusherbayev tabiat resurslari vazirining maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. O‘zining aytishicha, unga bu lavozimni Prezident administratsiyasi taklif qilgan. Eslatib o‘tamiz, Ekologiya qo‘mitasi negizida tashkil etilgan Tabiat resurslari vazirligini Aziz Abduhakimov boshqaryapti. Hafta davomida, shuningdek, bir qator vazirlarga o‘rinbosarlar, qo‘mita va agentliklarga rahbarlar tayinlandi. Jahongir Ortiqxo‘jayevning senatorlik vakolati tugatildi.
Mavzuga oid
23:47 / 26.11.2024
Toshkentda yuk mashinasi bilan to‘qnashgan Isuzu haydovchisi halok bo‘ldi
21:14 / 26.11.2024
Toshkentda harakatlanib ketayotgan mashinalar ustiga daraxt shoxi quladi
21:02 / 26.11.2024
Toshkent shahridagi ayrim avtobuslar harakati yo‘nalishi vaqtincha o‘zgartiriladi
22:20 / 25.11.2024